Omonxonaning mo`jizakor bulog`i
Surxondaryo viloyatidagi
Omonxona qishlog`i Boysun tuman markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning atrofi bir-biri bilan yelka tirashgan
qir-adirliklar bilan o`ralgan. Tabiati so`lim. Tog`dan esib turadigan shabada kishi
qalbiga orom baxsh etadi. Bu yerda ming nafardan ortiqroq aholi, 150 xo`jalikda
umrguzaronlik qilishadi.
Gapning sarasini aytganda, Omonxonaga Ollohning nazari tushgan. Keksa
odamlarning naql qilishlaricha, o`troq aholi hozirgacha o`tkir yuqumli kasalliklarga
chalinmagan. Ular sariq kasalligi u yoqda tursin, hatto oshqozon ichak
kasalligi bilan ham og`rimagan, hatto bu yerda hech kim shu paytgacha yuqumli
kasalliklar bilan og`rib, shifokorga murojaat qilmagan. Aksincha, sariq
kasalligiga chalingan, yoxud jigar serrozi hayotiga chang solgan kishilar
Omonxonadan najot izlashadi. Uzoq manzillardan yo`l yurib, ana shu qadimiy,
ayni paytda yasharib, yashnab borayotgan ko`rkam qishloq tomon oshiqishadi.
- Qozog`istondan keldim, Nukus shahrida yashayman. Katta yerim bor,
fermerman, - deydi Nurinbek Qollibekov. - Bundan 15 yil ilgari sariq kasalligi
bilan og`rigan edim. Jigarim kattalashib, serrozga aylana boshlagandi. Omonxona
suvi bu dardga davo deb eshitgach, yo`lga chiqdim. Dastlabki kunlardanoq menda
ijobiy o`zgarishlar yuz berayotganligini his etdim. O`shandan buyon Omonxona
mening ikkinchi qo`noq maskanimga aylangan. Bu mo`jizaga boy suv menga yana jo`shqin
hayot baxsh etdi.
Bu mubolag`a emas, omonxona suvi mo`jizaning o`zginasi. Kishi o`yga
toladi. Qishloq chag`atlar o`ngirida joylashgan. Uning zamini toba, ya`ni yirik
yassi toshlar bilan qoplangan. Ana shu qattiq jismni yorib buloqlar ko`z
ochgan. Bu buyuk Yaratguvchining qudrati emasmi? Chashmaning suvi magniy-sulfad
va boshqa turli foydali mineral moddalarga boyligi bilan dunyoga mashxur
shifobaxsh ma`danli suvlardanda afzalroq ekanligi tan olingan. Suv kishi
tanasidagi o`tni surish, uni suyultirish, peshobni haydash, qabziyatni bo`shatish,
qon bosimini pasaytirish kabi turli xil xastaliklarni davolashga ijobiy ta`sir
etadi. Omonxona suvini iste`mol qilgan kishida oshqozon-ichak, sariq va jigar
serrozi kabi o`tkir yuqumli kasalliklar uchramaydi.
- Respublikamizning turli kasalxonalarida bo`lganman. Shifokorlar
davolashning iloji yo`q, bunga hozircha tibbiyot ojiz, degan xulosaga kelgan
paytda men Omonxona muqaddas bulog`i suvidan najod izladim, - deydi Abdurauf Ғofurov. - Uning qudratli kuchi ta`sirida jigar serrozi
rivojlanmadi, oyoqqa turdim. Bu maskanning suvi menga qayta umr baxsh etdi. To`shakka
mixlanib qolgan majolsiz kishi edim. Oilamga, bolalarim bag`riga shod omon
qaytdim.
Ha, Omonxona suvi hayotbaxsh ne`mat. Uning
dovrug`i uzoq-ug`oqlarga borib yetgan. Respublikaning barcha viloyatlaridan
hatto qo`shni davlatlardan dardiga davo izlagan kishilar bu yerga kelishadi.
Ollohning inoyati bilan oradan ko`p o`tmay ular sog`ayib, yurtiga qaytishadi.
Omonxona suvining shifobaxsh xususiyati Yurtboshimizning ham nazariga
tushdi. U kishining tashabbusi bilan Omonxona balneologik davolash maskani
barpo etildi. Ҳozir shifoxona "O`zbekiston temir
yo`llari” DUK tasarrufida. Sanatoriyada kompaniya temir yo`lchilari ham dam
olishadi, davolanishadi, sog`lig`ini mustaxkamlashadi. Buning uchun
sog`lomlashtirish maskanida barcha sharoitlar bor.
- Bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, - deydi sihatgoh
direktori Baxtiyor Jo`rayev. - Yuz o`rinli qo`sh qavatli yangi imorat qurildi. Har bir xonada yumshoq gilamlar to`shalgan. Divan
krovat, shkaf, stol va kursilar o`rnatilgan. Obodonlashtirish ishlari ham namunali
tashkil etildi. Hamma joy rango-rang gulzor, ko`kalamzor.
Manzarali daraxtlarni parvarish qilishga alohida e`tibor qaratilayapti.
Shifoxona baland tepalik bag`rida joylashganligi bois bemorlar pillapoyalardan
iborat beton yo`lakchalardan yuqoriga ko`tarilib boradi. Atrof ko`rkam qiyofa
kasb etgan. Musaffo tog` havosidan bahra olayotgan odamlarning kayfi chog`,
ruhi tetik. Darvoqe, dardiga darmon izlagan kishilar uchun manzilining yaqin
uzog`i bo`lmaydi. Buni sihatgohda mamlakatimizning shimoliy mintaqasi
Qoraqalpog`iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlaridan har kuni o`nlab
bemorlar qabul qilinayotganligi misolida ham bilish mumkin.
Yana bir gap, ilgari davolash maskani yilning may, iyun, iyul, avgust,
sentyabr oktyabr oylari davomida olib borilardi. Qish faslida esa bemorlarni
qabul qilishning iloji yo`q edi. Buning sababi bor. Birinchidan suv sovuq,
xonalarni isitish yo`lga qo`yilmagandi. Boz ustiga oromgoh binolari tog` yon
bag`rida joylashganligi sababli mavsumda ming nafarga yaqin bemorni qabul qilish
imkoniyatiga ega edi. Endi yil o`n ikki oy ish yuritish yo`lga qo`yildi.
Muassasa tomonidan "Keksalarni e`zozlash yili”da alohida tadbir tuzilgan.
Unga asosan joriy yilda 450 nafar qariyaning sog`lig`ini mustahkamlash
rejalashtirilgan.
Yaqinda yangi 100 o`ringa ega bo`gan zamonaviy bino ishga tushdi. Ularga
namunali xizmat ko`rsatuvchi tibbiyot xodimlari ham ko`paydi. Muzaffar Jalilov,
Qo`shoq Otamurodov, Ibroxim Majidov singari bilimdon, tajribali shifokorlar,
Nilufar Umarova, Dildora Ziyodova kabi o`rta tibbiyot xodimlari barchaning
xurmatiga sazovor bo`lmoqda. Dam oluvchi kishilar tomonidan ularning sha`niga
yozib qoldirilayotgan minnatdorlik so`zlarining cheki yo`q.
Omonxona yil davomida mamlakatimizning turli mintaqalarida moddiy ne`mat
ishlab chiqarayotgan, paxta va g`alla yetishtirishda fidokorlik namunalarini ko`rsatayotgan
fermerlarning ham sevimli sihatgohiga aylandi. Buni birgina o`tgan yili 150
nafarga yaqin fermer sihatgohda sog`lig`ini mustahkamlaganligidan ham bilsak bo`ladi.
Omon ShUKUROV
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.