Firdrix Ratsel va geosiyosat
XIX asrning ikkinchi
yarmida nemis olimi Fridrix
Ratsel (1844-1904) birinchi bo‘lib
dunyoga geosiyosiy nigohning (qarashning) asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi.
Uning fikricha, makon — siyosiy resurs, taraqqiyot omili bo‘lib hisoblanadi.
Ratsel o‘zining asosiy geosiyosiy g‘oyalarini «Antropogeografiya» va «Siyosiy
geografiya» nomli asarlarida yorib beradi. Uning fikricha, mamlakatning
mustaqil davlat sifatida «oyoqqa» turishida tarixiy taraqqiyot nazariyasi
geografik sharoitning ahamiyatini hisobga olmagan. Shuning uchun ham u davlat
tashqi va ichki siyosatining geografik sharoitga bog‘liq ekanligini isbotlash
bo‘yicha muhim ilmiy ishlar olib bordi.
Ratsel davlatning asosiy xususiyatlari qatoriga
quyidagilarni kiritgan: mamlakat hududining kattaligi; geografik o‘rni va chegaralari;
o‘simlik dunyosi; boshqa hududlarga bo‘lgan munosabati.
F.Ratsel tomonidan geosiyosat sohasida juda muhim
bo‘lgan quyidagi qonuniyatlar ishlab chiqilgan:
davlat makoni
(madaniyat rivojlangan sari kengayib, o‘sib boradi);
— davlat siyosati (g‘oyalar, savdo, diniy targ‘ibot va
boshqalarning rivojlanishi bilan bir paytda amalga oshadi);
— davlatning
taraqqiyoti va kengayishi kichik davlatlarni qo‘shib olish va bosib olish
hisobiga amalga oshadi;
— davlat chegarasi uning o‘sishini ta’minlashi, qudrati
yoki zaif tomonlari o‘zgarishining asosiy sababchisi bo‘lishi mumkin;
— davlat rivojlanishi davomida o‘zini o‘rab turgan eng
muhim tabiat elementlari — qirg‘oq chiziqlari, daryo vodiylari, tog‘lar,
tekisliklar va resurslarga boy mintaqalarni qo‘shib olishga doimo harakat
qiladi;
— sodda (kuchsiz) davlatlarga hududini kengaytirish
haqidagi dastlabki turtki tashqaridan, yuqori darajali madaniyat markazlaridan keladi.
Davlatlar vujudga keladi, o‘sadi, taraqqiy etadi, vaqti-soati kelganda tirik jonzotlar kabi barham topadi.
Davlatning kengayishi yoki torayishi uning ichki hayotida ro‘y
beradigan jarayonlar bilan bog‘liq bo‘ladi. F. Ratsel katta davlatlarda
geografik ekspansiya (bosib olishga intilish)ga moyillik mavjudligini va bu
xususiyat asta-sekin sayyoraviy (planetar) miqyosda kengayib borishini
aniqlagan. Bundan tashqari, u har bir xalq va davlat o‘zining hududiy
taraqqiyot konsepsiyasiga ega ekanligini asoslab berdi.
F.Ratsel
tadqiqotlarining asosiy va eng muhim jihatlaridan bin — uning «Geografik makon
siyosiy kuch sifatida geosiyosatning asosini tashkil etadi», degan xulosasidir.
Eslab qoling!
Geografik
muhit deb Yer tabiatining kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining hozirgi
bosqichida o‘zining hayoti va ishlab chiqarish faoliyati bilan bevosita
ko‘rsatib turadigan qismiga aytiladi.
Geografik makon falsafiy kategoriya
bo‘lib, geografik qobiq doirasida moddiy geografik obyektlarning
obyektiv va bilish mumkin bo‘lgan shakli.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.