"Sovuq jonivor"ga e`tiqod
Moziydan sadolar yoxud ilon
ne sabab tibbiyot ramziga aylangani haqida
Siz tik holdagi asoni boshdan-oyoq chirmab olgan
yoki qadahsimon idish tagidan o’ralib chiqib, uning jomiga zaharini to’kayotgan
ilon tasvirini ko’p ko’rgansiz. O’z navbatida, u ayrim davlatlarda tibbiyot
ramzi vazifasini o’tashini ham yaxshi bilasiz. Lekin ushbu timsol qachon paydo
bo’lgani, buning uchun nega aynan ilon, jomli qadah yoki aso tanlangani,
ularning tibbiyotga nechog`li daxli borligi haqida hech o’ylab ko’rganmisiz?
"Yo’q!” deysizmi, unda eshiting, quyida shu xususda so’z yuritamiz.
Tarixdan ayonki, ibtidoiy odamlar tabiiy hodisalarning
asl sabablari va tub mohiyatini yaxshi bilishmagan. Shu bois mudom qo’rquv va
tahlika ostida yashashgan. Ijtimoiy ong birmuncha rivojlangach, olamning
yaralishi va yerda hayotning paydo bo’lishi to’g`risidagi farazlar o’zgargan.
Masalan, qabilachilik davrida yunonlar va rimliklar butun borliqni jonli his
etib, nabototu hayvonot dunyosi va boshqa narsalarning ilohiy homiysi bor,
barchasini ma’budalar boshqaradi degan xulosaga borishgan. Inchunin, o’z tasavvurlarida
dastlab qiyofasiz, bora-bora insonga o’xshash ko’plab xudolarni yaratib, ularga
sig`inishgan, madad tilashgan, yovuz kuchlarni moyil qilish ilinjida
qurbonliklar qilishgan.
Burungi yunonlar nazdida odam ko’rinishidagi
falak hukmronlari Gretsiyadagi eng baland va muqaddas Olimp tog`i cho’qqilari
tutashgan yengil-shaffof havo qatlamini o’zlariga makon tutishgan. Ular orasida
Zevs – ma’budlar va odamlar, momaqaldiroq va yashinlar hukmdori, jazolovchi dahshatli
kuch sohibi, rafiqasi Gera – samoviy ma’budalar malikasi, nikoh homiysi,
ukalaridan Aid – hayot va oxiratning, Poseydon – dengizlarning hoqoni sanalgan.
Sohibkaromat o’g`illaridan Apollon – olmazorlar xudosi, cho’ponlar va san’at rahnamosi,
Germes – avval chorvadorlar parvardigori, poda va yaylovlar, keyin yo’l va
yo’lovchilar, savdo va savdogarlar himoyachisi, shuningdek, ma’budlar elchisi
va marhumlar jonini do’zaxga o’tkazuvchi bo’lgan. Qizlaridan Afina – urush va g`alaba,
san’at va hunarmandchilik, bilim va donolik ma’budasi, Artemida – ov xudosi va
ayollar tangrisi hisoblangan.
Buni qarangki, ilon va hassaning
tibbiyot ramziga aylanish tarixi ham ana shu olimp xudolariga borib taqalarkan.
O’zaro uyqash afsonalardan biriga ko’ra, lapiflar shohi Flegiyning Koronida
ismli qizi Apollonga turmushga chiqadi. Ammo hayal o’tmay xushbichim va mohir
chavandoz Isxiyni yoqtirib qolib, xiyonat yo’liga kiradi. Bundan ogoh topgan
Apollon alamiga chiday olmay, xotinini o’ldiradi. Murdani yoqayotganida esa
qornini yorib, hali jismida hayot nishonalari so’nmagan homilasini ajratib
oladi. So’ngra shifobaxsh o’simliklarga boy Pelion tog`i va Pelefren vodiysida
yashovchi donishmand kentavr (yarmi odam, yarmi ot mahluq) Xiron tarbiyasiga
beradi. Xiron go’dakni belida olib yurib parvarishlash asnosi unga dala-o’tloqlar
ahamiyatini, daraxtlar, giyohlar va gullar, ularning mevasi, bargi va ildizi
qanday xususiyatlarga egaligini obdon tushuntiradi. Ustozi saboqlarini puxta
o’zlashtirgan bolakay ulg`aygach, har qanday dardni davolovchi buyuk tabibga
aylanadi. Hatto, ammasi Afina bergan, ilon sochli ayolsifat uchar mavjudot –
gorgon jasadining o’ng tomiridan olingan qonni qo’llab, kimlargadir
navqironlik, kimlargadir qaytadan umr ato eta boshlaydi. Alqissa, Akslepiy,
aniqrog`i, Xaloskor degan sharafli nomga sazovor bo’ladi.
Boshqa rivoyat bo’yicha bir kuni undan Krit hukmdori
Minos marhum o’g`li Glavkni tiriltirib berishni iltimos qiladi. Shul sabab
saroyga oshiqayotgan tabibning hassasiga nogahon bir ilon chirmashadi. Asklepiy
uni urib o’ldiradi. Ayni shu lahza boshqa ilon paydo bo’ladi-yu, og`zidagi
allaqanday o’tni jonsiz sherigi tanasiga surkab, uni tiriltirib yuboradi. Bundan
hayratga tushgan Asklepiy yon-atrofdan o’sha giyohni izlab topadi. Saroyga
borgach, uning yordamida shahzodaga jon kiritadi. Xuddi shu zaylda Ippolitni,
Orionni, Likurgni, Kapaneyni, Tindareyni, Fiva jangi qurbonlarining
aksariyatini hayotga qaytaradi.
Biroq Xiron shogirdi qalbiga shifokor hamisha beg`araz
va tamasiz ish yuritishi zarurligi haqidagi tuyg`ularni singdirolmagandi. Oqibatda
Asklepiy boylikka ruju qo’yib, marhumlarni tiriltirgani uchun haq so’raydigan
odat chiqaradi. Ustiga-ustak, u o’lim ustidan qozongan g`alaba boshqa ma’budlar
singari amaki bobosi Aidni, yer osti dunyosi va o’liklar saltanati hukmdori
Tanatosni ham qattiq tashvishga soladi. Zero, ular Zevsga Asklepiy odamlarga
boqiy umr baxshida etib, olam qonunlarini buzayotgani yuzasidan arz qilishadi. Zevs
bu ketishda osiy bandalar xudolarga tenglashib qolishi mumkinligini anglab,
qattiq g`azablanadi. Alalxusus, sarkash nabirasini ayab o’tirmaydi, samodan dahshatli
chaqmoq-yashinlar yo’llab, uni nobud qiladi-da, ilon ikkovining aksini
yulduzlar burjiga muhrlab qo’yadi. Tabiiyki, Apollon ham qarab turmaydi. O’g`lining
umriga zomin bo’lgan ajal urug`ini tizginlay olmagan bir ko’zli devsimon pahlavonlarga
ayovsiz qiron keltiradi. Evaziga otasi qahriga uchrab, odamlarga xizmat qilish
uchun ma’lum muddat Olimpdan yerga badarg`a qilinadi. Asklepiy esa murdalarga
jon bag`ishlamaslik sharti bilan keyinchalik afv etiladi...
Albatta, qay biri rost, qay biri uydirma bunaqa
afsona-rivoyatlar ham, mangu hayotga doir xomxayollar ham o’z yo’liga. Lekin
o’tmishda Asklepiy haqidagi shov-shuvlar butun Yunonistonga yoyilgani, omi xalq
uni buyuk insoniy tafakkur va nutqqa ega ilon qiyofasida zamin qa’rida
yashaydigan, istagan payti quruqlikda ham, dengizda ham hoziru nozir bo’lib,
dardmanlar koriga yaraydigan ma’buda deb bilgani bor gap.
Darvoqe, uni tabobat asoschisi va xudosi,
tabiblar va dorishunoslar homiysi, faqat xasta vujudlarninggina emas, gunohkor
ruhlarning ham najotkori deya ilohiylashtirishgan. Bu e’tiqod miloddan avvalgi
V asrda kuchayib, ayniqsa, Epidavr, Trikka va Pergamda keng ommalashgan. Shifobaxsh
va zilol suvli chashmalar bo’yida, kichik o’rmon-daraxtzorlarda, so’lim-bahavo
joylarda Asklepiyga atab ibodatxonalar qurilgan. Barchasining qoshida uning haykali
o’rnatilib, maxsus jihozlangan, qo’lga o’rgatilgan ilonlar saqlanadigan,
kasallikliklar va dori-darmonlar ro’yxati ilib qo’yilgan muolaja xonalari
tashkil etilgan. Ularda tabobatdan yaxshi xabardor ruhoniylar xizmat qilishgan.
Chor tarafdan seldek oqib kelayotgan bemorlar oldin ko’rikdan o’tishgan,
yuvinib-taranib poklanishgan. So’ngra o’sha davr an’anasiga binoan qurbonliq
qilingan xo’roz terisi ustiga yoki Asklepiyning haykali poyidagi to’shaklardan
biriga yotqizilgan. Burchak-burchaklarida ilonlar g`ujg`on o’ynayotgan tim
qorong`i sajdagohda hamisha allanechuk sovuq sukunat hukm surgan. Ana shunday
sharoitda uyquga ketgan bemorning tushiga go’yoki Asklepiy kirib, sog`ayish
yo’l-yo’riqlarini o’rgatgan. Ertalab mijoz tushi tafsilotlarini so’zlab
bergach, kohinlar uni davolashga kirishganlar. Yirik ibodatxonalarda har besh
yilda Asklepiy sharafiga katta bayramlar o’tkazilgan.
Rimda Asklepiyga sig`inish sal keyinroq boshlanadi. Bunga uch yil mobaynida
avjiga chiqib, butun mamlakat ahli hayotini xavf ostida qoldirgan o’lat
sababchi bo’ladi. Oliy martabali kohinlar uzoq kengashib, ofatdan qutulish
uchun Epidavrdagi mashhur Asklepiy ibodatxonasida boqilayotgan ilonlarni bu
yerga keltirish shart degan to’xtamga kelishadi. Miloddan avvalgi 292-yili bu
ish amalga oshirilgach, yuqumli kasallik darhol ortga chekinadi. Shunga ko’ra,
Asklepiyning bosh sajdagohi Rimga ko’chiriladi va bir kema muqaddas ilon qo’yib
yuborilgan Tibr orollaridan birida uning sharafiga yangi ibodatxona barpo
etiladi. Ushbu mamlakatda Asklepiy (mahalliy tilda Eskulap)ga sig`inish
eramizdan oldingi 233-yildan e’tiboran keng joriy qilinadi.
Zamonlar osha turli asotirlar asosida unga bag`ishlab
yaratilgan tasviriy san’at namunalari, haykallar va qimmatbaho buyumlar
ko’paydi. Chunonchi, eramizdan avvalgi 191-yilda zarb etilgan tangada u ilon
shaklida, ko’p asr amalda bo’lgan pullardan birida echkini emayotgan mahali
go’yoki o’zini farzandlikka olgan cho’pon Arestan bilan uchrashgani, boshida yog`du
sochuvchi chambar porlab turgani aks ettirildi. Boshqa asarlarda go’yoki
bolaligida o’zini boqqan it va daholik sari boshlagan ilon bilan birgalikda
yoki chap qo’lida o’sha jonivorning boshidan ushlagan, o’ng qo’lida butog`i
yo’nilmagan hassa tutgan ko’yi gavdalandi.
Qisqasi, Akslepiyning har xil talqindagi, ammo
mushtarak mazmundagi siymosi qadimgi Rimning 162 ta shahri, Ispaniya, Galiy,
Britaniyadan ajralib turuvchi muzofotlarning bo’rtma naqshlari, sirtiga
yozuvlar bitilgan nodir toshlari va tangalarida ham o’z ifodasini topdi. Aksariyatida
u kamolotga erishgan, nihoyatda mo’min-qobil, vazmin-og`ir, soch-soqollari
uzun, yelkasiga yengsiz keng kiyim tashlab olgan, qo’liga ilon o’ralgan tayoq
yoki cho’qmor tutgan yetuk donishmand sifatida namoyon bo’ldi. O’rta asrlar
tibbiyotiga oid miniatyuralar va rasmli kitoblarda esa dorixonada turli malhamlar
va asbob-uskunalar orasida o’tirgani tasvirlandi. Uyg`onish davrida Franchesko
di Jorjo tomonidan noyob bronza haykali yasaldi. XVI-XVII asrlar
rassomchiligida tavalludiga oid afsonaviy ruhdagi asarlar yanada ko’paydi. Tadqiqotchilar
uni goho rivoyat, goho tarixiy shaxsga tenglashdi.
Endi ilon haqida to’xtaladigan bo’lsak, u
azal-azaldan turli xalqlar matallarida bilim va oqillik ulashuvchi jonivorga
qiyoslangan. Ko’hna Finikiya va Vavilonda donolik, uzoq umr, yasharish, sog`ayish,
salomatlik omiliga yo’yilgan. Bir naqlda ta’kidlanishicha, Zevs insoniyatga
mangu navqironlikning g`aroyib vositasini in’om etadi. Taassufki, odamlar bu
bebaho ne’matning qadriga yetishmaydi. Uni o’zlari bilan olib yurish o’rniga
eshakka ortib qo’yishadi, eshak esa ilonga berib yuboradi. Shu-shu ilon uzoq
vaqt yoshlik gashtini suradigan, odamzod esa keksalik g`am-tashvishlarini
tortadigan bo’lib qolgan deyishadi.
Amalda-chi?.. Ma’lumki, ilon uzoq yashaydi va har
yili po’st tashlaydi. Ehtimol shundandir, qadimgi odamlar u eski terisi bilan
birga o’zidan qarilikni ham soqit qilib, bardavom yoshlikka ega chiqadi,
binobarin, dori qabul qilgan bemor tanasi ham qayta tug`ilgandek bo’ladi
qabilidagi xurofiy aqidaga tayanishgan. Ilonning jigari va yog`i qonni
tozalashiga, go’shtidan tayyorlangan sho’rva jasurlikni kuchaytirishiga
ishonishgan. Qolaversa, ushbu jonivor og`usini shifo maqsadlarida qo’llash
o’rta asrlarda keng tarqaldi va XIX asrga qadar shu asosda talay ziddizaharlar
yaratilib, maxsus jomlarda saqlanadigan bo’ldi. Bizning davrimizda esa u qator
dori vositalari tarkibidan o’rin oldi.
Vaqti-soati yetib, aslida Janubiy, O’rta va
Sharqiy Yevropada, Kichik Osiyo va G`arbiy Afrika shimolida, G`arbiy Kavkaz va Yevropa janubida uchraydigan, bo’yi
1,5-2 metrcha keladigan, tanasi-yu boshining ustki qismi qo’ng`irsarg`ish,
qoramtir yoki qora, eron tilida tabib ilon deya ataluvchi dumi uzun ana shu
sudraluvchi jonzot va Asklepiyning qadah shakliga keltirilgan hassasi tibbiyot
ramzi sifatida qabul qilindi. Hozir ular mazkur sohaning, chunonchi, dorixona
ishlari va harbiy-meditsina xizmatining shartli belgilaridan sanaladi. Shuningdek,
Butunjahon Sog`liqni saqlash tashkiloti hamda boshqa tibbiy muassasalarning binolari
peshtoqida, bayrog`i, gerbi, medali va ish qog`ozlarida ko’zga tashlanadi.
Mavridi kelganda eslatib o’tish joizki,
Asklepiyning yetti farzandi ham ota izidan borgan. Pirovardida Panakeya jamiki
dardlardan forig` etish, Iazo davolash, Telesfor sog`ayish, Ogle farovonlik,
Gigiyeya salomatlik ma’budasi darajasiga ko’tarilgan. Gomerning "Iliada”sida
yozilishicha, Maxaon mohir jarroh, Podariliy mashhur ichki kasalliklar tabibi
maqomiga erishgan. Ikkovlon bizga miflar orqali ma’lum Ilion,
ya’ni Troya qamali vaqti (eramizdan avvalgi taxminan 1260-yil)da yunonistonlik
mayib-majruhlarni davolagan.
E’tiborga molik yana bir gap. Mutaxassislar
taxminicha, Asklepiyning hamda miloddan oldingi I asrda yashagan rim hoqoni
Yuliy Sezarning dunyoga kelishi bilan bog`liq voqealar tug`ish qiyin va xavfli
vaziyatlarda bola ona qornini kesish yo’li bilan olinadigan kesarevo usuli
shakllanishiga turtki bo’lgan. Ushbu atama ko’hna Rim hukmdorlari unvonini
anglatuvchi "kesar”, bizning tilimizdagi "qaysar” so’zidan kelib chiqqan. Yoki
tibbiyotning muhim sohasi bo’lmish gigiyenani eslaylik. Dalillarga qaraganda,
bu nom Akspleyga bag`ishlangan asarlarning ayrimlarida u bilan yonma-yon
tasvirlangan dilbar qizi Gigiyeyaning ismidan olingan. Ilion
jangidan so’ng Kichik Osiyoda qo’nim topgan Podariliy esa o’sha yerlik shohning
tomdan yiqilib, ancha kundan buyon behush yotgan qizini qon olish yo’li bilan
sog`aytirgan. Demak, bu terapevtik muolajaning asl ildizi ham olis o’tmishdayoq
nish urgan deyish mumkin.
Sirli va zavol topmas tarix sahifalarida
tibbiyotga taalluqli bunday asotirlar ko’p uchraydi va barchasining zamirida
muayyan darajada haqiqat yotadi...
Abdunabi HAYDAROV,
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan
jurnalist
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.