22-aprel – “Umumjahon Yer kuni” 

7 640

 Ma’lumki, har yili 22-aprel "Umumjahon Yer kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Ilk marotaba Yer kunini nishonlash 1971-yildan boshlangan. Aynan shu yili BMT Bosh Kotibiyati tomonidan maxsus qaror qabul qilingan. 1972-yil Stokgolmdagi BMT Konferensiyasida atrof-muhit tanazzuli muammosi o‘rtaga qo‘yildi. Shundan so‘ng hukumatlar global ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha, atrof muhitni muhofaza qilish hamda yaxshilash borasida BMT ning Atrof muhitni muhofaza qilish Dasturi (YUNEP) ni ishlab chiqdilar. Mazkur dasturning asosiy vazifasi atrof muhit bo‘yicha global muammolarni hal etish va bu boradagi turli loyiha va dasturlarni qo‘llab-quvvatlashda davlatlarga ko‘maklashishdan iborat.
 Kurrai zaminimizning umumiy maydoni 420 mln kv. km. ni tashkil etadi, shundan 30% dan kamrohi (140 mln kv. km.) quruqlikni tashkil etadi. Agar sayyoramiz aholisini 6,5 mlrd deb hisoblasak, shu quruq yerlardan har bir odamga 0,02 kv. km dan to‘hri kelar ekan. Lekin, shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu quruqlik yerlarining asosiy qismini cho‘l hududlari, qadimiy muzliklar hamda baland tohliklar, ya’ni inson yashashi mushkul bo‘lgan hududlar tashkil etadi.
 BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP) tomonidan tayyorlangan "Global ekologik taraqqiyot” nomli kitobida keltirilgan ma’lumotda, yer sharida 2 mlrd. ga yaqin yerlar degradatsiyaga uchragan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, yerlarning degradatsiyaga uchrashiga sabab o‘rmonlarning kesilishi, yaylovlardan haddan tashqari tejamsizlik bilan foydalanish, qishloq xo‘jaligi sohasida yerlardan nooqilona foydalanish va natijada, yerlarning sho‘rlanishi, balchiqqa aylanishiga olib kelishi, hamda sanoatning rivojlanishi va urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi (shaharlar, yo‘llar qurilishi, chiqindilarning hosil bo‘lishi) ham asosiy omillardan hisoblanadi. Mazkur jarayon ayniqsa, XX asrda jadal tus olishi jahon hamjamiyati tomonidan jiddiy ravishda tan olindi.
 O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar jarayonida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni barqarorlashtirish, tabiiy boyliklardan ratsional foydalanish masalalariga katta e’tibor qaratilgan. Hususan yer resurslarini saqlash, qishloq xo‘jalik sohasida zamonaviy ilhor texnologiyalarni qo‘llash, ifloslanishning oldini olish kabi masalalar doim e’tibor markazida turibdi.
 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida "Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simliklar va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur, chunki ular davlat muhofazasidadir” deb belgilab qo‘yilgan. Demak, atrof muhitni, jumladan yer resurslarini muhofaza etish global, eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish bosh Qomusimiz asosida tartibga solinadi. Istiqlol yillarida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "Yer kodeksi”, "Fermer xo‘jaligi to‘g`risida”, "Dehqon xo‘jaligi to‘g`risida”, "Davlat yer kadastri to‘g`risida”gi va boshqa qonunlarining qabul qilinishi mamlakatimizda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishning xuquqiy poydevorini yaratib berdi.
 O‘zbekiston Respublikasi hukumatining yer resurslaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirayotgan chora-tadbirlari yerning ulug` ne’mat ekanligini anglab yetishga va har bir inson mavjud vaziyatning o‘nglanishi uchun nima qilish lozim ekanligi haqida chuqur o‘ylashga undaydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.