Imtihonda hayajonlanganda nima qilish kerak? Abituriyentlarga zarur maslahat 

5 614

Katta ishlar oldidan hayajonlanish hammamizga tanish tuyg`u. Yoshlarimiz ana shunday katta hayajon bo’sag`asida turibdi. Test sinovi oldidan ko’p yoshlarni kuchli hayajon bosadi, ularga qo’rquv va ikkilanish ba’zan xalal berishi mumkin. Bunda o’z-o’zidan mutaxassis maslahati va yo’l-yo’riqlariga muhtoj bo’lamiz. Psixolog ­Nargiza ­G`ULOMOVAning tavsiyalari bu borada abituriyentlarga asqatishi aniq.

Amal qilish zarur
— Hayajonning asosiy sababi sinov yoki savollardan bexabarlik va tayyorgarlikning yo’qligidir, — deydi psixolog. — Uni yengishning esa bir necha qoidalari mavjud. Xususan:
Puxta tayyorgarlik — muvaffaqiyat garovi. Shuning uchun qaysi fandan imtihon topshirmoqchi bo’lsangiz, mavzularni yaxshilab o’qing. O’z kuchiga, bilimiga ishonch hayajon va qo’rquvni bartaraf etadi. Atrofdagi gap-so’zlarga umuman ahamiyat bermang.
O’ziga ishonch — katta kuch. Bu qobiliyatni mehnatingiz bilan yanada rivojlantirgan bo’lsangiz, bilingki, g`alaba siz tarafda.

Sinov oldidan to’yib uxlab oling. Toza havoda sayr qilish ham juda foydali. Bu organizmning ruhiy va jismoniy holatini yaxshilaydi.

Iste’mol qilayotgan mahsulotlaringiz uglevod va oqsillarga boy bo’lishi kerak. Ko’proq tvorog, sabzavotli sho’rva, baliq, tovuq go’shti, tuxum iste’mol qilish foydali. Ular sizga tetiklik va kuch bag`ishlaydi. Bu vaqtda turli donli mahsulotlardan tayyorlangan bo’tqalar ham foydali. Imtihon oldidan shokolad bo’lakchasini iste’mol qilishni unutmang. U antidepressant bo’lib, miyaning faol ishlashida yordam beradi.

Bu ham muhim!
Qulay kiyinish juda muhim. Imtihon kuni tanangizda erkin turuvchi, tabiiy matodan tikilgan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Tor, juda kalta, ochiq-sochiq, sintetik matoli, to’q rangli kiyimlardan voz kechgan ma’qul. Qulay oyoq kiyim tanlashga ham ahamiyat bering.

Imtihondan bir kun oldin umuman kitob o’qimang, dars tayyorlamang. Bundan foyda yo’q. Undan ko’ra, toza havoda sayr qiling, sevimli mashg`ulotlaringiz bilan shug`ullaning. Bu xotiradagi ma’lumotlarning yaxshi saqlanishiga yordam beradi.

Ayrim abituriyentlar kunduzi dam olib, kechasi dars tayyorlashni afzal ko’radi. Bu noto’g`ri usul. Kechki to’laqonli uyqu kunduzgi ma’lumotlarni miyada yaxshi saqlanishiga yordam beradi. To’yib uxlamaslik parishonxotirlikka olib keladi.

Og`zaki imtihonlar oldidan tay­yorgarlik ko’ring. Jarayonni tasavvur qiling va biror bir mavzuda ovoz chiqarib gapiring. Bu nutq ravonligiga, tutilib qolmaslikka yordam beradi.
Imtihon kuni hayajoningiz kuchli bo’lsa, nafas mashqini bajarsangiz ham bo’ladi. Bu juda oddiy: chuqur nafas oling, bir necha soniya nafasni ushlab turing, keyin asta-sekin chiqaring. Buni bir necha marotaba takrorlang. Keyin bor diqqatingizni nafasga qarating. Bu mashq miyadagi keraksiz axborotlarni chiqarib tashlashga yordam beradi.

Imtihondan bir necha soat oldin musiqa tinglash ham stressni yengib, kayfiyatni ko’tarishga yordam beradi. Faqat musiqa shovqinlardan xoli, yoqimli, sokin bo’lsin.
O’ylaymizki, yuqoridagi tavsiyalarimiz sizga imtihonlarda asqatadi. Omad yor bo’lsin!
Feruza FUZAYLOVA yozib oldi.
od-press.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.