Geosiyosatning asosiy kategoriyalari 

8 262

 Geosiyosatning asosiy kategoriyasi siyosiy makonni nazorat qilishdir. Jahon siyosiy makoni o‘z navbatida mintaqalarga, rayonlarga, davlatlar bloki va ittifoqlariga bo‘linib ketadi.
  Shu sababli geosiyosat kategoriyalari quyidagilardan iborat geostrategik mintaqa, geosiyosiy mintaqa, davlatlar bloki, geosiyo­siy ittifoqlar, qudratli, tengi yo‘q davlat, kuch markazlari, geosiyo­siy chiziqlar (yo‘nalishlar), frontal raqobat va boshqalar.
  Geostrategik mintaqa jahon siyosiy makonining bir qismi bo‘lib, u o‘ziga xos hududga, savdo va madaniy-mafkuraviy aloqalarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi.
  Geosiyosiy mintaqa esa geostrategik mintaqaning bir qismi bo‘lib, maydoni uncha katta bo‘lmasa ham, siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarining yuqori darajadagi sur’ati bilan ajralib turadi (Yevropa, Amerika, Xitoy, Janubi Sharqiy Osiyo va boshqalar). Geosiyosiy mintaqa o‘z navbatida davlatlar chegaralari bilan mos tushuvchi siyosiy rayonlarga bo‘linadi. Siyosiy rayonning eng muhim xususiyati siyosiy birlik va yaxlitlikdir. Har bir rayon o‘ziga xos shakl va o‘lchamga ega.
 Davlat chegaralarining barpo qilinishi va rasmiylashtirilishi milliy davlatlarning shakllanishi va rivojlanishi davrida amalga oshiriladi. Chegaralar ular o‘rab turgan «Millat-davlat» makoni­ning geosiyosiy rasmiylashtirilishidir. Bundan tashqari, tabiiy va sun’iy chegaralar mavjud. Tabiiy chegaralarga tog‘lar, daryolar, dengiz va ko‘l akvatoriyalari kiradi. Sun’iy chegaralar quruqlikda ham, suvda ham aniq tabiiy obyekt bo‘lmagan joylarda o‘tkaziladi. Bunda geografik kenglik va uzunlik elementlari bo‘lgan parallellar va meridianlar hisobga olinadi. Masalan, AQSH va Kanada o‘rtasidagi davlat chegarasi 49° parallel bo‘yicha 1450 km ga cho‘zilgan. Sun’iy chegaralar davlatlarning o‘zaro kelishuvlari asosida o‘tkaziladi va tasdiqlanadi.
  Geosiyosatda tabiiy chegaralarga ko‘proq e’tibor beriladi. Dengiz chegaralari eng qulay chegara hisoblanadi. Mashhur olim F.Ratsel: «Qirg‘oq bizlarga qo‘shni sifatida tabiatni in’om etdi va bu qo‘shni har qanday do‘stona davlatdan afzaldir», - degan edi. Dengiz chegaralari boshqa davlatlar bilan aloqa o‘rnatishga katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun uning qiymati uzunligi ortgan sari ortib boradi.
  Chegara siyosiy, mudofa va harbiy strategik vazifalarni bajaradi. Har qanday chegara chegaraoldi hududiga ega. Ayrim hollarda bunday hududlar «bufer davlat»larga aylantiriladi. «Bufer davlat» odatda kichik mamlakat bo‘lib, u ikkita kuchli davlatni turli xil kutilmagan xatti-harakatlardan saqlab turadi. Yevropada Reyn daryosining quyi qismi va Shveytsariyadagi tog‘ dovonlari, Niderlandiya, Shveytsariya va Belgiya hududlari shunday hududlar qatoriga kiritiladi. Chunki ular Germaniya va Fransiya o‘rtasida joylashgan. Rossiya bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida «bufer davlat» vazifasini Afg‘oniston bajargan.
  Bir necha «bufer davlat»lar «bufer zona»larni hosil qilishi mumkin. Birinchi jahon urushi davrida Shvetsiya, Norvegiya, Daniya, Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, Shveytsariya, Polsha, Eron, Afg‘oniston, Koreya kabi davlatlar ana shunday «bufer zona»larini tashkil qilgan. Keyinchalik «bufer zona»lar Germaniya va sobiq Ittifoq tomonidan bo‘lib olingan (Sudet viloyati, Polsha, G‘arbiy Ukraina, G‘arbiy Belorus va boshqalar).
Eslab qoling!
Geosiyosatning asosiy kategoriyasi siyosiy makondir.
Geostrategik mintaqa — jahon siyosiy makonining bir qismi bo‘lib, o‘ziga xos hududga, savdo va madaniy-mafkuraviy aloqalarning o‘ziga xosligi va yo‘nalishi bilan ajralib turadi. Geosiyosiy mintaqa - geostrategik mintaqaning bir qismi bo‘lib, hududi uncha katta bo‘lmasa ham siyosiy, iqtisodiy va savdo aloqalarining yuqori darajadagi sur’atlari bilan ajralib turadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.