Dars tahlillari va ularni amaliyotga qo`llash
Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o’quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faoliyati, o’quv faniga bo’lgan qiziqishi, diqqat bilan ishlashi, matn, xarita, jadval, asboblar bilan mustaqil ishlay bilishi, o’qituvchiga bo’lgan munosabati aniqlanadi. Shu bilan birga o’qituvchining faoliyati ham tahlil qilinadi. Chunonchi, o’qituvchining o’quv dasturi materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy fikrni ajratib olishi, ilmiylik va soddalik, ko’rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, dars maqsadini to’g`ri qo’yishi, dars jarayonini to’g`ri rejalashtirishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko’nikmalarni o’zlashtirishni nazorat etishi, o’quvchilar bilan yakka va jamoada ishlashni tashkil eta bilishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.
O’qituvchining darsini bir necha marta kuzatish va tahlil qilish, uning pedagogik mahorati, ish tizimi, o’quvchilarining o’zlashtirishi, bilim darajasi kabi sohaviy va kasbiy layoqati yuzasidan xulosa chiqarish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, umumiy o’rta ta’lim maktab o’qituvchilarining darslarini tahlil qilishda ko’pincha kuzatuvchilar darsga yaxlit tizim sifatida qaramay ko’proq tashqi jihatlariga baho beradilar, darsning mazmun-mohiyati xususida yuzaki mulohaza yuritadilar. Shuningdek, dars tahlilida o’qituvchining ko’rsatmali qo’llanmadan foydalanishi, didaktik kartochkalar bilan ishlashi va hokazolar aytiladi-yu, ammo ulardan nima maqsadda, qaysi vaziyatda foydalanilgani, qanchalik samara berganligi, vaqt taqsimotiga to’g`ri amal qilinganligi, o’quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan-olmaganligi kabi masalalar to’g`risida fikr yuritilmaydi. Bundan tashqari yana bir jiddiy kamchilik o’qituvchining o’zini o’zi tahlil qilishiga e’tibor qaratmaslikdir. O’zini-o’zi tahlil qilish tamoyili o’qituvchining o’z faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarini aniqlash va bartaraf etishga oid maqsadli yo’lni belgilab olishiga asos bo’ladi. O’qituvchilar aksariyat hollarda dars jarayonida quyidagi xato va kamchiliklarga yo’l qo’yadilar. Jumladan:
- dars maqsadi bilan o’quvchilarni tanishtirmaslik;
- interfaol metodlardan samarasiz foydalanish;
- dars jarayonida barcha o’quvchilarning ishtirokini ta’minlay olmaslik;
- o’quvchilar bilan yakka va jamoa tartibda ishlashga erisha olmaslik;
- o’quvchilarning mustaqil ishlashini ta’minlamaslik.
- o’quvchilar bajargan ishlarini vaqtida baholamaslik;
- o’qituvchi nutqining ravon ta’sirchan emasligi;
- mavzuni amaliyot bilan bog`lab tushuntirmaslik;
- mavzuni ilmiy va amaliy nuqtai nazardan tushuntirishga e’tibor bermaslik;
- sinf doskasi, darslik, o’quvchi daftari, qo’shimcha adabiyotlardan foydalanishning tizimli yo’lga qo’yilmaganligi;
- O’quvchilarga beriladigan savollarning muammoli tarzda tuzilmaganligi kabilar.
Darslar aniq maqsad asosida kuzatilishi va tahlil qilinishi lozim. Shundagina natijasi samarali bo’ladi va o’quv jarayoni yuzasidan aniq xulosa chiqarish imkonini beradi. Dars tahlilida tizimsizlik, aniq bir maqsadning yo’qligi, darsga tasodifan qatnashish, darsni chuqur tahlil qila olmaslik, o’qituvchiga amaliy yordam ko’rsata olmaslik esa darslar sifatining va saviyasining pasayib ketishiga olib keladi.
Darslarni tahlil qilish faqatgina metodik ahamiyatga ega bo’lmay, balki maktabda o’quv-tarbiya jarayoniga rahbarlik va nazoratning muhim shakllaridan biridir. O’qituvchi darsini kuzatish va tahlil qilish amaliyotining tizimli amalga oshirilishi darslarni qiyoslash va yo’l qo’yilgan xatolarning bartaraf etilganligini aniqlash imkoniyatini beradi. O’qituvchilarning o’zaro dars kuzatishi tajriba almashinuv jarayoni bo’lib, dars o’tayotgan o’qituvchi bor mahoratini ishga solib, yuqori ishchanlik bilan faoliyat ko’rsatsa, tahlil qiluvchi o’qituvchi esa taklif va mulohazalar berish orqali tajribasini boyitadi, metodik malakasini oshiradi.
Dars tahlili o’quv mashg`ulotini kuzatish, o’rganish shaklida olib boriladi. Shu o’rinda savol tug`iladi. O’qituvchining darsi kim tomonidan kuzatilishi lozim? Qanday maqsad bilan kuzatiladi va tahlil qilinadi? O’qituvchining darsi viloyat XTB, tuman, xalq ta’limi bo’limi, ta’lim muassasalari rahbarlari, xodimlari, metodistlar va o’qituvchilar tomonida kuzatiladi va tahlil qilinadi.
Buning uchun, eng avvalo, darsga kirishdan maqsad nimadan iborat ekanligini aniqlab olish zarur. Dars quyidagi maqsadda kuzatiladi va tahlil qilinadi:
- ta’lim va tarbiya jarayoni sifatini aniqlash;
- o’qituvchining pedagogik mahoratini oshirishga yordam berish;
- ilg`or ish usullari va metodlarini o’rganish va ommalashtirish;
- o’qituvchilarning o’zaro tajriba almashishi;
- o’quvchilarning bilimi va tarbiyalanganlik darajasini aniqlash;
- ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- o’quvchilarning bilish faoliyatini o’rganish;
- dars jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan xato va kamchiliklarning oldini olish, o’qituvchiga amaliy va metodik yordam ko’rsatish;
- ta’lim-tarbiya jarayonida o’quvchilar psixologik xususiyatlarini o’ziga xosligini e’tiborga olish;
- darsda o’quvchilarni faollashtirish va mavzuni o’zlashtirishlarini e’tiborga olinganligi.
Dars - o’quv jarayonining juda ko’p ta’lim-tarbiya qirralarini hal qiluvchi asos hisoblanadi. Shunga ko’ra darsni kuzatuvchi va tahlil qiluvchilardan maxsus tayyorgarlik ko’rish talab etiladi.
Darsni tahlil qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi.
1.Darsni kuzatishga tayyorgarlik.
2.Darsning borishini kuzatish.
3.O’z-o’zini tahlil qilishni ta’minlash.
4.Dars tahlili va takliflar berish.
Darsni tahlil qilishda quyidagilarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi.
1. Darsni kuzatishdan oldingi tayyorgarlik:
- dars kuzatishdan ko’zlanayotgan maqsad va vazifalarni shakllantirish;
- kuzatiladigan darsni aniq belgilab olish;
- dars kuzatish tuzilmasini tayyorlash;
- kerakli materiallarni tayyorlash; o’qituvchi bilan suhbatlashish.
2. Darsning maqsadlarini tahlil qilishda:
- o’quv fani va mavzuning o’ziga xos tomonlari, o’quvchilar yoshi va bilim darajasi e’tiborga olingan holda ta’lim-tarbiya maqsadining to’g`ri va asosli qo’yilganligi;
- o’quvchilarning tayyorgarligi, o’rganilayotgan mavzu bo’yicha darslar tizimidagi aynan shu darsning o’rnini hisobga olgan holda maqsad qo’yilishining to’g`riligi va asoslanganligi;
- dars asosiy g`oyasining to’g`ri qo’yilishi va o’quvchilarga maqsadning yetkazilishi, maqsadga erishish darajasi.
3. Dars tuzilmasi va darsning tashkil qilinishini tahlil qilishda:
- dars tuzilmasining dars maqsadlariga mosligi;.
- darsning turi, strukturasining puxta o’ylanganligi;
- dars bosqichlarining mantiqiy ketma- ketliligi va bir- biri bilan bog`liqligi;
- dars bosqichlari uchun vaqtning to’g`ri taqsimlanganligi;
- o’qitish shakllarining to’g`ri tanlanganligi;
- dars rejasining mavjudligi va uning o’qituvchi tomonidan bajarilishini tashkil qilish;
- dars jihozlari. O’qituvchi va o’quvchilarning mehnatini unumli tashkil qilish.
4. Dars mazmunini tahlil qilishda.
- dars mazmunining Davlat ta’lim standarti talablariga mosligi;
- materiallarning ishonchliligi, to’liqligi, tushunarliligi;
- bayon qilinayotgan materialning ilmiy darajasi;
- darsning tarbiyaviy yo’nalishi, ta’limiy ta’sir darajasi;
- darsni hayot, mehnat tarbiyasi va kasbga yo’naltirish bilan bog`lash;
- o’quvchilar tomonidan yangi bilimlarni qabul qilishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish;
- yangi materialning asosiy g`oyasini ajratish. Yangi tushunchalarni shakllantirish. Tayanch bilimlarning muhimligini ko’rsatish.
5. O’quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil qilish
- Mashq va topshiriqlarning xususiyatlari, mustaqil ishlarning turlari, murakkablik darajasi, o’quvchilar tayyorgarlik darajasining hisobga olinganligi;
- o’qituvchi tomonidan tushuntirish ishlarining olib borilishi;
- o’qituvchining yordami. Yangi materialning o’zlashtirilganlik darajasi;
- yangi mavzuning oldingi mavzular bilan bog`langanligi. Takrorlash (tashkil qilish, shakllari, usullari, hajmi).
6. Dars o’tish metodikasini tahlil qilish
O’qitishning metod, vosita va usullarini tanlashda o’quv materialining mazmuniga, dars maqsadlariga, sinfning imkoniyatlariga mos tanlanganligi va asoslanganligi. O’qituvchi tomonidan darsning har bir bosqichida metod, usullarni to’g`ri qo’llaganligi, ishlatilayotgan metod va usullarning xilma- xilligi. Ko’rgazmali qurollar, tarqatma materiallar, texnika vositalaridan samarali foydalanilganligi. O’qituvchining metodik qurollanganligini va pedagogik texnikasini baholash.
7. O’quvchilarning darsdagi intizomi va ish faoliyatini tahlil qilish
Sinfga umumiy baho berish. Sinfning diqqati va faolligi. Fanga bo’lgan qiziqishi. O’quvchilarning dars bosqichlaridagi layoqati.
O’quvchilarning mustaqil o’quv faoliyatini tashkil qilish. O’quv faoliyati shakllaridan foydalanishning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash. Umumta’lim va maxsus ko’nikma hamda malakalarni shakllantirish. Yagona talablarning bajarilishi. Iqtidorli va qoloq o’quvchilar bilan yakka tartibda ishlash. Umumiy va yakka ishlash faoliyatni birgalikda olib borish. Sinfning intizomi va intizomni saqlash usullari.
8. O’qituvchining o’quvchilar bilan muloqati.
Pedagogik etikasi, nutqi, ahloqiy va psixolagik iqlimning tashkil etilishi.
9. O’quvchilar bilimini baholash
O’kuvchilarga berilgan bilim, ko’nikma va malakaning sifati. Mustahkam va chuqur bilim berilishi.Ғoya va materiallarning asosiy tomonlarini ko’rsata olishi, amaliy ko’nikmalarning egallaganlik darajasi.
Tekshirish turlari. Baholarning jamlanganligi.
10. Uy vazifasini tahlil qilish
Uy vazifasini berishdan maqsad va hajmi. Sinfda bajarilgan ish bilan uyga berilgan vazifaning hajmi. Uyga berilgan vazifaning xususiyati (ijodiy, takrorlash, mustahkamlash, rivojlantirish), uy vazifasini berishda o’qituvchining izohi.
Darsni tahlil qilishni quyidagi turlarga bo’lish mumkin:
1. Ilmiy tahlil.
2. Psixologik tahlil.
3. Metodik tahlil.
4. Didaktik tahlil.
5. Umumpedagogik tahlil.
Ilmiy tahlil-berilayotgan bilimlarning ilmiy –nazariy jihatini, o’quvchi bajarayotgan mustaqil ishning maqsadga muvofiqligini aniqlash demakdir .
Dars kuzatuvchi har bir rahbar darsning ilmiy tahlilida asosan quyidagilarga e’tibor berishi maqsadga muvofiq bo’ladi :
1. O’qituvchining ilmiy jihatdan (o’zi mutaxassis bo’lgan fanni ilmiy asosda chuqur bilishi ) qurollanganligi.
2. Shu kungi darsga ilmiy jihatdan tayyorgarlik holati.
3. O’z mutaxassisligiga oid eng yangi ilmiy –nazariy axborotlar bilan qurollanib borishi.
4. Dars jarayonida ilmiy qoida va ta’riflarning to’g`ri bayon etilishi hamda ilmiy atamalarning o’quvchilarga singdirib borilishi.
5. Darsda ta’limning o’ziga xos xususiyatlarining hisobga olinishi.
6. Darslik materiallarining qo’shimcha adabiyot materiallari bilan boyitilishi.
7. O’quvchi bajarayotgan laboratoriya , amaliy hamda mustaqil ishlarning ilmiy yo’nalish bo’yicha maqsadga muvofiqligi.
8. O’quvchilar xulosasining ilmiy jihatdan to’g`ri , qisqa va mukammal bayon etilishi hamda uni o’qituvchi tomonidan nazorat qilinishi.
9. Dars davomida , yangi mavzuni bayon etish jarayonida ta’lim- tarbiya bilan bog`lanishi.
10. O’qituvchi va o’quvchilarning ilmiy nutq madaniyati.
Metodik tahlil – o’qituvchining dars jarayonida qo’llagan usullarining maqsadga muvofiq ekanligi ta’limning turiga va o’ziga xos xususiyatlariga qarab belgilanadi. O’quv materiallarini o’quvchilarga bayon qilish va tushuntirish jarayonida qo’llanilgan usullarning shu materialga mosligi yoki mos emasligi metodik tahlil davomida aniqlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o’qituvchi darsda qo’llagan usullarning samaradorligi, rang-barangligi, namunaviyligi uning o’tgan, yangi mavzu materialini o’quvchilarning qay darajada o’zlashtirib olganliklari bilan belgilanadi. Shu boisdan har bir dars kuzatuvchi (o’qituvchi, direktor , ilmiy bo’lim mudiri, inspektor yoki metodist ) dars tahlilining bu turiga alohida e’tibor bilan qarashi kerak.
Dars metodlarini tahlil qilishda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiqdir:
1. Dars jarayonidagi o’qituvchi va o’quvchilar faoliyatining tashkiliy shakllariga ko’ra:
a) hikoya usuli;
b) og`zaki bayon usuli;
v) suhbat usuli.
2. O’quvchilarning o’zlashtirishiga ko’ra:
a) o’qituvchilarning so’zlash usuli;
b) ko’rsatmali qurollardan foydalanish usuli;
v) darslik, konturli karta, diagramma yoki jadvallar bilan ishlash usuli;
g) laboratoriya asboblari bilan ishlash usuli;
d) texnika vositalaridan (informatika elektron hisoblash texnikasi, kinofilm, diafilm, radio, televizor kabilar) foydalanish usuli;
ye) sinf doskasidan, geografiya, tarix yoki zoologiyaga tegishli bo’lgan turli kartalardan foydalanish usuli kabilar.
Didaktik tahlil – ta’lim turlari samaradorligi va uni belgilovchi qonunlar va qoidalarning darsda qanchalik to’g`ri hamda mukammal bajarilganligini tahlil qilish demakdir.
Darsni didaktik jihatdan tahlil qilishda quyidagilarga e’tibor berish o’rinli bo’ladi:
1. O’qituvchi bayonining sinf o’quvchilari jamoasiga to’la tushunarli bo’lishi va bu bayonning izchil ravishda o’quvchi ongiga yetib borishi.
2. O’qituvchi fikrining ma’naviy-ma’rifiy tarbiya talabiga mos bo’lganligi.
3. Barcha o’quvchilarning o’qituvchi berayotgan materialini ongli ravishda o’zlashtirishlari.
4. O’qituvchi bayonida rivojlantiruvchi va muammoli ta’limning mavjudligi.
5. O’qituvchi fikrining izchiligi.
6. Dars jarayonida yoki yangi mavzuni bayon qilishda ko’rsatmali qurollardan, tarqatma materiallar va texnika vositalaridan foydalanishning maqsadga muvofiqligi yoki nomuvofiqligi.
7. Ekskursiya, tajriba, laboratoriya va amaliy ishlarning maqsadga yo’naltirilgan holda o’tishga erishilganligi.
8. Darslik bilan ishlashning to’g`ri bo’lishi.
9. Misollarning ta’lim-tarbiya birligi mazmunida yo’nalishi.
10. Darsni ma’lum bir tizimda olib borilishi kabilar.
Umumiy pedagogik tahlil – darsdagi hamma jihatlarning qisqa va yengil ko’rinishidagi tahlilidir.
Darsni umumiy pedagogik jihatdan tahlil qilganda quyidagilarni hisobga olish maqsadga muvofiqdir:
1. O’quv xonasi yoki sinf xonasining dars o’tishga tayyorgarlik holati (dars jihozlari).
2. O’quv xonasi yoki sinf xonasining sanitariya- gigiyena holati.
3. Dars mavzusi va uning ta’limiy, tarbiyaviy maqsadi.
4. O’qituvchining mazkur darsga ilmiy-metodik va pedagogik jihatdan tayyorlanganligi darajasi.
5. O’qituvchining darsni tashkil etish va dars bosqichlaridan to’g`ri foydalanishi.
6. O’qituvchining o’quvchilarga ta’lim –tarbiya berishida pedagogik jihatdan namunali shaxs darajasiga ko’tarila olganligi.
7. O’quvchilar bilimiga qo’yiladigan bahoning adolatli va izohli bo’lishi.
8. O’quvchilarning darsdagi faolligi, intizomi, mustaqil fikr yuritishi hamda mazkur fan asoslarini o’zlashtirib olganlik darajasi.
9. O’quvchilarning darsga munosabati va hurmat bilan qarashi.
10. O’qituvchining darsdagi boshqaruvchilik roli va ish uslubi.
11. O’qituvchining dars mavzusini ta’lim- tarbiyaga bog`lashi.
12. Dars jarayonida yoki yangi mavzuni bayon qilishda o’lkashunoslik materiallaridan foydalanishi.
13. Darsda o’quvchilarning sifat o’zlashtirishi.
14. O’qituvchining darsdagi ta’limiy va tarbiyaviy maqsadiga to’liq erisha olganligi.
15. O’qituvchining ilmiy, metodik va umumpedagogik jihatdan yordamga ehtiyoji kabilar.
Darsni psixologik-pedagogik jihatdan tahlil qilish tizimi:
I. Darsning aniq maqsad va vazifalarga bog`liq ravishda tuzilishiga psixologik baho berish.
a) darsning mavzusi, maqsad va vazifalari:
b) darsning tuzilishi va uning psixologik jihatdan maqsadga muvofiqligi.
II. Darsning mazmuniga psixologik jihatdan baho berish:
a) o’quv materiallarining sifati (tasvirlovchi, tushuntiruvchi, ko’rgazmalilik, aniqlik, mavhumlik va umumlashganlik darajasi);
b) o’quvchining bilish faoliyatini rivojlantirish, o’quv axborotini idrok etishi (obrazli, og`zaki mantiqiy xotirani, xayoliy tafakkurni, hayotini). U qanday his-tuyg`ularni uyg`otadi?
v) mazkur material o’quvchilar bilish faoliyatining yosh xususiyatlariga, ularning hayotiy tajribasi va bilimlari darajasiga mos kelishi;
g) o’qituvchining murakkab o’quv materialini mazkur yoshdagi o’quvchilarning idrok etishi uchun qulay, tushunarli va qiziqarli uyushtirish (bayon qilishning ravshanligi va oddiyligi, yorqin misollar, o’xshatishlar, qiyoslashlarning mavjudligi, ko’rgazmali materiallardan foydalanishi, hayot bilan bog`lashi).
d) o’rganilayotgan materialning tarbiyaviy ta’siri (axloqiy, estetik va h.k.). O’qituvchi uning tarbiyaviy imkoniyatlarini qay darajada amalga oshiradi?
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.