O’zbekistondagi albatta borish kerak bo’lgan 20 ta ajoyib joy 

2 996

O’zbekiston aholisi ajoyib manzaralar va arxeologik yodgorliklarni faqatgina xorijda topish mumkin, degan fikrga o’rganib qolishgan. Ha, xorijiy turizm mahalliyga qaraganda bir necha bora yaxshi rivojlangan. Biroq ajoyib yo’nalishlar va sirli joylarga sayohat qilish uchun mamlakatdan chiqish shart emas. O’zbekistonda ham asrlar osha saqlanib kelayotgan va xalq afsonalariga uzviy bog`langan joylar ko’p.
1. Borsa Kelmas ko’li (Orol dengizidagi xuddi shu nomdagi boshqa orol bilan adashtirmaslik kerak)
Borsa Kelmas chuqur ko’li Ustyurt platosida joylashgan bo’lib, taxminan 30 million yil muqaddam Tetis qadimiy dengizining bir qismi bo’lgan. Hozirda dengiz o’rnida Qoraqum, Qizilqum, Ustryurt platosi va ushbu ko’l qolgan. Ko’lning nomi haqiqatga mos tushadi, unga yaqinlashish juda xavfli – ko’plab jarliklar va ingicha tuz qatlami bilan qoplangan daryoning muzlamay qolgan joylariga duch kelish mumkin. Biroq, mahalliy fuqarolarning so’zlariga ko’ra, agarda rezina etiklar kiyib olib, botqoqlikdan eson-omon o’tib olsa, ko’lning ustki qismigacha chiqish mumkin, u yer esa xuddi tosh kabi qattiq, hamda ko’l bo’ylab sayr qilsa bo’ladi. Hattoki suvda yurish! Biroq, juda-juda sho’r suvda.

2. Paltov daryosi vodiysi
Paltov so’zi “temir tog`” ma’nosini anglatadi. Qadimgi davrlardan vodiyda temir rudasi qazib olingan. Paltov daryosi vodiysi Toshkentdan taxminan 100 km masofada joylashgan bo’lib, o’zida tashrif uchun birdaniga bir necha joyni qamrab oladi. Odatda turistik yo’nalish 38 metrlik Paltov sharsharasidan boshlanadi. Undan biroz yuqoriroqda qayinzor bor, u yerda esa Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni uchratish mumkin. Paltov kanoni alohida e’tiborga loyiq, unda ajoyib manzara beruvchi releflar bor, ular tabiat va vaqtning naqadar buyukligini eslatib yuboradi. Eng katta taassurotlardan biri esa – Paltov daryosi bo’ylab sayohat. Bu yerda paleolit davrida qadimiy kishilar yashagan bo’lib, Obi-Rahmat sun’iy g`orlari sifatida mashhurdir. U yerdan biroz yuqoriroqda yana bir ajoyib joy bor – g`or. Bu yerda aprelda, vodiy bo’ylab lolalar ochilgan payt kelgan yaxshiroq. Lolalar orasida esa – Kaufman lolasi, Greyg lolasi va boshqa turlarni uchratish mumkin.
3. Varaxsha
Buxoroga borsangiz, Varaxsha – Buxoroda arablar istilosiga qadar hukmronlik qilgan Buxorxudotlar qarorgohi joylashgan qadimiy shaharni albatta borib ko’ring. Varaxsha Buxoro g`arbida, yarim soatlik yo’lda joylashgan bo’lib, 100 ga. maydonni egallaydi. Varaxsha saroyi freskalarini tadqiq qilish, shahar eramizning V asridan 11-asriga qadar bor bo’lganini ko’rsatdi. Olimlarning taxminicha, Varaxshadagi hayot mintaqada suvning yetishmasligi tufayli to’xtab qolgan. Qachonlardir esa bu yer Buxoroga barobar joy bo’lgan. Bugungi kunda Varaxsha – bu xarobalar, ularni ko’rib uzoq o’tmish haqida fikrlar uyg`onishi tabiiy.

4. Sitorai Mohi-hosa — “Yulduzlar va oy bilan barobar saroy”
Buxoroning so’nggi amiri Said Olimxonning shahar tashqarisidagi qarorgohi. Amir Olimxon Buxoroni Qizil armiya 1920-yilda bosib olgunga qadar boshqargan. Bino ikki rus muhandisi tomonidan loyihalashtirilgan, uning bezak ishlari bilan esa o’sha vaqtning eng yaxshi usta-hunarmandlari shug`ullangan. Arxitektura uslublarining bunday noodatiy uyg`unligi boshqa hech qayerda uchramaydi. Ayni damda qarorgoh binosida amaliy san’at muzeyi joylashgan. Biroq asosiy eksponat, albatta, saroy binosining o’zidir. Aynan shu yerdan Buxoroning so’nggi amiri Afg`onistonga qochib o’tishga majbur bo’lgan.

5. Fozilmon ko’li (Sarbast)
Dengiz sathidan 1650 metr balandlikda (bu esa Eyfel minorasidan besh barobarga ko’p degani) Nurota tog`larining markazida ajoyib Fozilmon ko’li joylashgan. U bitta chashmadan suv oladi hamda bahor oxirlarida ayniqsa juda go’zal bo’ladi. Afsuski, unda cho’milish tavsiya etilmaydi, biroq osmonning undagi aksi (ayniqsa yulduzlisining) juda ham noyob holatni ko’rish imkonini beradi.

6. Chilpiq-qal’a
Nukusdan 43 kilometr janubda, baland tepalikda Chilpiq-qal’a joylashgan. Zardo’shtiylarning diniy joyi bo’lgan bu yer eramizning II—IV va IX—XI asrlariga tegishli. Bu yerda zardo’shtiylar olamdan o’tgan shaxslarning jasadini olib chiqib qo’yishgan. Jasad turli hayvonlar, qushlar tomonidan yo’q qilingach, suyaklar maxsus idishga solinib, yerga ko’milgan. Chilpiq-qal’aning 15 metrlik devorlarida hamon o’sha suyaklar saqlanmoqda.

7. Zomin qo’riqxonasi
Zomin – O’zbekiston hududidagi eng qadimiy davlat qo’riqxonasi bo’lib, 1978 yilda O’zbekiston Xalq bog`i ochilgan. Bugungi kunda Zomin milliy bog`ining maydoni 24 ming ga.dan ko’proqni tashkil etadi. Bog` Jizzax viloyatida joylashgan. Bu yerda juda ham go’zal tabiat manzalariga duch kelish mumkin. Qo’riqxona hududida turizm uchun maxsus zona ham ajratilgan – tabiat bilan birga bo’lish yoki ajoyib selfilar qilish imkoni bor.

8. Tuzkon ko’li
Bu ko’l Jizzax viloyatida, Jizzaxdan 56 km shimoli-sharqda, Qizilqum cho’lining sharqiy qismida joylashgan. Taxminlarga ko’ra, Tuzkon ko’li – Orol-Kaspiy davridagi suv havzasining bir qismidir. Ko’ldagi suv hech qayerga oqmaydi, shuningdek, u biroz sho’rroq bo’lib, shimoli-g`arbda Aydarko’l bilan bog`lanadi. Bu ko’llarning umumiy maydoni – taxminan 3750 km2. Bir yilda ko’llar tizimida 2000 tonnagacha baliq ovlanadi.

9. Rishtondagi kulolchilik ustaxonalari
Farg`ona vodiysidagi Rishton azaldan ajoyib kulolchilik mahsuloti vatani sanaladi. Rishtonda kulolchilik mahsulotlari yaratishning maxsus texnologiyasi, ularni pishirish va sirlash ishlab chiqilgan. Ayni damda Rishtonda 1000 dan ortiq kulolchilar ishlamoqda, ulardan 100 ga yaqini kulolchilik san’atining barcha texnologiyalarini biladi. Rishton ustalarining yaratgan mahsulotlari dunyodagi ko’plab muzeylar kolleksiyasidan joy olgan.

10. Qanqa qo’hna shahri
Toshkentdan 60 km janubi-g`arbda, sobiq “Leninizm” sovxozidan uncha uzoq bo’lmagan yerda tepalik bor. Bu tepalik qo’hna shahardan qolgan yagona narsa joy juda kam inson bilsa kerak. Qanqa mil. av. III asr boshlarida shakllanib, XI asrning oxiriga qadar hayot uzluksiz davom etgan. Bu yodgorlik o’rta asrlar davri mualliflari asarlarida keltirib o’tilgan Xarashket bilan qiyoslanadi. Shahar Yer yuzidan deyarli butunlay yo’q bo’lib ketganiga qaramay, bu yerga kelish albatta tavsiya etiladi.

11. Zangi ota maqbarasi
Toshkent yaqinidagi shaharchada joylashgan bu maqbara Amir Temurning buyrug`iga ko’ra qurilgan. Zangi ota turk-islom olamidagi ulug` mutafakkir hamda mutasavvif donishmandlardan biri bo’lgan. Zangi ota Himmatiy laqabi bilan ham mashhur edi. U qora tanli, ushturlab (tuya lab), baquvvat, barvasta gavdali odam bo’lgan. Bu yerda uning rafiqasi Anbar ona ham dafn etilgan. Maqbara majmuasi bir necha zonalardan iborat: katta bog` va XIV—XIX asrlarda qurilgan hamda masjid, madrasa, minora va Anbar ona maqbarasi. 1914—1915 yillarda masjid oldida minora qurilgan. 2013 yilda esa bog` va Namozgoh masjidini kengaytirish bo’yicha ishlar amalga oshirildi.

12. Omonqo’ton g`ori
Omonqo’ton karst g`ori Samarqand viloyatidagi Zarafshon tog`lari shimoliy yonbag`rida joylashgan. Ғorni arxeolog David Lev 1947 yilda topgan. Bu yerdan sinantrop insonning son suyagi aniqlangan. Omonqo’ton g`ori O’zbekistondagi eng qadimgi manzilgohlardan biridir. Ғor chuqurligi 80 metr atrofida, u yerda bir-biri bilan kichik o’tish joylari orqali bog`langan o’ziga xos zallar bor. Omonqo’tonga yozning ikkinchi yarmida borgan yaxshiroq, u iyun o’rtalariga qadar suv bilan to’lgan holatda bo’ladi.

13. Qonbeshbuloq meteorit ko’li
O’lchami 800 metr keladigan ushbu kichik ko’l Surxondaryo viloyatidagi Xomkon darasida joylashgan. Olimlarning fikricha, tabiiy yo’l bilan emas, balki meteorit qulashi tufayli yuzaga kelgan. Tuproqdan esa tektitlar topilgan. Bunday ajoyib meteorit ko’lga tashrif buyurishni unutmang. Katta ehtimol bilan, Qonbeshbuloq aslida bir meteorit krateridir.

14. “Yodgorlik” fabrikasi
1972-yilda Marg`ilonda Farg`ona vodiysidagi eng yirik fabrikaga asos solingan. 2000-yilda esa bu fabrika “Yodgorlik” xususiy korxonasiga aylandi. Qadimda ipak ortilgan karvonlar Buyuk ipak yo’li bo’ylab Marg`ilondan Qoshg`ar, Bag`dod va hattoki Yunonistonga borgan. Bu ipak go’zallik va sifat borasida Xitoynikidan qolishmagan, sababi farg`onalik ustalar bu borada o’zlarining maxsus noyob texnologiyalarini o’ylab topishgan. “Yodgorlik” fabrikasi butun dunyodan turistlarni faol jalb qiladi – ularga ipak matoni qo’lda ishlab chiqarish jarayoni namoyish etiladi.

15. Oq Ostona bobo maqbarasi 
Telpakchinordagi (Surxondaryo viloyati) Oq Ostona bobo maqbarasi X asr oxiri, XI asrning boshlarida bunyod etilgan. Ba’zi olimlarning taxminiga ko’ra, maqbara Muhammad payg`ambar s.a.v.ning izdoshlaridan biri, avliyo Abu Hurayra qabri ustida barpo etilgan.

16. Teshiktosh 
Ғor dengiz sathidan 1500 kilometr balandlikda, Surxondaryo sharqidagi Boysun tog` tizmasida joylashgan. 1938–1939-yillarda taniqli arxeolog Aleksey Okladnikov shu g`ordan muste davriga oid neandertal qiz bolaning qoldiqlarini topgan. 

17. Krasnogorsk. O’tmishga sayohat
Krasnogorsk konchilar shahri Toshkent viloyatida 1953-yilda tashkil etilgan. Bu yerda butun sobiq Ittifoqdan mutaxassislar ishga kelgan. 90-yillarda esa shaharni odamlar ommaviy tashlab ketishni boshlashdi, ular kvartiralari, mashinalari ham bu yerda tashlab ketishgan. Krasnogorsk ko’chalari bo’ylab sayr qilinsa, sobiq Ittifoq 80-yillarda qanday ko’rinishda bo’lganini aniq tasavvur qilish mumkin – o’sha davrga xos eski buyumlar va narsalar saqlanib qolgan. 

18. Zarautsoy
Surxondaryo viloyatida, Termizdan 100-110 km g`arbda, Hisor tizmasining janubi g`arbida. joylashgan bo’lib, bu yerda O’zbekiston hududidagi eng qadimiy qoyatosh rasmlari topilgan. 200 dan ortiq rasmlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. U yerda odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. 

19. Qo’yqirilgan qal’a 
Qo’yqirilgan qal’a – qadimiy otashparastlar ibodatxonasi va qishloq xarobasi bo’lib, To’rtko’l shahridan 22 km shimoli-sharqda joylashgan. Qal’a atrofida xandaq (eni 15 m, chuqurligi 3 m) bo’lib, qadimda suv bilan to’ldirilgan. Qo’yqirilgan qal’a devorida O’rta Osiyo, Yaqin va O’rta Sharq quldorlik davri shaharlar qurilishi uslubiga xos bo’rtib chiqib turgan maxsus burjlar bo’lib, ularda o’q otish uchun nishon tuynuklari bor. Qo’yqirilgan qal’a markazidagi 2 qavatli binoga maxsus zinapoyalarda chiqilgan. 1-qavatda alohida-alohida 8 ta gumbazli xonalar bo’lib, ular ichidan sopoldan yasalgan tobutlar, idish-tovoqlar, har xil rasmlar solingan yog` idish (xum va ko’zacha)lar, naqshinkor suvdonlar topilgan. Topilmalar ichida ma’budlarning terrakota haykalchalari, devorga ishlangan rangli naqshlar, osmon jismlarini kuzatishga mo’ljallangan buyumlar bor. 

20. Qirq qiz qal’a
Qirq qiz qal’a Xorazm hududida 1938 yilda o’tkazilgan arxeologik qazilma ishlari vaqtida, Beruniy shahridan 30 km shimolroqda aniqlangan. Olimlarning fikricha, qal’a eramizning I—VI asrlariga tegishli. Qazilma ishlari davomida zardo’shtiylar qabrlari topilgan. Afsonalardan biriga ko’ra, bu qal’ada Guloyim ismli malika yashagan bo’lib, u o’zining qirq nafar safdoshi bilan chegarani mustahkam saqlab, raqiblari hujumlaridan himoyalangan. Bugungi kungacha istehkom tuynuklari bo’lgan tashqi devorlar saqlanib qolgan.

Zilola Raxmonova
Navoiy shahar 11-AFCHO`IM
geografiya fani o`qituvchisi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.