Yuklanmoqda...

Avtomobillardan ehtiyot bo`ling! 

1319

Avtomobillardan ehtiyot bo`ling! Yo'q, bu gal yo'l harakati qoidalari haqida emas, balki shahar ko'chalarini to'ldirib to'xtovsiz o'tayotgan avtomobillarning atrof-muhitga yetkazayotgan ulkan zarari haqida gap ketadi.
 Yildan-yilga avtomobillarning soni va turlari ko'payib bormoqda, avtoulovlarning egalari uchun qulayliklar ham oshib bormoqda.
 Bugun jahon yo'llari bo'ylab 500 million avtomobil yurmoqda, 2030 yilga borib ularning soni 1 milliardgacha yetishi kutilgan. lqtisodchilarning taxmini bo'yicha 23 yildan so'ng avtomashina egalarining soni ikki barobarga ko'payadi. Ekologlarning fikrichi? Ularning fikri kishini quvontiradi deb bo'lmaydi. Chunki bugungi kunda shaharlarimiz havosini buzayotgan zararli moddalarning foizini avtomobil dvigatellari chiqarmoqda.    
 Hisob-kitoblarga ko'ra, 1 ta yengil avtomobil kun davomida 1 kilogrammgacha turli zararli gazlarni havoga chiqaradi. Ularning tarkibida 3 foizga yaqin uglerod oksidi, 0,6 foiz azot oksidi, 0,5 foiz uglevodorodlar, 0,006 foiz oltingugurt oksidi bor. Avtomobil yonilg'isida qo'rg'oshin birikmasi bor. U ham havoga chiqadi.
 Bundan tashqari avtomobil doimiy harakatda bo'lganda va ayniqsa, sirpanib to'xtaganda rezina g'ildiraklari yemiriladi va shu tariqa minglab tonna rezina changi havoga ko'tariladi. Avtomobillardan chiqqan gazlar bizning o'pka, qon, yurak, markaziy asab tizimimizga yetib boradi. 
 Atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi avtomobil dvigateli va yonilg'isiga bog'liq. Ekologlarning hisoblariga qaraganda, bir tonna dizel yonilg'isi yonganda havoga 9 kg. uglerod oksidi (isli gaz) chiqariladi. U esa inson qonidagi qizil sharlar - eritrotsitlarga ta'sir etadi, o'z o'rnida ularning kislorod yetkazib berish qobiliyati yo'qoladi. Natijada organizmda kislorod yetishmaydi, bu esa o'z navbatida markaziy asab tizimiga ta`sir etadi.                       
 Azot oksidlaridan nafas olish og'ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Shahar ko'chalarida avtomobillar tirband turib qolgan paytlarda zaharli gazlar chiqishi haddan ziyod oshib ketadi. Shu bois ham Toshkentda ravon yo'llar, ko'priklar, yerosti o'tish yo'llari, yuk avtomobillarining shahar ichiga kirishini cheklash, halqa yo'liar qurilishi kabi ishlarga katta e`tibor berilmoqda. Respublikamiz shaharlarida ekologlar «Toza havo» amaliyoti o'tkazib turishini bilasizmi? Bundan ko'zlangan maqsad, nosoz avtomobil dvigatellari tufayli shaharlarimiz ekologik vaziyatini buzayotgan haydovchilarni aniqlash.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.