Geografik prognoz
Inson xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanar ekan, tabiiy sharoitning shu kundagi holati bilangina emas, balki kelajakda ro‘y beradigan turli o‘zgarishlar bilan ham qiziqadi. Binobarin, tabiiy sharoit o‘zgarishini inson manfaatlari nuqtayi nazaridan oldindan prognoz qilish va chuqur tahlil qilish katta ahamiyatga ega.
Fanda biror hodisa yoki biron-bir obyekt holatining o‘zgarishini oldindan ko‘ra bilish va ayta olish prognoz deb ataladi.
Geografik prognozlash – tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy muhitning rivojlanishi va o‘zgarishi haqida ma’lumotlar to‘plash va qayta ishlash jarayonidir.
Geografik prognoz deb, tabiiy muhit va hududiy ishlab chiqarish majmualarining o‘zgarishidagi asosiy yo‘nalishlarni ilmiy jihatdan oldindan asoslab berishga aytiladi.
Geografik prognozlar bir necha variantlarda amalga oshiriladi. Ulardan avvaliga nisbatan yaxshi bo‘lgan bir nechtasi, keyinchalik esa eng maqbul varianti tanlab olinadi va mazkur variant asosida barcha hisob-kitob ishlari bajariladi.
Geografik prognozlar turli muddatlarga tuziladi. Shuning uchun prognozlar muddatiga ko‘ra, quyidagi turlarga bo‘linadi: operativ prognoz 1 oy muddatga, qisqa muddatli prognoz 1 oydan 1 yilgacha, o‘rta muddatli prognoz 1 yildan 5 yilgacha, uzoq muddatli prognoz 5 yildan 15 yilgacha, juda uzoq muddatli prognozlar 15 yildan ko‘proq muddatga ishlab chiqiladi.
Tabiiy geografik prognozni amalga oshirish uchun geotizimlar komponentlarining prognozli xossalarini aniqlab olish talab etiladi. Ma’lum bir joyning relye♏ , tog‘ jinslari, tuproqlari, suvlari, o‘simligi va hayvonot dunyosi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Bu xususiyatlar haqidagi ma’lumotlar tabiiy geogra♏ k prognozlarda ishlatiladi.
Geotizimlar komponentlarining tabiiy muhit ifloslanishini kamaytirish xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1. Relyef. Botiqlar texnogen mahsulotlarni (chiqindilarni) to‘plovchidir. Balandliklar esa ularni tarqatib yuboruvchidir. Yonbag‘irlar qiyaligi ularning parchalanish darajasi, zichligi, yerosti suvlarining harakatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir qilishi mumkin.
2. Tog‘ jinslari. Suv o‘tkazadigan, suv o‘tkazmaydigan jinslar, ularning qalinligi tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatadi.
3. Suvlar. Ularda erigan organik moddalarning miqdori, yillik oqim miqdori, oqim tezligi muhim ahamiyatga ega. Oqim tezligi qancha yuqori bo‘lsa, ifloslovchi moddalar shuncha tez olib ketiladi. Suvdagi organik moddalar og‘ir metallarning eruvchanligini tezlashtiradi.
4. Tuproqlar. Oksidlanish-qaytarilish, kislotali-ishqorli sharoit. Tuproq ni ifl oslovchi moddalardan o‘z-o‘zini tozalash qobiliyatini belgilab beradi.
5. O‘simliklar. Ifloslovchi moddalarni yutadigan o‘simliklar turlari. Mazkur xususiyatlar asosida tabiiy muhitning o‘zgarishini oldindan aytib berish mumkin.
Geografik prognozlar sayyoraviy, mintaqaviy va mahalliy miqyoslarda olib boriladi.
Sayyoraviy prognozlar ma’lum bir hududga bog‘lanmagan bo‘lib, geografik qobiq doirasidagi, butun insoiyatga daxldor muammolarga bag‘ishlanadi. Sayyoraviy geografik prognozlarning asosiy maqsadi insoniyatning kelajakdagi hayotini va Yerni saqlab qolishga qaratilgan muammolarni oldindan prognoz qilishdir. Shuning uchun ham mutaxassis va olimlarning ko‘pchiligi hozirgi paytda butun dunyo miqyosida kelajakda kutilayotgan turli noxush hodisalarni prognoz qilish bilan shug‘ullanadi. Atmosfera havosining ifloslanishi, ozon qatlamining yupqalanishi, «issiqxona samarasi»ning vujudga kelishi, cho‘llashish jarayoni, gidrosferaning ifl oslanishi va toza ichimlik suvi muammosi shular jumlasidan. Insoniyatning kelajakdagi hayoti yuqoridagi muammolarning qanday prognoz qilinishi va bartaraf etilishiga bog‘liq.
Mintaqaviy prognozlar biron mintaqa doirasida bir nechta davlatlarga daxldor muammolarning kelajakdagi o‘zgarishini oldindan asoslab berishga qaratiladi. Jahonning xo‘jaligi yuksak darajada rivojlangan qismlarida jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta keskinlashdi. Buning oqibatida turli xil ekologik muammolar yuzaga keldi, natijada ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar murakkablashdi. Mazkur mintaqalarga O‘rta, Boltiq, Shimoliy, Qora dengizlar, Meksika, Fors qo‘ltiqlari va boshqa joylar kiradi. Ushbu joylarda neft tashilishi, daryolar orqali turli xil zararli moddalarning oqib kelishi, turli sanoat chiqindilarining dengizlarga tashlanishi natijasida tobora ifloslanib bormoqda. Oqibatda dengiz o‘simlik va hayvonot dunyosiga katta zarar yetkazilmoqda, dengiz qirg‘oqlarining rekreatsion imkoniyatlari cheklanmoqda va aholining yashash sharoiti yomonlashmoqda.
Mahalliy geografik prognozlar. Ma’lum bir muhandislik inshooti yoki inshootlar guruhining tabiiy muhitga ta’sirini oldindan asoslab berish mahalliy geogra♏ k prognoz deb ataladi. Tabiatga ta’sir etadigan muhandislik inshootlari sanoat korxonasi, suvombori, shaxtalar, yo‘llar, aerodromlar, shaharlar va boshqalar bo‘lishi mumkin. Masalan, foydali qazilma koni ochiq usulda qazib olinadigan bo‘lsa, hududda botiq hosil bo‘ladi, tashlamalar vujudga keladi, yerosti suvlari sathi pasayadi, noxush jarayon (surilma, ko‘chki, o‘pirilma)lar rivojlanadi, suv, tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi ma’lum joylarda butunlay yo‘qoladi, ma’lum bir joylarda esa katta o‘zgarishlarga uchraydi.
O‘zbekiston tabiat komplekslarining o‘zgarishini prognozlash. O‘zbekistonda shakllangan tabiat komplekslari rivojlanishi va tuzilishining asosiy qonuniyatlarini, ularda vujudga keladigan tabiiy geografik jarayonlarni, inson faoliyati ta’sirida ro‘y beradigan o‘zgarishlarni o‘rganish asosida kelajakdagi o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlarini prognoz qilish mumkin.
O‘zbekistonda, asosan, tekislik, tog‘oldi va tog‘ tabiat komplekslari tarqalgan, shuning uchun prognozlash ishlari ikki yo‘nalishda olib borilishi lozim.
O‘zbekistonda tekislik tabiat komplekslaridan hozirgi paytda, asosan, chorvachilik va sug‘orma dehqonchilik maqsadlarida foydalaniladi.
Foydali qazilmalar topilgan joylarda konchilik sanoatida foydalaniladi. Inson xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq holda tekislik tabiat komplekslari turli darajada o‘zgargan.
Tog‘oldi va tog‘ tabiat komplekslarida xo‘jalik faoliyati xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Tog‘oldi tabiat komplekslari kuchli o‘zgargan, adirlar va past tog‘lar kamroq o‘zgargan, o‘rtacha va baland tog‘lar tabiat komplekslari kuchsiz o‘zgargan hisoblanadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.