"Sovuq jonivor"ga e`tiqod 

10 911

Moziydan sadolar yoxud ilon ne sabab tibbiyot ramziga aylangani haqida
  Siz tik holdagi asoni boshdan-oyoq chirmab olgan yoki qadahsimon idish tagidan o’ralib chiqib, uning jomiga zaharini to’kayotgan ilon tasvirini ko’p ko’rgansiz. O’z navbatida, u ayrim davlatlarda tibbiyot ramzi vazifasini o’tashini ham yaxshi bilasiz. Lekin ushbu timsol qachon paydo bo’lgani, buning uchun nega aynan ilon, jomli qadah yoki aso tanlangani, ularning tibbiyotga nechog`li daxli borligi haqida hech o’ylab ko’rganmisiz? "Yo’q!” deysizmi, unda eshiting, quyida shu xususda so’z yuritamiz.

  Tarixdan ayonki, ibtidoiy odamlar tabiiy hodisalarning asl sabablari va tub mohiyatini yaxshi bilishmagan. Shu bois mudom qo’rquv va tahlika ostida yashashgan. Ijtimoiy ong birmuncha rivojlangach, olamning yaralishi va yerda hayotning paydo bo’lishi to’g`risidagi farazlar o’zgargan. Masalan, qabilachilik davrida yunonlar va rimliklar butun borliqni jonli his etib, nabototu hayvonot dunyosi va boshqa narsalarning ilohiy homiysi bor, barchasini ma’budalar boshqaradi degan xulosaga borishgan. Inchunin, o’z tasavvurlarida dastlab qiyofasiz, bora-bora insonga o’xshash ko’plab xudolarni yaratib, ularga sig`inishgan, madad tilashgan, yovuz kuchlarni moyil qilish ilinjida qurbonliklar qilishgan. 

  Burungi yunonlar nazdida odam ko’rinishidagi falak hukmronlari Gretsiyadagi eng baland va muqaddas Olimp tog`i cho’qqilari tutashgan yengil-shaffof havo qatlamini o’zlariga makon tutishgan. Ular orasida Zevs – ma’budlar va odamlar, momaqaldiroq va yashinlar hukmdori, jazolovchi dahshatli kuch sohibi, rafiqasi Gera – samoviy ma’budalar malikasi, nikoh homiysi, ukalaridan Aid – hayot va oxiratning, Poseydon – dengizlarning hoqoni sanalgan. Sohibkaromat o’g`illaridan Apollon – olmazorlar xudosi, cho’ponlar va san’at rahnamosi, Germes – avval chorvadorlar parvardigori, poda va yaylovlar, keyin yo’l va yo’lovchilar, savdo va savdogarlar himoyachisi, shuningdek, ma’budlar elchisi va marhumlar jonini do’zaxga o’tkazuvchi bo’lgan. Qizlaridan Afina – urush va g`alaba, san’at va hunarmandchilik, bilim va donolik ma’budasi, Artemida – ov xudosi va ayollar tangrisi hisoblangan. 

  Buni qarangki, ilon va hassaning tibbiyot ramziga aylanish tarixi ham ana shu olimp xudolariga borib taqalarkan. O’zaro uyqash afsonalardan biriga ko’ra, lapiflar shohi Flegiyning Koronida ismli qizi Apollonga turmushga chiqadi. Ammo hayal o’tmay xushbichim va mohir chavandoz Isxiyni yoqtirib qolib, xiyonat yo’liga kiradi. Bundan ogoh topgan Apollon alamiga chiday olmay, xotinini o’ldiradi. Murdani yoqayotganida esa qornini yorib, hali jismida hayot nishonalari so’nmagan homilasini ajratib oladi. So’ngra shifobaxsh o’simliklarga boy Pelion tog`i va Pelefren vodiysida yashovchi donishmand kentavr (yarmi odam, yarmi ot mahluq) Xiron tarbiyasiga beradi. Xiron go’dakni belida olib yurib parvarishlash asnosi unga dala-o’tloqlar ahamiyatini, daraxtlar, giyohlar va gullar, ularning mevasi, bargi va ildizi qanday xususiyatlarga egaligini obdon tushuntiradi. Ustozi saboqlarini puxta o’zlashtirgan bolakay ulg`aygach, har qanday dardni davolovchi buyuk tabibga aylanadi. Hatto, ammasi Afina bergan, ilon sochli ayolsifat uchar mavjudot – gorgon jasadining o’ng tomiridan olingan qonni qo’llab, kimlargadir navqironlik, kimlargadir qaytadan umr ato eta boshlaydi. Alqissa, Akslepiy, aniqrog`i, Xaloskor degan sharafli nomga sazovor bo’ladi. 

  Boshqa rivoyat bo’yicha bir kuni undan Krit hukmdori Minos marhum o’g`li Glavkni tiriltirib berishni iltimos qiladi. Shul sabab saroyga oshiqayotgan tabibning hassasiga nogahon bir ilon chirmashadi. Asklepiy uni urib o’ldiradi. Ayni shu lahza boshqa ilon paydo bo’ladi-yu, og`zidagi allaqanday o’tni jonsiz sherigi tanasiga surkab, uni tiriltirib yuboradi. Bundan hayratga tushgan Asklepiy yon-atrofdan o’sha giyohni izlab topadi. Saroyga borgach, uning yordamida shahzodaga jon kiritadi. Xuddi shu zaylda Ippolitni, Orionni, Likurgni, Kapaneyni, Tindareyni, Fiva jangi qurbonlarining aksariyatini hayotga qaytaradi. 

  Biroq Xiron shogirdi qalbiga shifokor hamisha beg`araz va tamasiz ish yuritishi zarurligi haqidagi tuyg`ularni singdirolmagandi. Oqibatda Asklepiy boylikka ruju qo’yib, marhumlarni tiriltirgani uchun haq so’raydigan odat chiqaradi. Ustiga-ustak, u o’lim ustidan qozongan g`alaba boshqa ma’budlar singari amaki bobosi Aidni, yer osti dunyosi va o’liklar saltanati hukmdori Tanatosni ham qattiq tashvishga soladi. Zero, ular Zevsga Asklepiy odamlarga boqiy umr baxshida etib, olam qonunlarini buzayotgani yuzasidan arz qilishadi. Zevs bu ketishda osiy bandalar xudolarga tenglashib qolishi mumkinligini anglab, qattiq g`azablanadi. Alalxusus, sarkash nabirasini ayab o’tirmaydi, samodan dahshatli chaqmoq-yashinlar yo’llab, uni nobud qiladi-da, ilon ikkovining aksini yulduzlar burjiga muhrlab qo’yadi. Tabiiyki, Apollon ham qarab turmaydi. O’g`lining umriga zomin bo’lgan ajal urug`ini tizginlay olmagan bir ko’zli devsimon pahlavonlarga ayovsiz qiron keltiradi. Evaziga otasi qahriga uchrab, odamlarga xizmat qilish uchun ma’lum muddat Olimpdan yerga badarg`a qilinadi. Asklepiy esa murdalarga jon bag`ishlamaslik sharti bilan keyinchalik afv etiladi...

  Albatta, qay biri rost, qay biri uydirma bunaqa afsona-rivoyatlar ham, mangu hayotga doir xomxayollar ham o’z yo’liga. Lekin o’tmishda Asklepiy haqidagi shov-shuvlar butun Yunonistonga yoyilgani, omi xalq uni buyuk insoniy tafakkur va nutqqa ega ilon qiyofasida zamin qa’rida yashaydigan, istagan payti quruqlikda ham, dengizda ham hoziru nozir bo’lib, dardmanlar koriga yaraydigan ma’buda deb bilgani bor gap. 

  Darvoqe, uni tabobat asoschisi va xudosi, tabiblar va dorishunoslar homiysi, faqat xasta vujudlarninggina emas, gunohkor ruhlarning ham najotkori deya ilohiylashtirishgan. Bu e’tiqod miloddan avvalgi V asrda kuchayib, ayniqsa, Epidavr, Trikka va Pergamda keng ommalashgan. Shifobaxsh va zilol suvli chashmalar bo’yida, kichik o’rmon-daraxtzorlarda, so’lim-bahavo joylarda Asklepiyga atab ibodatxonalar qurilgan. Barchasining qoshida uning haykali o’rnatilib, maxsus jihozlangan, qo’lga o’rgatilgan ilonlar saqlanadigan, kasallikliklar va dori-darmonlar ro’yxati ilib qo’yilgan muolaja xonalari tashkil etilgan. Ularda tabobatdan yaxshi xabardor ruhoniylar xizmat qilishgan. Chor tarafdan seldek oqib kelayotgan bemorlar oldin ko’rikdan o’tishgan, yuvinib-taranib poklanishgan. So’ngra o’sha davr an’anasiga binoan qurbonliq qilingan xo’roz terisi ustiga yoki Asklepiyning haykali poyidagi to’shaklardan biriga yotqizilgan. Burchak-burchaklarida ilonlar g`ujg`on o’ynayotgan tim qorong`i sajdagohda hamisha allanechuk sovuq sukunat hukm surgan. Ana shunday sharoitda uyquga ketgan bemorning tushiga go’yoki Asklepiy kirib, sog`ayish yo’l-yo’riqlarini o’rgatgan. Ertalab mijoz tushi tafsilotlarini so’zlab bergach, kohinlar uni davolashga kirishganlar. Yirik ibodatxonalarda har besh yilda Asklepiy sharafiga katta bayramlar o’tkazilgan. 

  Rimda Asklepiyga sig`inish sal keyinroq boshlanadi. Bunga uch yil mobaynida avjiga chiqib, butun mamlakat ahli hayotini xavf ostida qoldirgan o’lat sababchi bo’ladi. Oliy martabali kohinlar uzoq kengashib, ofatdan qutulish uchun Epidavrdagi mashhur Asklepiy ibodatxonasida boqilayotgan ilonlarni bu yerga keltirish shart degan to’xtamga kelishadi. Miloddan avvalgi 292-yili bu ish amalga oshirilgach, yuqumli kasallik darhol ortga chekinadi. Shunga ko’ra, Asklepiyning bosh sajdagohi Rimga ko’chiriladi va bir kema muqaddas ilon qo’yib yuborilgan Tibr orollaridan birida uning sharafiga yangi ibodatxona barpo etiladi. Ushbu mamlakatda Asklepiy (mahalliy tilda Eskulap)ga sig`inish eramizdan oldingi 233-yildan e’tiboran keng joriy qilinadi.

  Zamonlar osha turli asotirlar asosida unga bag`ishlab yaratilgan tasviriy san’at namunalari, haykallar va qimmatbaho buyumlar ko’paydi. Chunonchi, eramizdan avvalgi 191-yilda zarb etilgan tangada u ilon shaklida, ko’p asr amalda bo’lgan pullardan birida echkini emayotgan mahali go’yoki o’zini farzandlikka olgan cho’pon Arestan bilan uchrashgani, boshida yog`du sochuvchi chambar porlab turgani aks ettirildi. Boshqa asarlarda go’yoki bolaligida o’zini boqqan it va daholik sari boshlagan ilon bilan birgalikda yoki chap qo’lida o’sha jonivorning boshidan ushlagan, o’ng qo’lida butog`i yo’nilmagan hassa tutgan ko’yi gavdalandi. 

  Qisqasi, Akslepiyning har xil talqindagi, ammo mushtarak mazmundagi siymosi qadimgi Rimning 162 ta shahri, Ispaniya, Galiy, Britaniyadan ajralib turuvchi muzofotlarning bo’rtma naqshlari, sirtiga yozuvlar bitilgan nodir toshlari va tangalarida ham o’z ifodasini topdi. Aksariyatida u kamolotga erishgan, nihoyatda mo’min-qobil, vazmin-og`ir, soch-soqollari uzun, yelkasiga yengsiz keng kiyim tashlab olgan, qo’liga ilon o’ralgan tayoq yoki cho’qmor tutgan yetuk donishmand sifatida namoyon bo’ldi. O’rta asrlar tibbiyotiga oid miniatyuralar va rasmli kitoblarda esa dorixonada turli malhamlar va asbob-uskunalar orasida o’tirgani tasvirlandi. Uyg`onish davrida Franchesko di Jorjo tomonidan noyob bronza haykali yasaldi. XVI-XVII asrlar rassomchiligida tavalludiga oid afsonaviy ruhdagi asarlar yanada ko’paydi. Tadqiqotchilar uni goho rivoyat, goho tarixiy shaxsga tenglashdi.

  Endi ilon haqida to’xtaladigan bo’lsak, u azal-azaldan turli xalqlar matallarida bilim va oqillik ulashuvchi jonivorga qiyoslangan. Ko’hna Finikiya va Vavilonda donolik, uzoq umr, yasharish, sog`ayish, salomatlik omiliga yo’yilgan. Bir naqlda ta’kidlanishicha, Zevs insoniyatga mangu navqironlikning g`aroyib vositasini in’om etadi. Taassufki, odamlar bu bebaho ne’matning qadriga yetishmaydi. Uni o’zlari bilan olib yurish o’rniga eshakka ortib qo’yishadi, eshak esa ilonga berib yuboradi. Shu-shu ilon uzoq vaqt yoshlik gashtini suradigan, odamzod esa keksalik g`am-tashvishlarini tortadigan bo’lib qolgan deyishadi. 

  Amalda-chi?.. Ma’lumki, ilon uzoq yashaydi va har yili po’st tashlaydi. Ehtimol shundandir, qadimgi odamlar u eski terisi bilan birga o’zidan qarilikni ham soqit qilib, bardavom yoshlikka ega chiqadi, binobarin, dori qabul qilgan bemor tanasi ham qayta tug`ilgandek bo’ladi qabilidagi xurofiy aqidaga tayanishgan. Ilonning jigari va yog`i qonni tozalashiga, go’shtidan tayyorlangan sho’rva jasurlikni kuchaytirishiga ishonishgan. Qolaversa, ushbu jonivor og`usini shifo maqsadlarida qo’llash o’rta asrlarda keng tarqaldi va XIX asrga qadar shu asosda talay ziddizaharlar yaratilib, maxsus jomlarda saqlanadigan bo’ldi. Bizning davrimizda esa u qator dori vositalari tarkibidan o’rin oldi. 

  Vaqti-soati yetib, aslida Janubiy, O’rta va Sharqiy Yevropada, Kichik Osiyo va G`arbiy Afrika shimolida, G`arbiy Kavkaz va Yevropa janubida uchraydigan, bo’yi 1,5-2 metrcha keladigan, tanasi-yu boshining ustki qismi qo’ng`irsarg`ish, qoramtir yoki qora, eron tilida tabib ilon deya ataluvchi dumi uzun ana shu sudraluvchi jonzot va Asklepiyning qadah shakliga keltirilgan hassasi tibbiyot ramzi sifatida qabul qilindi. Hozir ular mazkur sohaning, chunonchi, dorixona ishlari va harbiy-meditsina xizmatining shartli belgilaridan sanaladi. Shuningdek, Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa tibbiy muassasalarning binolari peshtoqida, bayrog`i, gerbi, medali va ish qog`ozlarida ko’zga tashlanadi. 

  Mavridi kelganda eslatib o’tish joizki, Asklepiyning yetti farzandi ham ota izidan borgan. Pirovardida Panakeya jamiki dardlardan forig` etish, Iazo davolash, Telesfor sog`ayish, Ogle farovonlik, Gigiyeya salomatlik ma’budasi darajasiga ko’tarilgan. Gomerning "Iliada”sida yozilishicha, Maxaon mohir jarroh, Podariliy mashhur ichki kasalliklar tabibi maqomiga erishgan. Ikkovlon bizga miflar orqali ma’lum Ilion, ya’ni Troya qamali vaqti (eramizdan avvalgi taxminan 1260-yil)da yunonistonlik mayib-majruhlarni davolagan. 

  E’tiborga molik yana bir gap. Mutaxassislar taxminicha, Asklepiyning hamda miloddan oldingi I asrda yashagan rim hoqoni Yuliy Sezarning dunyoga kelishi bilan bog`liq voqealar tug`ish qiyin va xavfli vaziyatlarda bola ona qornini kesish yo’li bilan olinadigan kesarevo usuli shakllanishiga turtki bo’lgan. Ushbu atama ko’hna Rim hukmdorlari unvonini anglatuvchi "kesar”, bizning tilimizdagi "qaysar” so’zidan kelib chiqqan. Yoki tibbiyotning muhim sohasi bo’lmish gigiyenani eslaylik. Dalillarga qaraganda, bu nom Akspleyga bag`ishlangan asarlarning ayrimlarida u bilan yonma-yon tasvirlangan dilbar qizi Gigiyeyaning ismidan olingan. Ilion jangidan so’ng Kichik Osiyoda qo’nim topgan Podariliy esa o’sha yerlik shohning tomdan yiqilib, ancha kundan buyon behush yotgan qizini qon olish yo’li bilan sog`aytirgan. Demak, bu terapevtik muolajaning asl ildizi ham olis o’tmishdayoq nish urgan deyish mumkin. 
Sirli va zavol topmas tarix sahifalarida tibbiyotga taalluqli bunday asotirlar ko’p uchraydi va barchasining zamirida muayyan darajada haqiqat yotadi... 
Abdunabi HAYDAROV, 
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.