Sirli dengiz sirlari 

7 378

  Qadimgi diniy kitoblarda (Tavrot, Injil va Qur’on) yer yuzidagi to’rt daryo jannatdan chiqqan, ular jahonning to’rt tomoniga qarab oqadi, suvi shirin, deb izohlanadi. Bu daryolar qudratli Nil, injiq Efrat, toshqin Jamna va asov Jayhun daryolaridir. Ular to’g’risida yuzlab, minglab kitoblar yozilgan, afsona va rivoyatlar to’qilgan.
  So’nggi yillarda Amudaryo va Orol dengizi haqida shunchalik ko’p gapiriladi va yoziladiki, tarixda hech bir dengiz yoki daryo haqida bunchalik ko’p yozilmagan bo’lsa kerak. Orol fojeasining bosh aybdori, avvalo ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tuzum bo’lgan bo’lsa, ikkinchi aybdor tabiatning o’zginasidir. Ushbu munozarali mavzuni to’la tasavvur etish uchun Orol va Amudaryoning uzoq o’tmishi bilan qisqacha tanishib olish lozim.
  Xo’sh, Orol qachon paydo bo’lgan? Ba’zi olimlar Orolning paydo bo’lishiga 30 ming yil bo’lgan desalar, boshqa birovlar 300-400 yildan oshmaydi demoqdalar. Professor S.P.Tolstov esa ularga nisbatan kinoya bilan: "Bu katta farq 300-400 yil qayda-yu, 15-30 ming yil qayda?!” – deb yozgan edi "Qadimgi Xorazm” asarida.
  Grek tarixchisi Gerodot, yahudiylarning payg’ambari Iezekil, xitoy, arab savdogarlari Chjan-Kan, Maqsudiy va boshqalar Amudaryoni Oksus, O’g’uz, Oka, Ukuz, Guy-shuy, Jayhun, Gixon, Vaxsh, Amul (yoki Amin) deb tilga oladilar.
  Ayrim manbalarda Kaspiyni Xorazm dengizi deb ham ataganlar. Orol dengizi va Amudaryoning paydo bo’lishi O’rta Osiyo xalqlari tarixi bilan chambarchas bog’liqdir.
Yunon tarixchisi Gerodot va yahudiylarning payg’ambari Iezekil Amudaryo haqida umumiy va mutlaqo mustaqil fikr bildirganlar. Gerodotning yozishicha, Eron shohi Doro-I Xorasmiya mamlakatini bo’ysundirish uchun suvsiz qoldirmoqchi bo’lgan va daryoga katta to’g’on qurdirgan. Natijada bir necha yillar Xorazm Doroga bo’ysungan, daryo boshlanadigan joyda esa "ulkan dengiz” paydo bo’lgan. Ammo muallif dengiz nomini aniq yozmagan. Iezekil esa faktni Alloh taolo nomi bilan bog’laydi: "Xudo g’azabidan tog’lar larzaga kelgan, jarlik paydo bo’lgan. Natijada daryo o’z yo’lini o’zgartirgan va ulkan oqmas ko’l paydo bo’lgan,”- deb yozadi. Gerodot va Iezekillar turli mintaqalarda bir-biridan qariyb 300 yil oraliqda yashab ijod etgan bo’lsalar-da, Amudaryo masalasida bir xil qarashni bayon etganlar. Demak, o’tmishda Sirdaryo va Zarafshon Amudaryoning irmoqlari edi, degan fikr haq bo’lib chiqadi. Amudaryo bilan Sirdaryo Chorjo’y-Buxoro, so’ngra Tuyamo’yin darasi atroflarida qo’shilishgan bo’lishi mumkin.
 Abu Rayhon Beruniy Amudaryoni Qoraqumning shimoli-g’arbiy tomonidan Hazor (Kaspiy) dengizigacha oqib borgan, deb yozadi. Tarix fanining otasi Gerodot, yahudiylar payg’ambari Iezekil, hamda "Tohir va Zuhra” afsonasi ham shu fikrni tasdiqlaydilar.
 Yuqorida tilga olingan tarixiy rivoyatlar, xalq afsonalaridagi fakt va misollarni tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, qachonlardir O’rta Osiyodagi barcha daryolar Amudaryoning irmoqlari bo’lgan, ular Pomir, Oloy, Tyanshan tog’laridan boshlanib, Kaspiy dengiziga quyilgan.
Yodgora ABDULLAYEVA,
Xorazm viloyati

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.