Tabiat komplekslarining barqarorligi va uni xo`jalik ishlarida hisobga olish
Har bir tabiat kompleksi ma’lum bir
barqarorlikka ega. Tabiiy va tabiiy-atropogen landshaftlarning
barqarorligi deb, ularning tashqi ta’sirlarga nisbatan o‘z tuzilishini saqlab qolish
imkoniyati tushuniladi. Tashqi bosim olib tashlanganidan so‘ng landshaftlar
ma’lum vaqt o‘tgach o‘z holiga qaytishi mumkin. Masalan, lalmikor yerlarda
dehqonchilik qilinmasa, ular yana ilgarigi tabiiy holiga qaytishi mumkin.
Antropogen landshaftlarning barqarorligi
deb, ma’lum bir sharoitda landshaftlarning o‘z ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini
bajara olish qobiliyatiga aytiladi. Masalan, har qanday tabiiy ofatlar
(qurg‘oqchilik, sel, suv toshqinlari, ifloslangan havo, sho‘rlanish,
ifloslangan suv) va ta’sirlarga qaramasdan antropogen landshaftlar
hosildorligining saqlanib qolishi va h.k.
Landshaftlarning barqarorligi ular
komponentlarining o‘zaro aloqasi, uyg‘unligi va harakatiga bog‘liq. Masalan, qumli
cho‘llarda komponentlar o‘rtasidagi aloqa kuchsizroq, shuning uchun bu
yerlarda landshaftning tuzilishi tashqi ta’sirlar natijasida tez o‘zgarishi
mumkin. Qumli cho‘llarda chorva mollarining ko‘p boqilishi natijasida
o‘simliklarning tarkibida o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin, bu esa landshaft
tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi.
Tog‘ yonbag‘irlarida o‘simliklar qalin
o‘sadigan joylarda tog‘ jinslari tuproq-o‘simlik o‘rtasida bog‘liqlik mustahkam
bo‘ladi. Mazkur yonbag‘irda sel, eroziya, surilma kam sodir bo‘ladi. Chunki
yonbag‘irlar tashqi ta’sirga nisbatan barqaror bo‘ladi. Mabodo, mazkur o‘simlik
qoplami yo‘q qilinsa, barqarorlik keskin kamayib, turli salbiy hodisalar ro‘y
bera boshlaydi.
Shuning uchun tabiat komplekslari
landshaftlarning barqarorligini xo‘jalik ishlarini olib borishda hisobga
olish muhim ahamiyatga ega.
Sug‘orma dehqonchilik hududlarida
yerlarning hosildorligi landshaftlarning barqarorligi bilan chambarchas
bog‘liq. Tog‘ etaklaridagi landshaftlar barqarorligi bilan ajralib turadi.
Mazkur joylarda yer osti suvlari ancha chuqurda joylashgan, shuning uchun bu
yerlarda sho‘rlanish hodisalari kuzatilmaydi. Qiya joylarda esa noto‘g‘ri
sug‘orish natijasida jarlar rivojlanishi mumkin.
Tekislikda, ya’ni cho‘llarda joylashgan
yaylovlarda landshaftlar barqarorligi past darajada bo‘ladi. Shuning uchun
ushbu hududlarda landshaftlar barqararligi chorvani noto‘g‘ri
boqish, mavjud o‘simlikni kesish va qirqish, payhon qilish va texnik eroziya
tufayli keskin pasayib ketishi mumkin. Buning natijasida chorva mollari
yemaydigan o‘simlik turlari o‘sib chiqadi va ko‘payadi. Masalan, qumli
yaylovlarda isiriq, selen, quyonsuyak, juzg‘un, taqirli yaylovlarda yulg‘un,
sho‘ra, oqbosh, qo‘shbarg va boshqalar tarqalishi mumkin.
Yaylovlarning barqarorligini ta’minlash
uchun chorva mollarini boqishni to‘g‘ri tashkil qilish, yaylovlarga «dam
berish», o‘simliklarni qirqishni to‘xtatish, avtomobillarning harakatini
ma’lum bir yo‘nalishda amalga oshirish lozim.
Tuproq suv, havo o‘z-o‘zini tozalash qobiliyatiga ega.
Tog‘lardagi tuproq va suvning o‘z-o‘zini tozalash xususiyati yuqori, ammo bu
xususiyat tekisliklarda kam. Shamol va yog‘inlar ta’sirida havo doimo
o‘z-o‘zidan tozalanib turadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.