Yuklanmoqda...

Dunyoning geosiyosiy tizimi va uning shakllanishi


"Geosiyosat”  tushunchasi  fanga  birinchi  marotaba  shvetsiyalik  olim Rudolf Chellen tomonidan kiritilgan bo‘lsa-da, fanga oid ilmiy manbalarda fanning "otasi” sifatida nemis olimi Fridrix Ratsel nomi qayd qilinadi. Fanning rivojlanishida geografiya, siyosatshunoslik, tarix, etnogeografiya, sotsiologiya  kabi  fanlarning  ahamiyati  katta.  Fanning  obyekti  bo‘lib, dunyoning geosiyosiy tuzilishi va xalqaro dunyoviy targ‘ibot tushunilsa, jamiyatda  kechayotgan  har  xil  darajadagi  ijtimoiy-siyosiy  jarayonlar, ularning yuzaga kelishi,  harakatlanishi va o‘zgarib borishini  o‘zida aks ettiruvchi voqealar rivojini tahlil qilish uning predmetini tashkil etadi. 

Geosiyosat fani, asosan, uch xil ilmiy yondashuv ta’sirida rivojlangan. Sivilizatsion yondashuv tarafdorlari insoniyat tarixini davlatlar yoki yirik imperiyalar emas, balki turli  madaniy-diniy jamoalar – sivilizatsiyalar rivojlantiradi degan fikrni bildiradilar. N. Y. Danilevskiy, K. N. Leontyev, P. N. Savitskiy, L. N. Gumilyov, A.Toynbi, S. Xantington kabilar ushbu oqim g‘oyalari rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar. Garvard universiteti professori S. Xantingtonning 1993-yil chop etilgan "Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi”  deb  nomlangan  kitobida  XXI asrning asosiy  munozarali to‘qnashuvlar negizi bo‘lib iqtisod yoki mafkura emas, balki sivilizatsiyalar chegaralari kesishgan hududlar hisoblanishini ta’kidlab o‘tadi. 

Harbiy-strategik yondashuv tarafdorlari N. Makiavelli, K. fon Klauzes, X. I. Moltke, A. Mexen, D. A. Milyutin kabilar dengizbo‘yi davlatlarining tarixi geografik o‘rni, qirg‘oq chegara chiziqlarining uzunligi va  ko‘rinishi, istiqomat qiluvchi aholi soni hamda ularga xos bo‘lgan xususiyat kabi omillar ta’sirida shakllanadi degan fikrni bildirganlar. Mazkur oqim vakillarining g‘oyalari umumiy holda dengizbo‘yi davlatlarining kontinental (quruqlik ichkarisidagi) davlatlarga nisbatan jahon siyosiy sahnasida yetakchilikka erishish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan, harakatlar yo‘nalishini ko‘rsatib berishdan iborat bo‘lgan, deb hisoblash mumkin. 

Geografik  determinizm  geosiyosatda  mavjud  bo‘lgan  eng  qadimiy yondashuv  hisoblanadi.  Ushbu  g‘oya  tarafdorlari  tabiiy  muhit  (iqlim, tuproq, daryo, dengiz va b.) jahon tarixi hamda insonlar hayot tarziga ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblaydilar. Bu fikrlar qadimiy dunyo olimlaridan Gerodot, Gippokrat, Polibiy, Aristotel kabilar tomonidan shakllantirilgan, keyinchalik uning rivojlanishida J. Baden, Sh. Monteskye, A. fon Gumboldt kabilarning xizmatlari katta bo‘lgan. Ular tomonidan ko‘rsatib berilgan tabiiy muhit unsurlari orasida aynan iqlim insonlar atvorining shakllanishi va davlatlarda mavjud siyosat xususiyatlarni yuzaga kelishida sababchi bo‘lgan asosiy omil sifatida qaralgan.

Geosiyosatda mavjud barcha qarashlar makon (hudud) ustidan nazorat g‘oyasini rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur fan aynan davlat yoki davlatlar ittifoqi tomonidan makon ustidan nazorat o‘rnatishning asosiy yo‘nalishlari va  shakllarini  tadqiq  qilishi  bilan  ajralib  turadi.  Nazorat  qilinayotgan yoki nazorat qilinishi rejalashtirilayotgan hudud geosiyosiy maydon deb nomlanadi.  Bundan  tashqari  kuchlar  nisbati,  siyosiy  makon,  chegara, geosiyosiy qiziqish kabi geosiyosiy tushunchalar ham mavjud.

Geosiyosat nuqtayi nazaridan insoniyat tarixi turli geosiyosiy davrlarning qat’iy ketma-ketligidan iborat. Dunyo geosiyosiy tizimining shakllanishida Vestfal, Vena, Versal, Potsdam va Belovej davrlarining ahamiyati katta. 1648-yil O‘ttiz yillik urushning tugashi munosabati bilan imzolangan Vestfal shartnomasi  Yevropada  Ispaniya,  Portugaliya,  Gollandiya  keyinchalik Angliya, Shvetsiya va Fransiya kabi markazlashgan kuchli davlatlarning jahon  siyosiy  maydonida  hukmronlik  qilish  uchun  o‘zaro  kurashga kirishishiga  sababchi  bo‘lgan.  Bu  bosqich  XIX  asrning  boshlarigacha davom etgan.
1814-yil sentabr – 1815-yil iyun oylarida fransuz inqilobi yuz berishi va Napoleon armiyasi mag‘lubiyati bilan Yevropada yuzaga kelgan siyosiy holat Vena kongressida o‘rganib chiqilgan va bu jarayon yangi – Vena geosiyosiy davrining boshlanishiga sababchi bo‘lgan. Rossiya, Avstro-Vengriya, Britaniya, Germaniya, Fransiya va Usmoniylar imperiyasining siyosiy mavqelarining ortishi va ular o‘rtasida dunyoni bo‘lib olishga bo‘lgan siyosiy raqobatning kuchayishi; XIX asr oxirlarida AQSH va Germaniyaning iqtisodiy jihatdan tez sur’atlar bilan rivojlanishi; Germaniya, Avstro-Vengriya va Italiyaning siyosiy jihatdan birlashuvi natijasida Uchlar ittifoqining yuzaga kelishi; Fransiya, Angliya va Rossiyaning esa  Antanta ittifoqiga birlashuvi; ikki ittifoq o‘rtasida yuzaga kelgan Birinchi jahon urushining Uchlar ittifoqi mag‘lubiyati bilan tugashi bu davrning muhim geosiyosiy voqeliklari hisoblanadi.

1919-yil 28-iyun  kuni Fransiyaning Versal shahrida  Birinchi Jahon urushi tugashi munosabati bilan shartnoma imzolanishi bilan geosiyosatda Versal  davri  boshlandi.  Shartnomaga  ko‘ra,  Fransiyaning  kontinental, Angliyaning esa dengizdagi qudratli imperiyalarga aylanishi; Germaniya, Avstro-Vengriya, Rossiya va Turk imperiyalarining inqirozga uchrashi; 1917-yil oktabridan boshlab jahonda ilk sotsialistik tuzumga ega bo‘lgan respublikalar ittifoqining paydo bo‘lishi; jahon davlatlari orasida AQSH siyosiy va iqtisodiy mavqeining kuchayishi; 1939-yilda Ikkinchi jahon urushining  boshlanishi  ushbu  davrga  xos  asosiy  tarixiy  voqeliklar hisoblanadi.

1945-yil Germaniyaning Potsdam shahrida Ikkinchi jahon urushi tugashi munosabati bilan Potsdam shartnomasining imzolanishi  bilan  to‘rtinchi geosiyosiy davr boshlandi. Dunyoda biopolyar (ikki qutbli) holatning yuzaga kelishi: Sobiq Ittifoq va uning tarafdorlari kontinental, AQSH va uning tarafdorlari esa dengizdagi qudratli davlatlarga aylanishi;  ikki qudratli blok o‘rtasidagi sovuq yadroviy urush xavfining yuzaga kelishi mazkur davrdagi asosiy siyosiy jarayon hisoblanadi. 

1991-yil 8-dekabr kuni Belarusdagi Belovej Pushchasi qo‘riqxonasida SSSR davlati rasman tugatilishi munosabati bilan Belovej shartnomasining imzolanishi  hozirgi  davrda  eng  so‘nggi  geosiyosiy  bosqichning boshlanishiga  turtki  bo‘ldi.  Uning  o‘rnida  12  ta  mustaqil  davlatning yuzaga kelishi va ularning MDH tarkibida birlashuvi; jahonda sotsialistik tuzumning  yemirilishi;  Yevropaning  bir  qator  davlatlarida  (GFR, Yugoslaviya,  Chexoslavakiya) yuz  bergan siyosiy o‘zgarishlar; NATO harbiy bloki mavqeyining kuchayishi kabilar davrga xos asosiy siyosiy o‘zgarishlar hisoblanadi. Aytib o‘tilganidek, bu davr hali o‘z nihoyasiga yetgan emas. Bundan kelib chiqadiki, Belovej davriga xos bo‘lgan yana bir qator siyosiy o‘zgarishlar yuz berishi mumkin.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar