O`zbekistonda tabiat komplekslarining o`zgarishini bashoratlash
O‘zbekistonda shakllangan
tabiat komplekslari rivojlanishi va tuzilishining asosiy qonuniyatlarini,
ularda vujudga keladigan tabiiy geografik jarayonlarni, inson faoliyati
ta’sirida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni o‘rganish asosida kelajakdagi
o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlarini bashorat qilish mumkin.
O‘zbekistonda asosan
tekislik, tog‘ oldi va tog‘ tabiat komplekslari tarqalganligi uchun
bashoratlash ishlari ikki yo‘nalishda olib borilishi lozim.
O‘zbekistonda tekislik tabiat
komplekslaridan hozirgi paytda asosan chorvachlik va suq‘orma dehvonchilik
maqsadlarida foydalaniladi.
Cho‘l yaylovlaridan ham turlicha
foydalaniladi. Qizilqum, Qarnob va Surxondaryo yaylovlaridan yuqori darajada
foydalanilsa, Ustyurt platosi, Qizilqumning shimoli g‘arbi, Orol dengizining
qurigan qismidagi yaylovlardan umuman foydalanilmaydi.
Ustyurt platosi hozirgi paytda, asosan,
inson faoliyati ta’sirida o‘zgarmoqda. Bu yerda geologik-qidiruv ishlari, yo‘l
qurilishi, gaz quvurlarining yotqizilishi, ayrim joylarda muhandislik
inshootlarining qurilishi inson xo‘jalik faoliyatining asosi hisoblanadi.
Kelajakda gaz va neft konlarining
qidirilishi va ularning ishga tushirilishi, yo‘llarning qurilishi, aholi
manzilgohlarining barpo qilinishi munosabati bilan texnogen eroziya keng
rivojlanishi mumkin.
Tog‘ oldi va tog‘ tabiat komplekslarida
insonning mehnat faoliyati juda xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tog‘ oldi tabiat komplekslari kuchli
o‘zgargan, adirlar va past tog‘lar kamroq o‘zgargan, o‘rtacha va baland
tog‘lar tabiat komplekslari kuchsiz o‘zgargan hisoblanadi.
Tog‘ oldi
tekisliklarining tabiat komplekslari o‘zgarishining bashoratini Mirzacho‘l
misolida ko‘rib chiqamiz. Mirzacho‘lning deyarli barcha yerlari o‘zlashtirib
bo‘lingan. Mirzacho‘ldagi tabiat komplekslarining kelajakdagi o‘zgarishini
bashoratlashda yerosti suvlari sathi, ularning minerallashish darajasi
hisobga olinmog‘i lozim. Mirzacho‘l yerlaridan doimiy yuqori hosil olish
uchun yerosti suvlari sathining 2,5
m chuqurlikda va ularning minerallashish darajasini 3-5
g miqdorida ushlab turish lozim. Shunda
sho‘rlanish jarayoni ro‘y bermaydi. Buning uchun vertikal va gorizontal zovurlar
yaxshi ishlashi, yerni yuvish ishlari vaqtida olib borilishi lozim. Aks holda
yerosti suvlari sathining ko‘tarilishi va ularning bug‘lanishi natijasida
yerlar sho‘rlanib ketadi va ishdan chiqadi.
Tog‘-kon sanoati rivojlangan hududlarda
tabiat komplekslarining o‘zgarishini bashoratlashda quyidagilarga e’tibor
beriladi: a) konning maydoni va loyihadagi chuqurligi; b) konni qazib olish
usuli (yopiq yoki ochiq tarzda); d) kondan va qayta ishlovchi korxonalardan
chiqadigan chiqindilarning yillik miqdori va ular egallaydigan maydon; e)
konni qazib olish jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan noxush tabiiy
geografik jarayonlar; f) konni qazib olish jarayonida tuproq, o‘simlik, suv va
hayvonot dunyosining o‘zgarishi va h.k.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.