O`zbekistonda tabiat komplekslarining o`zgarishini bashoratlash 

5 005

  O‘zbekistonda shakllangan tabiat komplekslari rivojlanishi va tuzilishining asosiy qonuniyatlarini, ularda vujudga keladigan tabi­iy geografik jarayonlarni, inson faoliyati ta’sirida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni o‘rganish asosida kelajakdagi o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlarini bashorat qilish mumkin.
  O‘zbekistonda asosan tekislik, tog‘ oldi va tog‘ tabiat kom­plekslari tarqalganligi uchun bashoratlash ishlari ikki yo‘nalishda olib borilishi lozim. 
  O‘zbekistonda tekislik tabiat komplekslaridan hozirgi paytda asosan chorvachlik va suq‘orma dehvonchilik maqsadlarida foy­dalaniladi.
  Cho‘l yaylovlaridan ham turlicha foydalaniladi. Qizilqum, Qarnob va Surxondaryo yaylovlaridan yuqori darajada foydalanil­sa, Ustyurt platosi, Qizilqumning shimoli g‘arbi, Orol dengizining qurigan qismidagi yaylovlardan umuman foydalanilmaydi.
  Ustyurt platosi hozirgi paytda, asosan, inson faoliyati ta’sirida o‘zgarmoqda. Bu yerda geologik-qidiruv ishlari, yo‘l qurilishi, gaz quvurlarining yotqizilishi, ayrim joylarda muhandislik inshootlarining qurilishi inson xo‘jalik faoliyatining asosi hisoblanadi.
  Kelajakda gaz va neft konlarining qidirilishi va ularning ishga tushirilishi, yo‘llarning qurilishi, aholi manzilgohlarining barpo qilinishi munosabati bilan texnogen eroziya keng rivojlanishi mumkin.
  Tog‘ oldi va tog‘ tabiat komplekslarida insonning mehnat faoliyati juda xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tog‘ oldi tabiat komplekslari kuchli o‘zgargan, adirlar va past tog‘lar kamroq o‘zgargan, o‘rtacha va baland tog‘lar tabiat kom­plekslari kuchsiz o‘zgargan hi­soblanadi.
  Tog‘ oldi tekisliklarining ta­biat komplekslari o‘zgarishining bashoratini Mirzacho‘l misolida ko‘rib chiqamiz. Mirzacho‘lning deyarli barcha yerlari o‘zlashtirib bo‘lingan. Mirzacho‘ldagi tabiat komplekslarining kelajakdagi o‘zgarishini bashoratlashda yerosti suvlari sathi, ularning minerallashish darajasi hisobga olinmog‘i lozim. Mirzacho‘l yerlaridan doimiy yuqori hosil olish uchun yerosti suvlari sathining 2,5 m chuqurlikda va ularning minerallashish darajasini 3-5 g miqdorida ushlab turish lozim. Shunda sho‘rlanish jarayoni ro‘y bermaydi. Buning uchun vertikal va gorizontal zovurlar yaxshi ishlashi, yerni yuvish ishlari vaqtida olib borilishi lozim. Aks holda yerosti suvlari sathining ko‘tarilishi va ularning bug‘lanishi natijasida yerlar sho‘rlanib ketadi va ishdan chiqadi.
  Tog‘-kon sanoati rivojlangan hududlarda tabiat komplekslarining o‘zgarishini bashoratlashda quyidagilarga e’tibor beriladi: a) konning maydoni va loyihadagi chuqurligi; b) konni qazib olish usuli (yopiq yoki ochiq tarzda); d) kondan va qayta ishlovchi korxonalardan chiqadigan chiqindilarning yillik miqdori va ular egallaydigan maydon; e) konni qazib olish jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush tabiiy geografik jarayonlar; f) konni qazib olish jarayonida tuproq, o‘simlik, suv va hayvonot dunyosining o‘zgarishi va h.k.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.