Davlat kuch-qudrati va geosiyosat
Geosiyosiy tahlilning muhim elementi davlatning
kuch-qudrati hisoblanadi. Davlatning kuch-qudrati deganda ikki narsa tushuniladi: birinchidan, davlatning o‘z maqsadiga boshqa davlat siyosatiga tashqi
siyosat orqali ta’sir ko‘rsatish yo‘li bilan erishishi; ikkinchidan, uning
o‘z manfaatlarini o‘zining imkoniyatlari vositasida himoya qila olish
imkoniyatlari tushuniladi.
Har qanday davlatning kuch-qudratini quyidagi omillar
belgilab beradi: davlatning geografik o‘rni, tabiiy resurslar; sanoat salohiyati; qurolli kuchlarning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari; inson resurslari;
milliy xususiyat; milliy ma’naviyati; diplomatiya sifati; davlat boshqaruvi
darajasi.
Davlat kuch-qudratini aniqlab beruvchi bunday
yondashuv atributli yondashuv deb ataladi. Chunki mazkur yondashuvda asosiy
e’tibor kuch-qudratning eng muhim jihatlarini o‘rganishga qaratiladi.
Qadimdan kuchli hisoblangan davlatlar nisbatan bo‘sh
(kuchsiz) davlatlarni bo‘ysundira olmaganligi haqida juda ko‘p misollar
mavjud. Masalan, miloddan avvalgi V asrda benihoya qudratli Fors davlati yarim
asrlik urush natijasida erksevar yunon shaharlari - polislari tomonidan mag‘lub
qilingan. XX asrning ikki buyuk davlati - AQSH va sobiq Ittifoq ham maqsadiga
erisha olmadi. AQSH Vetnam urushida, sobiq Ittifoq qurolli kuchlari Afg‘onistonda mag‘lub bo‘ldi.
Shu munosabat bilan hozirgi geosiyosat nazariyasi
davlatlar o‘rtasidagi kuchlar nisbatini baholash masalasiga e’tibor bermoqda.
Ushbu muammo xalqaro hamjamiyatda kuchlar muvozanatini aniqlash bilan
bog‘langan.
Kuchlar muvozanati tarixiy kategoriya bo‘lib, u
insoniyatning va mintaqalarning taraqqiyotini belgilab beradi. Raqobat qilayotgan davlatlar frontal raqobatga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bizga ma’lumki,
bunday raqobat davlatlarning barcha manfatlarini o‘zaro yo‘q qilishga
yo‘naltiriladi.
Geosiyosiy raqobat gorizontal (yuzalama) va vertikal
(bo‘ylama) xususiyatga ega. Gorizontal raqobat quruqlik va dengiz yuzasida
vujudga kelib, suvdagi va quruqlikdagi raqobatga bo‘linadi. XX asrning
60-90-yillari va hozirgi paytda harbiy havo kuchlarining kuchayishi bilan
vertikal raqobat ham vujudga keldi.
Raqobat
cheklangan xususiyatga ham ega bo‘lishi mumkin. Bunday raqobat cheklangan
hududda vujudga kelishi va chuqurlashishi mumkin. Masalan, Kuba, Yaqin Sharq bunga misol bo‘la oladi.
Raboqatda geosiyosiy yo‘nalishlar muhim vazifani bajaradi. Ular juda
muhim quruqlik, dengiz va havo yo‘llari hamda kommunikatsiyalar bilan
bog‘langandir. Mazkur yo‘nalishlarga neft va neft mahsulotlarini Yaqin Sharqdan
Yevropa va AQSHga yetkazib beruvchi asosiy yo‘llar va quvurlar kiradi.
Geosiyosiy yo‘nalishlar jahon geosiyosiy xaritasini shakllantiruvchi, unda mintaqalarni birlashtiruvchi vosita rolini bajaradi. Shu
vaqtning o‘zida davlatlar hamda ularning o‘zaro aloqadorligi va ta’sirini
tartibga solib turadi.
Shunday qilib,
geosiyosiy yo‘nalishlar (chiziqlar) - bu geosiyosiy makonni tashkil etuvchi
jarayonlarning elementlaridir. Geosiyosiy makon (siyosiy makon) deyilganda
davlat yoki davlatlar ittifoqi tomonidan nazorat qilib turiladigan makon
tushuniladi.
Eslab qoling!
Frontal raqobat — raqobat qiluvchi asosiy kuchlarning
hududiy joylashuvini aniqlab beruvchi frontal chiziqlar (yo‘nalishlar)
tomonidan belgilanadi.
Kuchlar muvozanati — insoniyat va mintaqalarning taraqqiyotini
belgilab beruvchi tarixiy kategoriya.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.