Geografiya fani oyligi: unda nimalarga e`tibor qaratmoq kerak? 

24 760

 Fan oyligi ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasida bo`lishini ta’minlash, fan o`qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, ularning ijodiy izlanishlari va mehnatlarini ro`yobga chiqarish omilidir.
  Shuni aytish loznmki, fan mutaxassislari o`rtasida fanlarning o`ziga xos xususiyatlari, murakkabligi, o`zlashtirishlik darajasi, hayotdagi o`rni haqida turli xil fikr-mulohazalar, bahs-munozaraga aylangan o`rinlar mavjud. Tashkil etilajak fan oyliklari esa bu yo`nalishga oydinlik kiritish bilan birga, sohadagi mavjud o`ziga xoslikni, yangilikni namoyon etadi.
  Geografiya fanini o`qitishning sifat-samaradorlikni oshirish maqsadida xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va fan oyligini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Amalga oshiriladigan vazifalar
1. Geografiya fan oyligi boshlanishi va yakunida umumta’lim maktablari o`quvchilari bilimining DTS va o`quv dasturlariga moslik darajasini aniqlash maqsadida sinflar kesimida sinov testlari olinadi. O`quvchilarning mazkur fandan o`zlashtirishi lozim bo`lgan bilim, ko`nikma va malakalari monitoringi o`tkazilib, uni metodbirlashmada taxlil qilish (jadval va diagrammalar asosida).
2. Maktablarning pedagog kadrlar bilan ta’minlanishi, geografiya xonasining geografik xaritalar, globuslar, didaktik materiallar, o`quvchilarning darsliklar, o`quv atlaslari bilan ta’minlanganini nazorat qilish.
3. Maktabda "Mustaqillik kuni"ga va mustaqillikka oid turli mavzularda devoriy gazetalar chiqarish. Devoriy gazetalarning sahifalarida respublikamizda o`tkan yillar davomida iqtisodiy va siyosiy sohalarda erishgan yutuqlari, fanga oid qiziqarli ma’lumotlar, internet sahifalaridan olingan fan yangiliklari, qiziqarli bopqotirmalar va viktorina savollarini berish.
4. O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining o`quv yillar davomida umumiy o`rta ta’lim maktablari o`quvchilari bilimlarining Davlat ta’lim standartlarini o`zlashtirish bo`yicha geografiya fanidan o`tkazilgan bilimlar bellashuvi va olib borilgan monitoring natijalariga ko`ra, o`quvchilar bilimida aniqlangan bo`shliqlarni to`ldirish uchun o`qituvchilarga mavzular yuzasidan dars davomida ularning ko`proq xarita va o`quv atlaslari bilan ishlashlarini yo`lga qo`yish, 5-9-sinflarda olgan bilimlari, hosil bulgan ko`nikma va malakalari asosida quyidagi mavzular bo`yicha amaliy mayutulotlarni tashkil etish va ochiq darslar o`tkazish. Jumladan:
  • "Yo`nalish azimuti va masofani o`lchash", "Havo harorati va bosimi", "Yoqilg`i-energetika va kimyo majmuasi" mavzulari yuzasidan amaliy mashg`ulotlarni tashkil etishda zamonaviy usullarni qo`llash;
  • "Geografik atama va tushunchalarning izohli lug`ati" yuzasidan ilg`or pedagogik texnologiyalardan foydalanish;
  • dars jarayonida darslik hamda geografiya fanidan yaratilgan elektron darsliklar, o`quv filmlari va qo`llanmalardan oqilona foydalanish;
  • hozirgi kunga qadar geografiya faniga oid yangiliklarni o`quvchilarga yetkazish uchun mashg`ulotlarda o`qituvchilarni mazkur yangiliklar bilan tanishtirish.
5. O`quvchilarning fanga bo`lgan qiziqishini oshirish maqsadida barcha maktablarda «Geografiya maydonchasi»ni tashkil qilish va o`quvchilar bilan olib borilayotgan amaliy kuzatuv mashg`ulotlari asosida «Geografiya maydonchasidan olingan ma’lumotlar» mavzusida foto ko`rgazma tayyorlash.
6. Ta’lim muassasalaridagi o`quv tarbiya jarayonining sifatini oshirish, fan o`qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, ularning qobiliyati va iste’dodlarini ro`yobga chiqarish.
7. Davlat ta’lim standartlari talablarini bajarishda o`qituvchi va o`quvchilarning ijodiy hamkorligini tashkil etish.
8. O`quvchilarda mehnat ko`nikmalarini shakllantirish, o`z iqtidorlari va hosil bo`lgan malakalari asosida kasb yo`nalishlarini tanlashda, o`z o`lkasining tarixi, tabiiy va iqtisodiy geografiyasi, arxeologik va madaniy yodgorliklari, tabiat muhofazasi, madaniy va milliy merosimizni o`rganishlariga erishish, ekologik ta’lim-tarbiya berish, ularda tabiatga bo`lgan mehr-muhabbatini oshirish bilan birga, o`z ustida ishlashlariga, bo`sh vaqtlaridan unumli foydalanishlariga qaratilgan, maktablarda tashkil etilgan "Yosh o`lkashunos", "Yosh sayyoh", "Muzeyshunoslik" to`garaklarida o`quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etish va boshqarishda hamkorlik texnologiyasiga amal qilish.
9.  Geografiya fan oyligida o`quvchilar bilan sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish orqali sinfda olgan bilim, ko`nikma va malakalarini mustahkamlash, fanga bo`lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida sinflar va maktablararo "Mening o`lkam", «Nima, qachon, qayerda?», «Yosh geograflar bahslashadi" kabi mavzularda fan bilimdonlari o`rtasida bahs-munozalarni, viktorina va intellektual kechalarni tashkil etish.
10.  O`quvchilarni kasbga yo`naltirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining professor o`qituvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etish, oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga ekskursiyalarni uyushtirish.

Fan oyligini tashkil etish
  • Maktabda fan oyligi boshlanishidan oldin va yakunlanishi arafasida yangi tahrirdagi o`quv dasturi talablari va modernizatsiya qilingan DTS me’yorlarini amaliyotga joriy etish bo`yicha amalga oshirilgan ishlarni o`rganish maqsadida, o`quvchilar ishtirokida geografiya fani bo`yicha sinov o`tkaziladi. Bu bilan o`quvchilarning mazkur fandan o`zlashtirishi lozim bo`lgan bilim, ko`nikma va malakalari monitoringi o`tkazilib, uni metodbirlashmalarda tahlil qilish tavsiya etiladi.
  • Geografiya fan xonalarining jihozlari, didaktik materiallar, o`quvchilarning darsliklar, o`quv-qo`llanmalari bilan ta’minlangani o`rganiladi.
  • Maktabda mazkur fandan o`tkazilgan geografik bayramlar va kechalarga doir gazetalar chiqarilishi, gazetada shu fan bo`yicha qiziqarli ma’lumotlar, internet sahifalaridan olingan fan yangiliklari, o`quvchilarning o`zlashtirishlari bo`yicha samaradorliklari berilishi rejalashtiriladi.
  • Maktabdagi shu fan yo`nalishlari bo`yicha tashkil etilgan metodbirlashma rahbarlari, ilg`or o`qituvchilar yordamida o`qitish samaradorligini oshirish uchun dars ishlanmalari, test topshiriqlari va nazorat ishlari to`plamlari tayyorlanishi tavsiya qilinadi.
  • Maktablarda, tuman (shahar) miqyosida mustaqillik kuniga bag`ishlangan turli mavzularida tadbir va fan kechalari o`tkaziladi.
  • Viloyat, tumanlardagi tayanch maktablar qoshida o`quvchilar ijodiy ishlaridan namunalar asosida ko`rgazmalar tashkil etiladi.
  • Maktab, tuman, viloyat va respublika miqyosida eng yaxshi uslubiy birlashmalar, ilg`or o`qituvchilar, metodistlarning ish tajribalari ommalashtiriladi.
  • Fan oyligining o`tkazilishi ommaviy axborot vositalari orqali muntazam ravishda yoritib boriladi.
  • Fan oyligi davomida viloyatlardagi oliy o`quv yurtlari professor olimlari bilan mazkur fanga qiziqqan o`quvchilar uchrashuvlari tashkil etiladi.
  • Tumanlarda fan oyligining yakunlariga bag`ishlangan seminarlarni o`tkazish tavsiya qilinadi.
  • Maktabdagi geografiya uslubiy birlashmalari yillik ish rejasida fan oyligi uchun belgilangan fan yo`nalishi bo`yicha o`tkaziladigan kunlik haftalik tadbirlar belgilanadi. Oylik muddati turt haftadan iborat bo`lib, har bir hafta uchun aniq bir yo`nalish asosida tadbirlar rejalashtiriladi. Mazkur tadbirlar maktabning yillik ish rejasiga kiritilib, pedagogika kengashi, uslubiy kengash va uslubiy birlashma yig`ilishlarida ko`rib chiqilib, tasdiqlanadi hamda ijrosi muhokama qilinadi.
  • Geografiya fanlari bo`yicha darslarni o`tkazishda ilg`or pedagogik texnologiyalardan foydalanib, eng yaxshi dars ishlanmalari, ijodiy ishlar tanlovi o`tkazilib, viloyat, tuman fan oyligi yakunida g`oliblar aniqlanib rag`batlantiriladi.
  • Geografiya fan oyligi yakuniga bag`ishlangan tadbir o`tkaziladi. Ushbu tadbir maktab, tuman, viloyat rahbariyatining o`qituvchilar jamoasining yoshlarga bilim berishdagi qilgan mehnatlari sarhisobini, ulardagi ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish borasida qilingan ishlarni qadrlash va baholash maqsadida tashkil qilinadi. Fan oyligi davomida (maktab, tuman, viloyat miqyosida) o`tkazilgan turli tadbirlarda faol qatnashgan fan o`qituvchilari va o`quvchilar taqdirlanadilar.
Respublika Ta’lim Markazi,
Tabiiy va aniq fanlar bo`limi

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.