Everest o`lim tog`i...mi? 

15 041

1996-yilning  11-mayida yer sharining eng baland nuqtasi bo`lmish Everestni zabt etishga ahd qilgan 8 nafar alpinist halok bo`lgan.

Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, 1996-yil davomida dengiz sathidan  8 ming 848 metr balandlikda bo`lgan mahalliy aholi tomonidan Jomolungma deb ataluvchi Everestga  chiqmoqchi bo`lgan 15 kishi halok bo`lgan. O`sha yilning 10-may kuni bir vaqtning o`zida ikkita ekspeditsiya — "Tog` telbaligi” (Mountain Madness) va "Sarguzashtlar bo`yicha maslahatchilar” (Adventure Consultants) 8 kilometrlik balandlikka yo`l olishdi. Har ikki ekspeditsiya tarkibida umumiy hisobda 30 kishi bor edi. Ulardan olti nafari tajribali alpinist-gid bo`lib, 8 nafari mahaliy sherp elati vakillari, 16 nafari esa sayyohlar  edi. Mahalliy sherp elati vakillarining yaxshi tayyorgarlik ko`rmagani bois har ikki guruh oqshom tushishi bilan yarim yo`lda to`xtashga majbur bo`ldi. Kuchli bo`ronning boshlanishi oqibatida ekspeditsiya a`zolarining ayrimlari  yo`ldan adashib qoladi. Ekspeditsiya a`zolaridan biri noqulay ob-xavo sharoiti tufayli tepalikda qolib ketganlarini o`z xolicha qidirishga bel bog`laydi. U uch kishini  topishga muvaffaq bo`ldi. Keyinchalik olti kishining jasadi topildi. Ammo ikki nafar alpinistning jasadi topilmaydi.

Ilk bor Everest 1953-yilda zabt etilgan. Shundan beri tog` yuzlab alpinistlarning umriga zomin bo`ldi. Shu sababli ham mahalliy aholi Everestni o`lim tog`i deb atashadi. 1953-yildan shu kunga qadar cho`qqiga chiqish maqsadida yo`lga otlangan 200 dan ortiq kishi halok bo`ldi. Shunga qaramay har yili Everest tomon  o`rtacha 500 kishi yo`l oladi.  2014-yilgi ma`lumotlarga ko`ra shu kunga qadar 4042 alpinist cho`qqiga ko`tarila olgan. Shundan  2829 nafari Everestga bir necha bor chiqqan. Cho`qqiga asosan bahor va kuz oylarida chiqiladi.

Shu yilning 11 may kuni sherp elatining vakili Sherra Gialgen (Sherra Gyalgen) Nepalda 2015-yil 25-aprelda yuz bergan kuchli 7,9 magnitudaga teng  zilziladan keyin ilk bor Everest cho`qqisiga chiqdi. (O`sha yili yuz bergan zilzilalar oqibatida 9 ming kishi halok bo`lib, 22 mingdan ortiq kishi jarohat olgan edi). Bu xaqda Nepal tog` turizmi uyushmasi ma`lum qildi. Bundan avval yaponiyalik alpinist Nobukazu Kuriki cho`qqiga chiqmoqchi edi, ammo uning urinishlari samarasiz yakunlandi.

Xitoy va Nepal xududlarida joylashgan Everest uch burchakli piramidani eslatadi. Jomolungma Nepal Sagarmatxa milliy bog`ining tarkibiy qismi hisoblanadi. Tog` cho`qqisida soniyada 55 metrga teng kuchli shamol esib turadi. Tibet tilidan tarjima qilinadigan bo`lsa "Jomolungma”  "Shamollar hukmdori  (jomo hukmdor), (rlung shamol) degan ma`noni anglatadi. Uning boshqa "Jomo Kang Kar” degan  nomi ham bor. Buning ma`nosi  (jo-mo-gangs-dkar - "oq qorlar hukmdori” degan ma`noni anglatadi. Inglizlar  cho`qqini 1830-43-yillarda Britaniya Hindistoni geodeziya xizmatiga rahbarlik qilgan Jorj Everest (George Everest, 1790—1866) nomi bilan atashadi. Bu boradagi taklif 1856-yilda Jorj Everestning merosxo`ri  Endryu Vo (Andrew Waugh, 1810-1878) tomonidan ilgari surilgan edi. U o`z xodimi hindistonlik matematik va topograf Radxanat Sikdarning 1852 yilda "XV cho`qqisi”ni tadqiq qilib, nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda eng baland ekanini isbotlab berganidan keyin cho`qqiga Everst nomini berish kerak degan taklif bilan chiqdi. Oradan yuz yil o`tib, ya`ni 1950-yillarda hindistonlik topograflar zamonaviy texnologiyalar bilan Jomolungma cho`qqisini o`lchab chiqishdi. 1975-yilda esa xitoylik olimlar cho`qqi balandligini o`lchashdi. 1998-yilda Amerika ekspeditsiyasi GPS yordamida cho`qqining balandligi 8 ming 850 metrga teng ekanligini aniqlashdi. Shu tariqa cho`qqi XIX asrda belgilanganidan 11 metr baland bo`lib chiqdi. Italiyalik geolog Ardito Dezio zamonaviy radioapparaturalardan foydalagan holda cho`qqi balandligini o`rganar ekan, 8 ming 872,5 metr ekanligi borasida bayonot berdi. Biroq hozircha Amerikalik va italiyalik olimlarning fikri rasman tan olinganicha yo`q.

2005-yilda Xitoy davlat geodeziya va kartografiya boshqarmasi yangi ma`lumotlarni e`lon qildi. Unga ko`ra, Jomolungma balandligi dengiz sathidan 8 ming 844,43 metr yuqorida ekani aytiladi. 2010-yilning 8-aprelida cho`qqining balandligi rasman dengiz sathidan  8 ming 848 metrbalandlikda deb e`lon qilindi.  Nepalda 2015-yilda yuz bergan yer qimirlashlaridan keyin UNAVCO notijorat geofizika tadqiqotlari konsorsiumi Jomolungmaning balandligi 2,54 santimetrga pasayganini ma`lum  qildi.
 
1975-yilning bahor faslida Everestga ilk bor ayollar ekspeditsiyasi ko`tarila boshladi. Jomolungmani zabt etgan birinchi ayol sifatida yaponiyalik alpinist Dzyunko Tabey tan olinadi. Yevropaliklar orasida esa polshalik ayol Vanda Rutkevich 1978-yilda cho`qqini   zabt etdi. 

Alpinistlar Everestga odatga ko`ra, kislorod niqobini taqib olgan xolda chiqishadi. 2013-yilning 23-may kuni cho`qqiga chiqqan 80 yoshli yaponiyalik  Yuitiro Miura Everestni zabt etgan eng keksa kishi sifatida tan olinadi. 2014-yilning 24-mayida hindistonlik 13 yoshli Purna Malavatx cho`qqiga chiqishga muvaffaq bo`ladi.
 
                                   Sharofidin TO`LAGANOV
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.