Ishlab chiqarishni hududiy tashkil etishning asosiy omillari 

20 623

Ishlab chiqarishni (moddiy va nomoddiy) hududiy jihatdan tashkil etishda, joylashtirishda, albatta hudud shart-sharoitlari va omillari hisobga olinadi. Bu omillarni to‘g‘ri tanlay bilish ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va tizimning rivojlanish qonuniyatlarini asoslashga imkon beradi.

Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda geografik o‘rin, ekologik omil, bozor iqtisodiyoti omillari bilan bir qatorda tabiiy (xomashyo, yoqilg‘i, suv, iqlim), ijtimoiy (mehnat resurslari, iste’molchi) va iqtisodiy (elektroenergiya, transport) omillar e’tiborga olinadi.
 
Muayyan bir ishlab chiqarish tarmog‘ini hududiy tashkil etish­da barcha omillar emas, balki ulardan faqat ayrimlari yetakchi, hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda qaysi bir omil yetakchi ekanligini aniqlash uchun quyidagi formuladan foydalani­ladi: K=O/M bu yerda K — ishlab chiqarish koeffitsienti; O — mazkur korxona yoki umuman ishlab chiqarishni hududiy joylashtirishga ta’sir etuvchi omil; M — mahsulot birligi.

Ushbu formula yordamida ma’lum bir mahsulot birligini hosil qiluvchi barcha omillar alohida-alohida hisoblab chiqiladi (masa­lan, bir tonna shakar olish uchun qancha xomashyo, ya’ni qancha qand lavlagi ishlatiladi, qancha elektroenergiya yoki mehnat sarflanadi). Qaysi omil bo‘yicha yirik son chiqsa, odatda uning ahamiyati shuncha yuqori bo‘ladi va u mazkur ishlab chiqarish tarmog‘ini joylashtirishda belgilovchi, aniqlovchi vazifasini o‘taydi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, ma’lum tarmoqqa kiruvchi barcha korxonalar yoki kichik «tarmoqchalar» uchun bittagina omil tegishli bo‘lmaydi. Jumladan, mashinasozlik tarmog‘iga ki­ruvchi ba’zi bir korxonalarni joylashtirishda xomashyo (metall) ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lsa, boshqasi uchun malakali ishchi kuchi muhim omil hisoblanadi. Endi yuqorida ko‘rsatilgan asosiy omillarga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

Xomashyo. Tabiiyki, ishlab chiqarish jarayonida xomashyo resurslari muhim omil hisoblanadi. Ayrim mahsulotlarni ishlab chiqarishda esa xomashyo boshqa omillarga qaraganda ko‘proq talab etiladi. Shuning uchun bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tarmoqlar va korxonalar mumkin qadar xomashyo rayonlariga yaqin joylashtiriladi.

Sanoatning ba’zi tarmoqlari, masalan, tog‘-kon, o‘rmon, baliqchilik sanoati tarmoqlarining joylashuvi xomashyo bo‘lmagan rayonlarda rivojlanmaydi. Bunday sanoat tarmoqlarining joylashu­vi bevosita foydali qazilmalar yoki tabiiy boyliklar ko‘lami bilan belgilanadi.

Boshqa sanoat tarmoqlarining hududiy hashkil etilishi esa biroz murakkabroq ko‘rinishga ega. Masalan, bir tonna paxta tolasi olish uchun taxminan 3 tonna paxta, bir tonna paxta yog‘i uchun 5 tonna chigit, 1 tonna pista yog‘i uchun 3 tonna kungaboqar, 1 tonna shakar uchun 7 tonna qand lavlagi ishlatiladi.

Yoqilg‘i. Ko‘mir havzalari qora metallurgiya sanoatining dastlabki bosqichi (cho‘yan eritish)ni loyihalashtirishda asosiy rol o‘ynaydi. Ammo uning ta’siri har doim ham yetakchi kuchga ega emas.

Qora metallurgiya (cho‘yan erituvchi) zavodlarini joylashtirish qonuniyatlari bir xil emas. Ma’lumki, qazib olinadigan temir rudasining taxminan 48-50 foizi foydali, bu «o‘rtacha» raqam hamma joyda ham bir xil emas, ayrim konlarda temirning qazib olinadigan rudadagi ulushi atigi 17-19 foizni tashkil etadi. Bunday konlarga Uraldagi Kochkonar yoki Qoraqalpog‘istondagi Tebinbuloq konlarini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu yerlardan qazib olinadigan rudani bevosita domna pechlarida eritib bo‘lmaydi, zero unda kerakli mineraldan ko‘ra foydasiz jinslar ko‘proq. Shu­ning uchun bu ruda dastlab boyitilishi va uning tarkibidagi foydali mineralning hissasi oshirilishi lozim. Boyitilganidan so‘ng ruda tarkibidagi temirning (rangli metallar uchun boyitish jarayoni ayniqsa muhim, chunki ularning rudalar tarkibidagi ulushi ancha past) miqdori bir necha barobar ortadi.

Ammo bu bilan ham uning hissasi yetarlicha bo‘lmaydi. Shuning uchun metallurgiya korxonalari ko‘proq xomashyo rayoniga yaqinroq joylashtiriladi. Ba’zi metallurgiya zavodlari xomashyo va yoqilg‘i rayonlari o‘rtasida joylashgan, zero mazkur sanoat tarmog‘i uchun bu ikki omilning ahamiyati deyarli bir xil. Bunga yorqin misol bo‘lib Cherepoves metallurgiya kombinatini (Rossiya Federatsiyasi) ko‘rsatish mumkin. U Pechora kokslanuvchi ko‘mir havzasi bilan Kola yarimoroli temir rudasi konlarining o‘rtasida qurilgan.

Elektroenergiya (elektr quvvati). Hozirgi zamon ishlab chiqarishini, hatto transportni, qishloq xo‘jaligini elektr quvvatisiz tasavvur qilish qiyin. Bu sohaning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u yaratgan mahsulotni, ya’ni elektr quvvatini jamg‘arib omborxonalarga yig‘ib bo‘lmaydi, undan ayni paytning o‘zida foydalanish kerak.
Odatda elektr quvvati omilini ishlab chiqarishning hududiy tashkil etilishida eng avvalo uning arzon turiga ahamiyat beriladi. Arzon elektr quvvati GESlardan olinadi, issiqlik elektr stansiyalarida esa ko‘mir, mazut yoki gaz sarflanadi.

Elektr quvvati omiliga quyidagi misollarni keltirish kifoya: 1 tonna titan ishlab chiqarish uchun (titan po‘latdan bir necha marta yengil va chidamli) 40-50 ming kVt/soat, aluminiy uchun 17-19 ming kVt/soat, misni tozalash, temir qotishmalarini ishlab chiqa­rish, elektr pechlarida po‘lat eritish uchun ularning har bir tonnasiga 8-10 ming kVt/soat atrofida elektr quvvati sarflanadi.

Tabiiyki, bunday korxonalarni arzon elektr quvvati manbalariga yaqin joylashtirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Tursunzoda (Regar) shahridagi aluminiy zavodi Norak GESiga yaqin joyda qurilgan. Demak, elektr quvvati bir qator sanoat korxonalarini o‘z atrofiga omil sifatida «yig‘ar» ekan. Shu sababli, u yirik rayon va majmua hosil qilish quvvatiga ega. Bizning sharoitimizda elektr quvvati yangi yerlarni o‘zlashtirish uchun ham kerak. Jumladan, Qarshi dashtining asosiy qismi Tolimarjondagi bir qator nasos stansiyalari vositasi bilan sug‘oriladi. Elektr quvvati Norak — Tursunzoda (Re­gar) — G‘uzor orqali keladi. Hozirgi kunda esa shu yerning o‘zida juda yirik, mahalliy tabiiy gaz asosida ishlaydigan Tolimarjon GRESi qurilmoqda.

Suv va iqlim sharoiti ham ishlab chiqarish tarmoqlarini joy­lashtirishda katta ahamiyatga ega. Suv manbalari, ayniqsa, kimyo, yog‘och-selluloza, metallurgiya zavodlarining faoliyatiga sezilarli ta’sir qiladi. Jumladan, cho‘yan erituvchi pechlarni sovitish uchun ham suv kerak.

Suv va iqlim sharoitlari boshqa sanoat korxonalarini qurishda ham e’tiborga olinadi. Qishloq xo‘jaligi uchun bu omilning ahamiyati katta. Chunonchi, O‘rta Osiyo, xususan, O‘zbekistonda an’anaviy dehqonchilik uning issiq va quruq iqlimiy sharoitida faqat sun’iy sug‘orish asosida olib boriladi.

Aholi va mehnat resurslari. Albatta, har bir ishlab chiqarish jarayoni ishchi kuchisiz sodir bo‘lmaydi. Bu o‘rinda ikki holni qayd etish lozim: birinchidan, shunday korxonalar borki, ularga son jihatdan ko‘p ishchi kerak. Masalan, tikuv fabrikasi, konserva ishlab chiqarish, paxta yetishtirish va uni qayta ishlash. Ayni bir paytda boshqa bir korxonalarda mehnat resurslarining miqdori ko‘p bo‘lishi shart emas, ularga «oz va soz» malakali ishchi kuchi talab qilinadi. Mazkur korxona va tarmoqlar (radio va asbobsozlik, aniq mashinasozlik va shunga o‘xshash) malakali ishchi kuchi mavjud bo‘lgan shaharlarda, ilmiy-texnik markazlarga joylashtiriladi.

Aholi faqat ishchi kuchi emas, balki u eng avvalo iste’molchi hamdir. Bu omilning roli esa hozirgi kunda, xalqning yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash doirasida keskin oshib bormoqda.

Ijtimoiy qiyinchiliklarga barham berish aholiga kerak bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak va uning boshqa ehtiyojlarini qondiruvchi mahsulotlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarishni taqozo etadi. Shu sababli, iste’mol omili oziq-ovqat korxonalarini o‘ziga «tortadi», ya’ni bunday zavod va fabrikalar bevosita aholi yashovchi maskanlarga joylashtiriladi. Iste’mol omili faqat xalq ehtiyoji bilan belgilanmaydi. Ishlab chiqarishning talabi, boshqa xil mahsulotlarning keng miqdorda sarflanishi, ularning transportda keltirishning noqulayligi ham bunday korxonalarni iste’mol rayonlarida qurilishini nazarda tutadi. Masalan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi o‘sha mintaqaning ishlab chiqarish ixtisoslashuviga muvofiq shu yerda rivojlanishi zarur.

Umuman, qaysi rayon nimaga ixtisoslashsa, bu yerda shunga mos mashinasozlik tarmog‘i yaxshi rivojlangan bo‘lishi qonuniy bir holdir. O‘zbekistonda paxta teruvchi, Belarusda kartoshka teruvchi, Ukrainada qand lavlagi teruvchi, Gruziyada choy teruvchi mashinalarni ishlab chiqarish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Shuningdek, boshqa sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini ham aholi yashab turgan joylarda bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Transport omili. Bu omil juda muhim bo‘lib, u ishlab chiqa­rishning bevosita davom ettiruvchi tarmog‘i hisoblanadi. Shuning uchun transportning ahamiyati barcha boshqa omillar bilan birga qo‘shilib, uyg‘unlashib ketadi va uni «sof» holda ajratib olish qiyin. Shu bilan birga transport masalasi iqtisodiy-geografik o‘rin omili bilan ham chambarchas bog‘liq, zero bu o‘rin obyektning eng avvalo tashqi iqtisodiy munosabatlarini anglatadi.
Fan-texnika taraqqiyoti omili. Bu omilning ta’siri bir qator tarmoqlarning hududiy tashkil etilishida aniq va ravshan ko‘rinadi (mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo). Shubhasiz, mazkur sanoat tarmoqlariga tegishli ko‘pgina korxonalar, ayniqsa, mashinasozlik zavodlari yuksak darajada ilmiy-texnika qudratiga ega bo‘lgan yirik shaharlarda joylashtiriladi.
 
Ekologik omil. Hozirgi kunda ayrim sanoat korxonalarining faoliyati shu nuqtayi nazardan to‘xtatilgani bejiz emas. Ekologik jihatdan ko‘plab sanoat tarmoqlari va eng avvalo, kimyo, yog‘och-selluloza, go‘sht, konserva, charm zavodlari, issiqlik elektrostansiyalari va shunga o‘xshash korxonalar «nomaqbul» hisoblanadi. Binobarin, ular aholi istiqomat qiladigan markazlardan uzoqda joylashishi lozim.
 
Bozor iqtisodiyoti omili. Bozor iqtisodiyoti — murakkab tushuncha bo‘lib, bosqichma-bosqich o‘tiladigan iqtisodiy munosabatdir. Yevropa davlatlari bu borada boy tajribaga ega, chunki ularda bu munosabat uzoq yillar davomida shakllanib kelgan.
 
Bozor iqtisodiyoti munosabatlariga birdaniga o‘tib bo‘lmaydi, buning uchun avvalo barcha shart-sharoitni yaratish kerak, ya’ni uning o‘ziga xos moddiy, maishiy va madaniy infrastrukturasi bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun bunday munosabatlarga o‘tish tarixan birmuncha uzoq davrni talab etadi va bosqichma-bosqich, ya’ni evolutsion rivojlanishni taqozo etadi.
Bozor iqtisodiyoti — ishlab chiqarish erkinligi, xarid erkinligi va raqobat demakdir. Bunday sharoitda ko‘p ukladli iqtisodiyot, mulkchilikning turli shakllari va sog‘lom raqobat muhitni vujudga keltirish, monopoliyaga qarshi kurash muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, bozor iqtisodiyoti omilini ishlab chiqarish tarmoqlarini hududiy tashkil etish nuqtayi nazaridan tahlil qilar ekanmiz, unda bu boradagi ilgarigi an’anaviy fikr yuritishimiz tamomila o‘zgarib ketadi. Chunki bu sharoitda nimaga ixtisoslashuvini va qayerga joylashtirishni pirovard natijada bozor, raqobat, talab va taklif belgilaydi, davlat esa o‘zining regional (hududiy) va soliq siyosati orqali bu jarayonni boshqarib yoki tartibga solib turadi.

Eslab qoling!
 Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda xomashyo, yoqilg‘i, elektr-energiya, suv, iqlim, mehnat resurslari, iste’mol va trans­port, iqtisodiy geografik o‘rin kabi omillar e’tiborga olinadi. Shuningdek, ekologiya, ilmiy-texnika taraqqiyoti va bozor iqti­sodiyoti omillarining bu boradagi ahamiyati ham ortib boradi. 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.