Harbiy xizmatni o‘taganlarga qancha qo‘shimcha ball beriladi?


O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining qarori bilan qabul qilingan "Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy talim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda Vatan oldidagi muqaddas burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirishda olajak imtiyozlari borasida bir qancha tartib qoidalar belgilab berildi.

KIM TOMONIDAN BERILADI?
Tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan, zarur bilim darajasiga va namunali harbiy intizomga ega munosib harbiy xizmatchilarga harbiy qism komandirlari tomonidan beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashda respublikaning barcha oliy talim muassasalariga kirishda to‘plash mumkin bo`lgan maksimal ballarning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi. Bu esa 61,2 ball degani.

TAVSIYANOMA OLISH UCHUN...
Muddatli harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi qaror harbiy qism komandiri tomonidan ushbu harbiy xizmatchining bevosita komandirlari taqdim etgan taqdimnoma va muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan qarorga asosan qabul qilinadi. Bunda, muddatli harbiy xizmatchining xizmat davridagi harbiy intizomi, jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik davomida erishgan natijalari hamda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirilishiga oid yakuniy baholarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan test sinovlarining natijalari inobatga olinadi.

Harbiy qism komandirlari muddatli harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berish yuzasidan xolisona qaror qabul qilinishi uchun shaxsan javobgar bo`ladi.

Har bir harbiy qismda harbiy intizom hamda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik dasturlari uzlashtirib borilishi holatining hisobi yuritib borilishi shart. Guruh, vzvod, batalon va brigada komandirlari muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat davridagi namunali harbiy intizomi, jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarligi buyicha natijalarini xolisona baholab borish uchun shaxsan javobgar bo`ladi.

BALLAR QANDAY TO‘PLANADI?
Muddatli harbiy xizmatchiga harbiy intizom, jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik natijalari bo‘yicha ballar quyish butun xizmat davri davomida amalga oshiriladi.

Agar muddatli harbiy xizmatchi namunali harbiy intizomi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida nazarda tutilgan tartibda rag‘batlantirilgan (muqaddam berilgan intizomiy tazir chorasining bekor qilinishi bundan mustasno) bo‘lsa, unga quyidagi tartibda ballar qo‘yib boriladi:
  • harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirilgan bo`lsa - 5 ball;
  • harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni (birlashma komandiri) tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 10 ball;
  • O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari - Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirilgan bo`lsa - 15 ball;
  • Tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari rahbarlari tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 20 ball.
  • Muddatli harbiy xizmatchiga muddatli harbiy xizmat davrida namunali harbiy intizomi uchun ko‘pi bilan 20 ball ko‘yiladi. Bunda, harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirishning sonidan qati nazar, 5 balldan ortiq ball ko‘yilmaydi.
Shuningdek, muddatli harbiy xizmat davomida nazorat-tekshiruv mashg‘ulotlari natijalari bo‘yicha muddatli harbiy xizmatchiga jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik uchun baho qo‘yib boriladi. Muddatli harbiy xizmatchining umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik bo`yicha baholarning umumiy o‘rtacha arifmetik qiymati chiqariladi.

Umumiy o`rtacha arifmetik bahosi 4,0 dan kam bulgan muddatli harbiy xizmatchiga ball qo`yilmaydi.

BALLAR HISOBLANGACH...
Test sinovlari o‘tkazilishi boshlanishidan 5 kun oldin harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat davri uchun jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘yilgan umumiy o‘rtacha baholar va ballarning yig‘ma vedomosti tuziladi. Yig‘ma vedomost muddatli harbiy xizmatchilarning bevosita komandirlari va harbiy qism komandirining o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi va harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlanadi.

Yig‘ma vedomostdan olingan ko‘chirmalar harbiy qism shtabi boshlig‘ining imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanib, test sinovlari boshlanishidan 3 kun oldin hamma uchun ko‘rinarli joyga osib qo‘yiladi.

DIQQAT! TEST SINOVLARI
Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik dasturlari o‘zlashtirilganligini yakuniy baholash uchun har bir harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Test sinovlarini o‘tkazish muddati tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan DTM bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlaridan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan test savollarining umumiy soni 80 ta savoldan tashkil topib, ulardan 40 tasi - jangovar tayyorgarlikka oid, 20 tasi - ma`naviy-marifiy tayyorgarlikka oid, 20 tasi - mantiqiy testlardan iborat bo‘ladi. Har bir jangovar tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun - 1,2 ball, manaviy-marifiy tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun - 1,1 ball, mantiqiy test uchun - 1 ball qo‘yiladi. Test topshiriqlarini yechish uchun 2 soat beriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi. Test sinovlari o‘tkazish uchun umumiy vaqt 2 soat 30 daqiqani tashkil etadi.

40 FOIZDAN OSHMASLIGI KERAK
Avvallari tavsiyanomalar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha harbiy xizmatchilarga berilgan bo‘lsa, endilikda harbiy tavsiyanoma berishning maksimum miqdori belgilab qo‘yildi. Yani, beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qismning ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.

Bir necha nafar harbiy xizmatchining bir xil miqdorda ball to‘plagani bois, 40 foizli cheklashga amal qilishning iloji bo‘lmasa, beriladigan tavsiyanomalar sonini bunday harbiy xizmatchilar soniga mos ravishda oshirishga ruxsat beriladi.

Xizmat davrida davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari inobatga olinmay, tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, endilikda tavsiyanoma olish uchun faqat DTM test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishning o‘zi kifoya qilmaydigan bo‘ldi.

Test natijalari olingandan so‘ng, tavsiyanoma berish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun har bir nomzod muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, nomzodning xizmat faoliyatiga baho beriladi.

Harbiy intizomining holati, jangovar va manaviy-marifiy tayyorgarlik natijalari va test sinovlari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan muddatli harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilish tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan so‘ng, tavsiyanoma olishga munosib, deb hisoblanadi.

TAVSIYANOMA BERILMAYDI
YUqori ballar to‘plagan, biroq xizmat faoliyatiga salbiy tavsif berilgan harbiy xizmatchilarga, umumiy yig‘ilish va bo‘linma komandirlarining yozma murojaati asosida harbiy qism komandirining qarori bilan tavsiyanoma berilmaydi.

To‘plagan ballarining miqdoridan qati nazar, muddatli harbiy xizmati davrida harbiy intizomni qo‘pol ravishda buzgan bo‘lib, ular yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan, harbiy qism komandirining tegishli buyruqlari chiqarilgan muddatli harbiy xizmatchi tavsiyanoma olish huquqiga ega emas.

UCH YILDAN SO‘NG O‘Z KUCHINI YO‘QOTADI
Tavsiyanomalarning amal qilish muddati rasmiylashtirib berilgan sanadan etiboran 3 yil muddat davomida kuchga ega bo‘ladi.

Tavsiyanoma muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchiga boshqa hujjatlar bilan birga tantanali vaziyatda topshiriladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing!

Sharhlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив