Tabiat va inson resurslari hamda ularni iqtisodiy-geografik baholash 

14 915

  Tabiat va uning geotizimlari butun sayyora miqyosida murakkab hosila, ular doimo tadrijiy o‘rganishda, rivojlanishda va o‘z qonuniyatlari hamda qonunlari asosida mavjud. Tabiat qonunlari jamiyat qonunlariga mos kelmaydi, tabiat o‘z qonunlari negizida rivojlanadi, jamiyat qonunlarini tabiatga qo‘llab bo‘lmaydi. Binobarin, inson tabiat qonunlari va qonuniyatlarini mukammal bilishi, idrok etishi, ularga rioya qilishi zarur. Tabiatdan foydala­nish jarayonida mazkur qonunlarni e’tiborga olgan holda resurslarni xo‘jalik muomalasiga kiritish muhim masala. Bu borada nazariy ham amaliy bilimlarni to‘liq egallagan holda tabiatdan foydalanish tobora zarur bo‘lib bormoqda.
   Bozor iqtisodiyoti sharoitida tabiiy resurslardan foydalanish.
  Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng tabiiy boyliklardan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ularga amal qilish zarurati ekologik va iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqmoqda. Tabiatdan foydalanish mexanizmi bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida quyidagi elementlarni o‘z ichiga oladi: a) tabiat resurslaridan foydalanishning pulliligi; b) tabiatni muho­faza qilish faoliyatini iqtisodiy rag‘batlantirish tizimi; d) atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun jarima to‘lovi; e) tabiiy resurslar­dan foydalanish bozorini vujudga keltirish; f) tabiatdan foydala­nish bo‘yicha narxlarni takomillashtirish va boshqalar.
  Tabiat resurslaridan foydalanishning pullik tizimiga o‘tish bozor iqtisodiyoti uchun eng zaruriy tamoyil hisoblanadi. Boylik pul bilan baholanar ekan, undan foydalanish ham pullik bo‘lishi lozim. Bunda boylikning sifati, qiymati, keltiradigan foydasi va boshqa iqtisodiy xususiyatlari e’tiborga olinmog‘i lozim. Masalan, bizda suvdan sug‘orma dehqonchilikda foydalanilganlik uchun xo‘jaliklar odatda davlatga pul to‘lamaydilar, ammo ular ba’zan keragidan ko‘proq hajmda suv olib ishlatadilar, suvni ifloslantiradilar va ortiqcha toza suvni tashlama sifatida markaziy kollektorlarga oqizib yuboradilar.
  Yerdan foydalanish jarayonida dehqonlar, fermerlar, bog‘bonlar, chorvadorlar ishtirok etadilar. Yer davlat, umumxalq mulki, uni sotish va hadya etish mumkin emas, faqat samarali foydala­nish uchun ma’lum muddatga berish mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida yerdan foydalanishda uni mahsuldorligiga qarab baho­lash va shu asosda soliq masalalari, yerga o‘g‘it solish, almashlab ekish kabilarni hal etish maqsadga muvofiq.
  Bu borada O‘zbekistonda yerdan foydalanishda jamoa xo‘jaligi va uning tarkibida oila pudrati, paychilik, fermer xo‘jaligi va boshqa yangi usullarda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini tashkil qilish tajribasi keng qo‘llanilmoqda, bu yerga bo‘lgan hurmat, uni e’zozlash, har bir qarichidan omilkorlik bilan foydalanishni ta’minlaydi.
 Tabiatdan foydalanish va amaliy geografiya. Tabiat boyliklaridan foydalanishda boshqa fan yutuqlari qatori amaliy geografiya erishgan ilmiy natijalarga asoslanish nihoyatda samaralidir. Chunki geografiya fani tabiatni, aholi va xo‘jalik bilan bir butun tarzda o‘rganadi. Binobarin, bu jarayonda tabiat qonunlari to‘liq e’tibor­ga olinadi, tabiatga inson ta’sirining oqibatlari hisob-kitob qilinadi va shunga muvofiq ularning oldini olish choralari ishlab chiqiladi.
  Amaliy geografiya tabiat boyliklaridan foydalanish bo‘yicha yetarli darajada tajriba, sinov ishlab chiqarish amaliyotiga ega. Inson sug‘orma dehqonchilik bilan kamida 5-6 ming va chorvachilik bilan esa 8-10 ming yildan beri shug‘ullanib kelmoqda. Bu borada mavjud sohalar bo‘yicha juda katta tajriba to‘plandi. Bu tajribaning geografiyaga oid tomonlari ham mavjud. Masalan, qiya yonbag‘irlardan foydalanishda yerni haydash, sug‘orish, tuproqqa ishlov berish jarayonida nishablik xususiyatlarini hisobga olib ko‘ndalangiga yerni haydash, juda ham qiya yerlardan yaylov sifatida foydalanish yoki terrasalash, ihotazorlar bunyod etish, eroziyaga qarshi maxsus gidrotexnik inshootlarni loyihalash.
  Sanoat korxonalarini loyihalashda amaliy geografiyaning tad­qiqot usullaridan keng foydalaniladi. Bu borada tog‘ yonbag‘irlari va vodiylarining tabiiy-geografik xususiyatlari, ayniqsa, suv va iqlimiy omillar, gruntlarning fizik hamda kimyoviy xossalari e’tiborda bo‘ladi. Tog‘ vodiylarining mahalliy shamollari odatda soy yoki daryo oqimining yuqori qismidan boshlanib, uning etagi tomon harakatlanadi. Shamol havodagi barcha chang va chiqindilarni olib ketadi, agar tog‘ vodiysida sanoat korxonalari mavjud bo‘lsa, ularning havoga chiqargan chiqindilarini vodiy bo‘ylab yoyadi, oqibatda atrof-muhit ifloslanadi.
  Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, tog‘ vodiylariga sanoat korxonalarini joylashtirishda mahalliy shamollar harakati albatta e’tiborga olinishi lozim, sanoat ishlab chiqarishida chiqindisiz yoki yopiq siklli texnologiyaning tatbiq etilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, korxonalar yer usti va yerosti suvlarini turli oqava suvlar bilan ifloslaydi, bu hodisa ham diqqat-e’tiborda bo‘lishi darkor. Demak, barcha sohalarda amaliy geografiyaning tavsiyalari va ko‘rsatmalarining hisobga olinishi tabiatdan foy­dalanish samaradorligini oshiradi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.