Surxondaryoga borish uchun 10 ta sabab
Surxondaryo
vohasi dunyo sivilizatsiyasi o’choqlaridan biri sifatida umuminsoniy madaniyat tamadduniga
qo’shgan bemisl hissasi bilan mashhur.
Surxondaryo viloyati 1941-yil 6-martda tashkil etilgan.
Viloyat markazi Termiz shahri. Viloyatning markazi va janubiy qismi tekislik bo’lib,
shimoliy Hisor tog` tizmalarining davomi bo’lgan Boysun tog`, Ko’hitang tog` va
Bobotog`lar bilan o’ralgan.
Keyingi yillarda voha tarixi, yodgorliklariga bo’lgan qiziqish
tobora oshib, xorijlik arxeolog olimlar e’tiborini o’ziga tortib kelmoqda.
Viloyatda arxeologik qazishmalar olib borilmagan yodgorliklar hali ham ko’p.
Quyida Surxon vohasiga borish uchun 10 sabab bilan tanishing.
1. Zarautsoy rasmlari
Zarautsoy darasidagi toshlarga ishlangan rasmlar ibtidoiy
san’atning nodir namunalaridir. Zarautsoy Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida
joylashgan. 1912-yilda I.Fyodorov tomonidan topilgan. 200 dan ortiq rasmlar mezolit,
neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida
qizil angob (oxra) bilan chizilgan. Zarautsoyda odamlarning itlar yordamida yovvoyi
buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Hayvonlar (yovvoyi buqa, it, tulki,
burama shoxli echki, jayron, tog` echkisi, hasharot), turli buyumlar (o’q-yoy,
nayza, o’roqsimon qurollar), niqoblangan odamlar o’ziga xos tarzda hayotiy
qilib ishlangan. Zarautsoy ibtidoiy san’atning noyob yodgorligi sifatida yodgorliklarni
muhofaza qilish "qizil kitob"iga kiritilgan.
2. Teshiktosh g`ori
Teshiktosh - O’zbekistondagi arxeologik qo’riqxonadir.
Boysun tog` tizmasidagi g`orda joylashgan. G`or Machaydagi Zovtolosh soy darasida
dengiz sathidan 1500-1600 metr balandlikda bo’lib, bo’yi 7, eni 20, uzunligi esa
21 metrni tashkil etadi. G`orning shifti teshik bo’lgani uchun gulxan yoqilsa, tepadagi
tuynukdan chiqib ketavergan. G`orda 1,5 m. qalinlikda 5 ta madaniy qatlam bo’lib, har
bir qatlamdan bittadan, ba’zilarida ikkitadan diametri 40 santimetr, sathi 2 metrga
yetadigan gulxan qoldiqlari topilgan. Shuningdek, Teshiktosh g`oridan arxeolog Okladnikov
8-9 yashar bolaning bosh va skelet suyaklarini topgan. 1949 yili antropolog Gerasimov
kalla suyagi asosida Teshiktosh odamining yuz tuzilishini tiklagan. 1973-yili antropolog
Alekseev Teshiktosh odamini to’la o’rganib chiqdi. Uning fikricha, skelet ayol kishiniki bo’lib, inson evolyutsiyasining
neandertal fazasiga mansub ekan. Shundan so’ng insoniyat tarixi haqida so’z borganda,
albatta, Teshiktosh g`ori tilga olinadigan bo’ldi.
Dunyo ahlining Teshiktosh g`origa qiziqishi tobora ortib
bormoqda. Ayniqsa, Machaydaryo qishloqlari bo’ylab dara ichidan tekis yo’l o’tkazilishi
g`orga borishga qulaylik yaratdi. Bu yerga ko’plab sayyohlar tashrif buyuradi.
3. Boysundagi Omonxona bulog`i va g`ori
Boysun - tog`li yurt. Boysun tog`lari bag`rida Omonxona
bulog`i joylashgan. Uzoq yillik tarixga ega Omonxona quyuq archazorlar bilan qoplangan. Ushbu manzil geografik muhiti, go’zal manzarasi, bahavoligi bilan inson ruhiyatiga o’zgacha ta’sir etadi. Omonxona buloq suvi tarkibida kremniy kislotasi, temir, alyuminiy va boshqa ko’plab mikroelementlar mavjudligi aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, bunday vitamin va minerallarga boy buloq suvi inson tanasini, ayniqsa, jigar, o’t pufagi yo’llarini davolash xususiyatiga ega. Ayniqsa, tananing ichki organlarini yuvishda qo’llaniladigan zamonaviy gemodez suyuqligi bilan solishtirilsa, foydali va zararsizligiga ko’ra Omonxona buloq suvi bir necha marta undan ustun turadi.
Bu yerda Omonxona g`ori ham mavjud bo’lib, uning balandligi
3,5 metr, umumiy maydoni esa 60 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu g`orda g`aroyib
hodisani kuzatish mumkin . Ya’ni saratonning chillasida g`or ichidagi harorat
5-6 daraja sovuq, qishda esa 20-22 daraja iliq bo’lib turarkan.
Boysunliklar orasida Omonxona tarixi haqida turli rivoyatlar
yuradi. Aytishlaricha, Sohibqiron Amir Temurning lashkari shu vodiyga kelganda holdan
toyib qoladi. Buning ustiga askarlar birin-ketin kasallikka chalinadi. So’ngra ular
Omonxona suvidan ichib, ana shu g`or salqinida tin olib, yana asl holiga kelgan.
Rivoyatdan shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, ushbu manzil qadimdan elu xalqning
sihat-salomatligini ta’minlashga xizmat qilgan.
4. Chanqovuz
Chanqovuz – Surxon vohasining qadimiy va an’anaviy musiqa asbobi. U miloddan avvalgi I asrda paydo bo’lgan. Unda ajdodlarimiz, xususan, momolarimiz betakror kuylar yaratgan. Bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida ham ko’plab mohir ijrochilar bor. Azaldan chanqovuzni ko’p ayollar nag`ma qilib kelishgan. Suhbat–gurunglarda ham jo’rlikda jonlantirishgan. Go’yoki chanqovuz qadim momolarimiz, cho’pon cho’liqlarimiz, bobo dehqonlarimiz bilan birga mehnatda bo’lgan. Yurtimizda ayni paytgacha chanqovuzning ikki turi bo’lgan. Suyakdan chanqovuz yasashda asosan echki suyagidan foydalanishgan. Hozirgi kunda chanqovuzlar asosan temirdan yasalmoqda. Bundan tashqari, Surxon vohasida an’anaviy musiqa cholg`ularidan sivizg`a, g`ajir nay, chanqovuz, baxshilarga jo’r bo’lgan do’mbira, qo’biz keng tarqalgan.
5. Termiz arxeologiya muzeyi
Termiz arxeologiya muzeyi O’rta Osiyodagi yagona arxeologiyaga
ixtisoslashtirilgan muzey hisoblanadi. Muzey 8 mingga yaqin eksponat bilan faoliyat
boshlagan. Ayni paytda bu yerda Vatanimizning miloddan avvalgi yuz ming yillik o’tmishidan
boshlab bugungi kunga qadar bo’lgan hayoti keng yoritilgan 80 mingdan ortiq noyob
topilma va osori-atiqalar saqlanmoqda. Muzey fondi yildan-yilga turli davrlarga
oid yangi topilmalar bilan boyib bormoqda. O’tgan yili muzeyga 30 mingdan ziyod
mahalliy va xorijlik tomoshabinlar kelib, eksponatlar bilan tanishdi.
6. Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi
Al-Hakim At-Termiziy madrasasi Termizdagi qadimiy me’moriy majmuadir. Unda Hakim at-Termiziy maqbarasi dastlab XI asr oxirida boshlanib, 1091-1095 yillarda Qoraxoniylar sultoni Ahmad ibn Hizrning ko’rsatmasiga muvofiq, at-Termiziy qabri ustida qurilgan. Majmua mustaqillik yillarida, ayniqsa, 2009-2011yillarda mukammal qayta ta’mirlandi. Bugungi kunda ko’plab sayyohlar tomonidan ziyorat qilinadigan joyga aylangan.
Al-Hakim at-Termiziy tasavvufning "Hakimiya” maktabi asoschisi
sanaladi. Taxminlarga ko’ra, buyuk mutasavvif olim o’zining uzoq hayoti davomida
(ba’zi manbalarga ko’ra 120 yil umr ko’rgan) 400 dan ortiq qimmatli asarlar qoldirgan,
lekin bizgacha ularning 60 ga yaqini yetib kelgan xolos. Ushbu qo’lyozmalar hozirgi
kunda Parij, Qohira, Damashq, London,
Iskandariya va Istambul kutubxonalarida saqlanib, o’rganilib kelinmoqda.
At-Termiziy ziyoratgohi (videolavha)
7. Sulton Saodat
Sulton Saodat (yoki ba’zi manbalarga ko’ra Sulton Sodat)
majmuasi – sayyidlar sulolasining maqbarasi bo’lib, uning hozirgi ko’rinishi 7 asr
(X-XVII) davomida shakllangan. Dastlabki maqbara X asrda Xasan al-Amirning vafotidan
so’ng barpo qilingan. Keyinchalik bu yerda 20 ta maqbara paydo bo’lgan. Ko’plab urush va vayronagarchiliklarni
boshidan kechirgan bu majmuada 2002-yil katta hajmdagi ta’mirlash ishlari olib borildi.
Sulton Saodatni ko’pchilik Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasiga qiyoslaydi. Ikkala
majmua ham nekropol hisoblanib, ikkalasida ham Muhammad payg`ambarning (s.a.v) qarindoshlari
va avlodlari dafn qilingan degan ma’lumotlar bor.
8. Jarqo’rg`on minorasi
Surxon vohasidagi qadimiy minoralardan biri bu — Jarqo’rg`on
minorasidir. Jarqo’rg`ondagi Minor qishlog`ida joylashgan bu minora peshtoqida saqlanib
qolgan yozuvlar inshootning 1108—1109 yillar oralig`ida qurilganligidan dalolat
beradi. San’atshunos-me’morlarning ta’kidlashicha, uning umumiy balandligi 50 metrga
yaqin bo’lib, hozir minoraning omon qolgan qismi 21,6 metrni tashkil etadi. Jarqo’rg`on
minorasi qurilishida oddiy g`isht, ravoqlar va epigrafik hoshiyalar juda ustalik
bilan qo’llanilgan, minoraning asosi baland 8 qirrali kursiga o’rnatilgan. Har bir
qirraning markazida ravoqli taxmonchalar ishlangan, ana shunday taxmonchalardan
birida joylashgan eshik orqali minora ichki qismidagi aylanma zinaga chiqilgan.
Barcha minoralar kabi Jarqo’rg`on minorasi ham gumbazsimon muazzinxona bilan yakunlangan.
Jarqo’rg`on minorasi memoriy-badiiy yechimiga ko’ra, Shimoliy Hindiston va Xuroson
minoralariga yaqin turadi.
9. Sangardak
sharsharasi
Sariosiyo tumanida Sangardak deb ataluvchi qishloq bor.
Bu yerdagi eng diqqatga sazovor obida, shubhasiz, qoyalardagi buloqdan hosil bo’lgan
Sangardak sharsharasidir. Dengiz sathidan 3 ming metr balandlikdan otilib chiquvchi
sharshara tabiatning noyob mo’’jizasi. Sharshara suvi 150 metrdan ortiq balandlikdan,
atrofdagi qoyalarga urilib oqadi. Atrof hududlarda anjir, na’matak, uzum kabi bir
qancha daraxt va butalar o’sadi. Bu hududda tabiat yovvoyi holda saqlangan bo’lib,
inson tomonidan zarar yetkazilmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, Sangardak sharsharasini
hosil qiluvchi buloqning manbai qoyalar ichidagi ko’lda joylashgan. Bu sharshara
"Sharsharamozor” nomi bilan ham mashhur bo’lib, har yili mavsum boshlandi deguncha
ziyoratchilar bilan gavjum bo’ladi. Uning atrofida kishini hayratga soladigan darajada
serjilo kamalak hosil etadi. Sharsharaning o’ng tomonida, undan 200 metr balandlikda
bir yilda bir marta, faqat javzo oyida tog` bag`ridan suv oqa boshlaydi. Bu oy tugashi
bilan tog` bag`ridan oqayotgan suv ham to’xtaydi. Doim barchani hayratga soluvchi
bu jumboqli holat haligacha o’rganilmagan. Buloqni mahalliy aholi "Javzo suvi” deb
ham nomlashgan. Bundan tashqari, Sangardak tog`larida yana ko’plab buloqlar mavjud
bo’lib, ular sangardak bulog`i, qora buloq, sirsoy buloq, shirin buloq kabi nomlar
bilan atalib kelinadi. Buloq suvi tog` yon-bag`irlaridagi turli giyoh ildizlarini
yuvib chiqadi va u inson organizmi uchun foydali xususiyatga ham egadir.
10. Sayrobdagi chinor
Umrboqiy daraxt deya e’zozlanib kelinayotgan «Chinor bobo»
ming yoshga to’lgan. Vohaning Sayrob qishlog`idagi ana shunday ikki tup ko’hna chinor
tanasidagi kattakon kovakdan ilgari askarlar qarorgohi, qishloq kengashi idorasi,
kutubxona, maktab, choyxona, sartaroshxona sifatida foydalanilgan. Hozir esa uning ichida mo`jazgina muzey tashkil etilgan.
Chinor tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur chinorlar ostida asrlar
davomida jilolanib oqib turgan buloq va undagi qora tusli baliqlarni boshqa joyda
uchratmaysiz. Buloq suvi oqib chiqadigan tuynuklar bo’lsa-da, yuzlab baliqlarning
birortasi bu yerni tark etmagan. Boysunliklar ushbu azim chinorlar ostida ulug`
shoir va davlat arbobi Bobur tin olib o’tganini faxrlanib gapirishadi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.