Moddiy ishlab chiqarish jarayoni haqida tushuncha 

24 947

  Jamiyat va odamlar ehtiyojini qondirish uchun moddiy ne’matlar yaratish va xizmatlar ko‘rsatish ishlab chiqarish jarayoni deb ataladi.
  Ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiy resurslar ishlatiladi. Iqtisodiy resurslarga yer, kapital, mehnat va tadbirkorlik kiradi. Bu resurslar ishlab chiqarish omillari deb ham ataladi.
  Ishlab chiqarishning rivojlanishi unda qo‘llaniladigan omillarning soni va sifatiga bog‘liq. Bu omillarga quyidagilar kiradi:
  Inson omili. Bunga moddiy va ma’naviy ne’matlar yaratish uchun maxsus kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan odamlar kiradi.
  Moddiy omil. Tabiiy (yer) va inson tomonidan yaratilgan (mashinalar, texnika, inshootlar) mehnat vositalaridan iborat.
  Mehnat qurollari. Mazkur omilga qayta ishlanmaydigan, ish­lab chiqarishda bevosita foydalaniladigan tabiiy moddalar kiradi (masalan, shaxtadagi ko‘mir, ruda va h.k.).
Yer omili. Bu tabiiy omil bo‘lib, unga tabiiy boyliklar, foydali qazilmalar, haydaladigan yerlar, bog‘lar, o‘rmonlar va h.k. kiradi.
  Kapital omili. Bu tovar ishlab chiqarishda va xizmat ko‘rsatishda ishlatiladigan ne’matlar majmuasidan iborat. Kapital juda ko‘p qirralarga ega. U ma’lum miqdordagi pul, inson qobiliyati, malaka va ma’lumot bo‘lishi mumkin.
  Tadbirkorlik omili. Bu omil ikki qismdan iborat: 1.Tadbirkor­lik faoliyati, bunda tashabbus, topqirlik, tavakkalchilikdan foy­dalanish ko‘zda tutiladi. 2.Tadbirkorlik qobiliyati inson kapitalining muhim turi bo‘lib, u ne’matlar yaratish va xizmatlar ko‘rsatish uchun boshqa omillarni muvofiqlashtirish va uyg‘unlashtirish faoliyatini o‘z ichiga oladi.
  Moddiy omillar inson omili bilan birikkan taqdirdagina ishlab chiqarish sodir bo‘ladi, hayotiy ne’matlar yaratiladi. Ular, birinchidan, moddiy mahsulotlardan, ikkinchidan, turli xizmatlardan iborat bo‘ladi.
  Ishlab chiqarishning mazkur omillari nuqtayi nazaridan fikr yuritganda O‘zbekiston respublikasining imkoniyati juda yuqori ekanligini ta’kidlash lozim. Chunki O‘zbekiston Respublikasi aholisining 69 foizi yoshlardan iborat bo‘lib, ular salohiyatli mehnat resurslarini, ishchi kuchini tashkil etadi. Bundan tashqari, mamlakat aholisining savodxonlik darajasiga ko‘ra rivojlangan mamlakatlar bilan raqobatlasha oladi. Bu ishlab chiqarishning ko‘p (aqliy  va jismoniy) mehnat talab etuvchi tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud ekanligidan dalolat beradi. Ayni paytda O‘zbekiston hududi (447,4 ming kv.km)da mashhur Mendeleyev davriy jadvalining barcha elementlari topilgan. Demak, mamlakatda ishlab chiqarishning barcha shakllarini rivojlantirish uchun asos bor.
  Ishlab chiqarish o‘zining maqsad-mohiyatiga ko‘ra ikki qismga ajratiladi:
 1. Moddiy ishlab chiqarish — moddiy shakldagi mahsulotlarni, masalan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joy va boshqalarni yaratish hamda ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish. Masalan, yuk tashish, yo‘l xizmati ko‘rsatish, ishlab chiqarish axborotini uzatish va hokazolar. Mazkur sohaga sanoat, transport, aloqa, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa shu kabi tarmoqlar kiradi.
  2. Nomoddiy ishlab chiqarish — moddiy shaklga ega bo‘lmasada, aholi uchun zarur xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Mazkur soha­ga jismoniy tarbiya, sport, bilim berish, madaniy-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish kabilar kiradi.

Eslab qoling!
  Ishlab chiqarish jarayoni deb jamiyat va odamlar ehtiyojini qondirish uchun moddiy ne’matlar yaratish va xizmatlar ko‘rsatishga aytiladi.
  Moddiy ishlab chiqarish — moddiy shakldagi mahsulotlarni, masalan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, turarjoy va boshqalarni yaratish hamda ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatish. Masalan, yuk tashish, yo‘l xizmati ko‘rsatish, ishlab chiqarish axborotini uzatish va hokazolar. Moddiy ishlab chiqarish birlamchi bo‘lib, unga asosan nomoddiy soha rivojlanadi.
  Nomoddiy ishlab chiqarish — moddiy shaklga ega bo‘lmagan, lekin aholi uchun zarur xizmatlar. Mazkur sohaga jismoniy tarbiya, sport, bilim berish, madaniy-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish kabilar kiradi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.