Jamiyat va tabiat o`zaro ta`sirining asosiy bosqichlari
Inson o‘z hayoti davomida ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan moddiy
narsalarning barchasini tabiatdan oladi. U tabiat bilan o‘zaro chambarchas
bog‘langan. Jamiyat bilan tabiat o‘rtasidagi turli-turli vaqtlarda va joylarda
turlicha bo‘lgan. Bu ta’sir natijasidagi o‘zgarishlarni tahlil va tadqiq
qilish natijasida tabiat va jamiyatning o‘zaro ta’siri qanchalik maqsadga
muvofiqligi yoki aksincha bo‘lishini bilish mumkin. Inson faoliyati maqsadga
to‘g‘ri yo‘naltirilgan bo‘lsa tabiatdan oqilona foydalanish shu joy, hudud, o‘lkaning
yashnashiga olib kelgan. Aks holdagi ta’sir esa noqulay sharoitning kelib
chiqishiga sabab bo‘lgan.
Insoniyat tarixi davomida
uning tabiat bilan bo‘lgan munosabati doimo o‘zgarib, murakkablashib borgan.
Tabiat bilan jamiyat
o‘rtasidagi o‘zaro ta’siri besh bosqichga bo‘lish mumkin.
1. Termachilik,
ovchilik va baliqchilik bosqichi. Bundan 30 000 yil avval boshlangan. Ushbu davrda odam
termachilik, ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullangan. Shuning uchun mazkur
bosqich termachilik, ovchilik va baliqchilik bosqichi deb ataladi. Ibtidoiy
odamni iqlimi qulay, biologik resurslarga boy (yirik hayvonlar, mevalar) joylar
ko‘proq qiziqtirgan. Bu bosqichda inson tabiatni o‘zgartirmagan, balki unga
moslashgan.
2. Qishloq xo‘jalik inqilobi
bosqichi. Bundan
6-8 ming yil ilgari sodir bo‘lgan ushbu davrda odam ovchilik va baliqchilikdan
dehqonchilikka o‘tgan. Tabiiy landshaftlarning kuchsiz o‘zgarishi ro‘y bera
boshlagan.
3. O‘rta asrlar bosqichi. Bu davrda insonning tabiatga bo‘lgan
ta’siri kuchaya borgan, hunarmandchilik rivojlangan, xo‘jalikda tabiiy
boyliklar keng qo‘llanila boshlagan. Dehqonchilik va chorvachilik yanada
rivojlangan, ammo ular asosan qo‘l kuchiga asoslanganligi uchun ekologik
muvozanatga ta’sir etmagan.
4. Sanoat inqilobi bosqichi. Bu davr bundan 300 yil avval
ro‘y berdi. Jamiyatning tabiatga ta’siri kuchaydi. Tabiiy landshaftlar tez
sur’atlarda o‘zgara boshlandi. Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli boshqa
qit’alar ham o‘zlashtirila boshladi. Ispaniya, Portugaliya, Angliya, Fransiya
davlatlari tomonidan ulkan mustamlakalar, imperiyalar vujudga keltirildi.
Sanoat rivojlangani sayin jamiyatning tabiatga ta’siri ham orta boshladi.
5. Fan-texnika inqilobi
bosqichi. Bu
davr XX asrning ikkinchi yarmidan boshlandi. Fan va texnikaning yuksak darajada
rivojlanishi munosabati bilan tabiiy resurslar juda katta miqyosda o‘zlashtirila boshlandi. Katta-katta hududlar qishloq xo‘jaligi maqsadida
o‘zlashtirildi, ulkan zavodlar qurildi, cho‘llar, shimoliy hududlar, tog‘lar hamda
Dunyo okeani o‘zlashtirildi va ekologik muvozanat buzila boshladi. Natijada
umumsayyoraviy ekologik muammolar vujudga keldi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.