Tabiat komplekslarining inson tomonidan o`zlashtirilishi 

8 878

  Tashqi omillar ta’sirida yoki rivojlanish mobaynida landshaftlarning yangi xossalarga ega bo‘lishi yoki avvalgi xossalarini yo‘qotishiga landshaftlarning o‘zgarishi deb ataladi.
Inson xo‘jalik faoliyati tabiatning rivojlanishiga ta’sir etuvchi eng muhim omildir. Inson o‘zining mehnati va ongi yordamida atrofini qurshab olgan tabiatga faqat moslashibgina qolmasdan, balki uni o‘zgartiradi. Tabiatning barcha tarkibiy qismlari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ulardan birining o‘zgarishi boshqalarining holatida ham aks etadi, shu sababli, inson tabiat komplekslarini o‘zgartirar ekan, uning oqibatlari qanday bo‘lishini ham bashorat qila bilishi lozim.
  Yirik suv omborlari qurilganda landshaftda kompleks o‘zgarishlar sodir bo‘ladi: yer osti suvlari sathi ko‘tariladi, namlikning o‘zgarishi natijasida botqoqliklar vujudga keladi, iqlim, tuproq va o‘simlik qoplami o‘zgaradi. Yirik suv omborlarining landshaftlarga salbiy ta’sirini o‘rganish natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, bitta yirik suv ombori qurgandan ko‘ra o‘zaro bir-biriga ta’sir etuvchi kichikroq suv omborlari tizimini qurish ancha qulay ekan.
  Hozirgi paytda sayyoramizda antropogen landshaftlar keng tarqalgan. Ular madaniy va buzilgan landshaftlarga bo‘linadi.
  Madaniy landshaft insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida ongli ravishda o‘zgartiriladi va u inson ehtiyojlari uchun foydalanishga qulay holatda saqlab turiladi. Madaniy landshaftlarga bog‘lar, ekin dalalari, shaharlar, suv omborlari, dam olish zonalari va boshqalar kiradi.
  Buzilgan landshaftlar insonning tabiatga nooqilona ta’siri nati­jasida vujudga keladi. Ekin dalalaridagi jarlar, suv omborlari yonidagi botqoqlar, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash hududlaridagi surilmalar, o‘pirilishlar va tashlamalar uyumini buzilgan landshaftlar qatoriga kiritish mumkin. Ularni qayta tiklash ishlariga juda katta mablag‘ talab qilinadi. Hozirgi paytda mazkur landshaftlar qayta tiklanib, ulardan xo‘jalik maqsadllarida foydalanilmoqda. Masalan, AQSHda bunday joylar yaylovlarga aylantirilgan, Ukrainada qishloq xo‘jaligi, Germaniyada rekreatsiya maqsadlarida foydalaniladi.
  Landshaftlar o‘zgarish darajasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
 Kuchsiz o‘zgarish landshaftlar. Mazkur landshaftlarda ayrim komponentlargina o‘zgaradi. Masalan, cho‘llarda o‘simliklar va hayvonlarning ayrim turlari o‘zgarishi mumkin. Ammo komponentlar orasidagi bog‘liqlik buzilmagan bo‘ladi.
  O‘rtacha o‘zgargan landshaftlar. Bunda komponentlar orasidagi o‘zaro bog‘liqlik va uyg‘unlik buziladi. O‘simlik, tuproq, relyef va hayvonot dunyosi o‘zgaradi. Yaylovlar yaroqsiz holga keladi va begona o‘tlar katta maydonni egallaydi.
 Kuchli o‘zgargan landshaftlar. Bunda barcha tabiat kompo­nentlarining yangi sharoitga moslashgan aloqalarining vujudga kelishi ro‘y beradi. Oqibatda, taqir va taqirli tuproqlarda, botiqlarda sho‘rxoklar yoki botqoqlar taqirli tuproqlarning cho‘l qum tuproqlariga aylanishi kuzatiladi. Yaylovlarda hosildorligi kam, ikkilamchi o‘simliklar keng tarqaladi.
 Juda kuchli o‘zgargan landshaftlar. Bunda litologik asosdan tashqari barcha komponentlar (tuproq, o‘simlik, mikroiqlim, yer osti va usti suvlari, hayvonot dunyosi) kuchli va juda kuchli o‘zgarishga uchraydi. Masalan, botqoq tuproq o‘tloq-taqir, ba’zi joylarda esa sho‘rxokka, o‘tloq-taqir tuproqlar taqir tuproqqa aylanib ketadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.