Everest o`lim tog`i...mi?
1996-yilning 11-mayida yer sharining eng baland nuqtasi bo`lmish Everestni zabt etishga ahd qilgan 8
nafar alpinist halok bo`lgan.
Tahlilchilarning
so`zlariga qaraganda, 1996-yil davomida dengiz sathidan 8 ming 848 metr balandlikda
bo`lgan mahalliy aholi tomonidan Jomolungma deb ataluvchi Everestga chiqmoqchi bo`lgan
15 kishi halok bo`lgan. O`sha yilning 10-may kuni bir vaqtning o`zida ikkita ekspeditsiya
— "Tog` telbaligi” (Mountain Madness) va "Sarguzashtlar bo`yicha maslahatchilar”
(Adventure Consultants) 8 kilometrlik balandlikka yo`l olishdi. Har ikki ekspeditsiya tarkibida umumiy hisobda 30 kishi
bor edi. Ulardan olti nafari tajribali alpinist-gid bo`lib, 8 nafari
mahaliy sherp elati vakillari, 16 nafari esa sayyohlar edi. Mahalliy sherp
elati vakillarining yaxshi tayyorgarlik ko`rmagani bois har ikki guruh oqshom tushishi
bilan yarim yo`lda to`xtashga majbur bo`ldi. Kuchli bo`ronning boshlanishi oqibatida ekspeditsiya
a`zolarining ayrimlari yo`ldan adashib qoladi. Ekspeditsiya a`zolaridan biri
noqulay ob-xavo sharoiti tufayli tepalikda qolib ketganlarini o`z xolicha qidirishga bel
bog`laydi. U uch kishini topishga muvaffaq bo`ldi. Keyinchalik olti kishining
jasadi topildi. Ammo ikki nafar alpinistning jasadi topilmaydi.
Ilk bor Everest
1953-yilda zabt etilgan. Shundan beri tog` yuzlab alpinistlarning umriga zomin
bo`ldi. Shu sababli ham mahalliy aholi Everestni o`lim tog`i deb atashadi. 1953-yildan shu kunga qadar cho`qqiga chiqish maqsadida yo`lga otlangan
200 dan ortiq kishi halok bo`ldi. Shunga qaramay har yili Everest tomon o`rtacha 500 kishi yo`l oladi.
2014-yilgi ma`lumotlarga ko`ra shu kunga qadar 4042 alpinist cho`qqiga ko`tarila
olgan. Shundan 2829 nafari Everestga bir necha bor chiqqan. Cho`qqiga asosan bahor va kuz oylarida
chiqiladi.
Shu yilning
11 may kuni sherp elatining vakili Sherra Gialgen (Sherra Gyalgen) Nepalda 2015-yil 25-aprelda yuz bergan kuchli 7,9 magnitudaga teng zilziladan keyin ilk bor
Everest cho`qqisiga chiqdi. (O`sha yili yuz bergan zilzilalar oqibatida 9 ming
kishi halok bo`lib, 22 mingdan ortiq kishi jarohat olgan edi). Bu xaqda Nepal tog` turizmi uyushmasi
ma`lum qildi. Bundan avval yaponiyalik alpinist Nobukazu Kuriki cho`qqiga chiqmoqchi edi, ammo
uning urinishlari samarasiz yakunlandi.
Xitoy va Nepal
xududlarida joylashgan Everest uch burchakli piramidani eslatadi. Jomolungma Nepal
Sagarmatxa milliy bog`ining tarkibiy qismi hisoblanadi. Tog` cho`qqisida soniyada 55 metrga teng kuchli
shamol esib turadi. Tibet tilidan tarjima qilinadigan bo`lsa "Jomolungma”
"Shamollar hukmdori (jomo hukmdor), (rlung shamol) degan ma`noni anglatadi.
Uning boshqa "Jomo Kang Kar” degan nomi ham bor. Buning ma`nosi
(jo-mo-gangs-dkar - "oq qorlar hukmdori” degan ma`noni anglatadi. Inglizlar
cho`qqini 1830-43-yillarda Britaniya Hindistoni geodeziya xizmatiga rahbarlik qilgan Jorj Everest
(George Everest, 1790—1866) nomi bilan atashadi. Bu boradagi taklif 1856-yilda Jorj
Everestning merosxo`ri Endryu Vo (Andrew Waugh, 1810-1878) tomonidan ilgari
surilgan edi. U o`z xodimi hindistonlik matematik va topograf
Radxanat Sikdarning 1852 yilda "XV cho`qqisi”ni tadqiq qilib, nafaqat mintaqada, balki butun
dunyoda eng baland ekanini isbotlab berganidan keyin cho`qqiga Everst nomini
berish kerak degan taklif bilan chiqdi. Oradan yuz yil o`tib, ya`ni 1950-yillarda hindistonlik
topograflar zamonaviy texnologiyalar bilan Jomolungma cho`qqisini o`lchab
chiqishdi. 1975-yilda esa xitoylik olimlar cho`qqi balandligini o`lchashdi. 1998-yilda
Amerika ekspeditsiyasi GPS yordamida cho`qqining balandligi 8 ming 850 metrga
teng ekanligini aniqlashdi. Shu tariqa cho`qqi XIX asrda belgilanganidan 11 metr baland
bo`lib chiqdi. Italiyalik geolog Ardito Dezio zamonaviy radioapparaturalardan foydalagan
holda cho`qqi balandligini o`rganar ekan, 8 ming 872,5 metr ekanligi borasida bayonot
berdi. Biroq hozircha Amerikalik va italiyalik olimlarning fikri rasman
tan olinganicha yo`q.
2005-yilda
Xitoy davlat geodeziya va kartografiya boshqarmasi yangi ma`lumotlarni e`lon
qildi. Unga ko`ra, Jomolungma balandligi dengiz sathidan 8 ming
844,43 metr yuqorida ekani aytiladi. 2010-yilning 8-aprelida cho`qqining balandligi
rasman dengiz sathidan 8 ming 848 metrbalandlikda deb e`lon qilindi.
Nepalda 2015-yilda yuz bergan yer qimirlashlaridan keyin UNAVCO notijorat geofizika tadqiqotlari konsorsiumi
Jomolungmaning balandligi 2,54 santimetrga pasayganini ma`lum
qildi.
1975-yilning
bahor faslida Everestga ilk bor ayollar ekspeditsiyasi ko`tarila boshladi. Jomolungmani
zabt etgan birinchi ayol sifatida yaponiyalik alpinist Dzyunko Tabey tan olinadi.
Yevropaliklar orasida esa polshalik ayol Vanda Rutkevich 1978-yilda
cho`qqini zabt etdi.
Alpinistlar
Everestga odatga ko`ra, kislorod niqobini taqib olgan xolda chiqishadi. 2013-yilning 23-may kuni
cho`qqiga chiqqan 80 yoshli yaponiyalik Yuitiro Miura Everestni zabt etgan eng keksa
kishi sifatida tan olinadi. 2014-yilning 24-mayida hindistonlik
13 yoshli Purna Malavatx cho`qqiga chiqishga muvaffaq bo`ladi.
Sharofidin TO`LAGANOV
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.