O`zbekistonga AESlar kerakmi? 

2 690

 
Yoxud o`ychining o`yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi…
Xabaringiz bor, mamlakatimiz tarixida ilk bor AESqurilishi kutilmoqda. So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ham, o`zaro suhbatlarda ham bu masalaga tez-tez to`xtaladigan bo`lib qolishdi. Biroz beg`amroq hamsuhbatlar beparvo yelka qisishadi: "Xo`sh, shunga nima bo`pti?” Tajangroq suhbatdoshlar darrov yuz burishtirishadi. Axir AES, bu – atom degani! Atom esa insoniyat o`ylab topgan baloi azim-ku? Sal e`tiborsizlik katta fojealarga sabab bo`ladi. Axir Chernobl, Fukusimadagi texnogen ofatlarni eslab ko`raylik. Bu mavzuda o`z munosabatimizni bildirishdan oldin vaziyatga biroz oydinlik kiritib olsak.

AES NIMA DEGANI?
Bilmaganlarga eslatma: AES, bu asosan elektr (ayrim hollarda issiqlik) energiyasi ishlab chiqarishga mo`lgallangan, yadro reaktori va boshqa zarur tutash qurilmalarni o`z ichiga olgan yirik majmuadir. Boshqa issiqlik va elektr stansiyalaridan farqli ravishda AESlarda elektr quvvatini olishda ko`mir, neft yoki mazut emas, asosan sayyoramizda keng tarqalgan faol radioaktiv unsure – uran atomlaridan foydalaniladi. 

Ma`lumki, ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar atom insoniyat tasavvurida eng qudratli vayronkor kuch sifatida tasavvur o`yg`otgan. Ayniqsa, 1945-yil avgustda AQSh havo kuchlari tomonidan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga uyushtirgan mudhish zarbalari va uning oqibatlari dunyo ahlini hali-hamon dahshatga solib keladi. 

O`tgan asrning 40-yillari oxirida sovet olimlari atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo`yicha ilk loyihalarni ishlab chiqdilar. Dunyodagi ilk atom stansiyasi ham 1954-yilning 27-iyun kuni Rossiyaning Obninsk shahrida ishga tushirilgan edi.

Yillar o`tishi bilan dunyo hamjamiyati energetika sanoatida AESlarning afzal jihatlarini anglab yetmoqda.

Xalqaro Atom energiyasi agentlining 2017-yil aprel oyidagi ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda jahonning 31 mamlakatida 451 energoblokka ega bo`lgan 191 ta AES ishlab turubdi. Yadro reaktorlari soni bo`yicha AQSH (99 ta) yetakchi qilmoqda. Fransiyada 58 ta yadro reaktori bo`lib, ular mamlakatning elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojining 72,3 foizini qopladi. Shuningdek, Xitoy (36 ta), Rossiya (37 ta), Janubiy Koreya (25 ta) singari davlatlar ham yadro reaktorlari soni bo`yicha yetakchilar qatoridan o`rin olgan. 

NIMASI YAXSHI-YU NIMASI YOMON?
AESlarning eng birinchi afzalligi juda kam miqdordai yoqilg`i yordamida katta hajmdagi energiya ishlab chiqishidadir. Bu esa birinchi navbatdagi ekologiya va atrof-muhit musaffoligini saqlashda katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, 1000 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun odatiy issiqlik elektr stansiyalari 13 ming tonna zaharli gaz, 165 ming tonna ko`mir changini havoga chiqaradi. AESlarda esa bunday zararli unsurlar faqat zaxiradagi dizel generatorlarini ishga tushirish paytida juda kam miqdorda ajraladi. Issiqlik elektr stansiyalari shuncha miqdordagi energiya ishlab chiqarish uchun 8 mln. Tonna kislorod sarflaydi. AES uchun esa kislorodning deyarli keragi yo`q. 

Atom elektr stansiyalarini ko`pchilik aynan radioaktiv modular sababli xavfli, deb o`ylashadi. Biroq mutaxassislar fikricha, Issiqlik elektr stansiyalarining ko`mir sarfi sababli atmosferaga chiqariladigan radioaktiv moddalar miqdori AESlarga nisbatan bir necha baravar ko`p. 

Ammo, atom elektr stansiyalarining eng katta kamchiligi ularda yuz berishi mumkin bo`lgan texnogen halokatlarning keng ko`lamli oqibatlaridir. Bu haqda so`z ketganda, albatta 1986-yil 26-aprelda Ukrainada yuz bergan Chernobl AES halokati esga olinadi. Ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan mazkur halkat tufayli mintaqadagi ekologik vaziyat keskin buzilgan, radioaktiv nurlanish oqibatida bir necha oy ichida yuzga yaqin inson nobud bo`lgan, uning oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan minglab insonlar salomatligini yo`qotgan.

2011-yilning 11-mart kuni Yaponiyatarixidagi eng kuchli zilzila va sunami oqibatida Fukusima-1 Atom reaktori ishdan chiqqan, natijada mamlakat iqtisodiyoti 189 milliard dollar zarar ko`rgan, atrof-muhitga ham misli ko`rilmagan darajada ziyon yetgan.

Tarixga nazar tashlaydigan bo`lsak, Chernobil va Fukusimadan tashqari, 1975-yilda Leningrad (Rossiya), 1979-yilda Tri-Mayl-Aylend (AQSH) singari bir nechta atom elekr stansiyalarida ham texnogen halokatlar yuz bergan, biroq ular atrof-muhit va mamlakat iqtisodiyoti uchun u qadar katta muammolarni keltirib chiqarmagan.

BIZGA-CHI, AES KERAKMI?
Bugungi kunda mamlakatimizda 32 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining yil sayin o`sishi o`z-o`zidan turli moddiy zaxiralarga, jumladan, elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojni ham oshiradi.

Sir emas, bugun xalqimizni tashvishga solayotgan muammolardan biri, bu — elektr energiyasi taqchilligidir. Albatta, hukumatimiz tomonidan xalqning elektr energiyasiga bo`lgan talablarini imkon qadar qondirish borasida muayyan choralar amalga oshirilmoqda. Ammo bu choralar mamlakat ichki ehtiyojlarini to`la-to`kis qondirolmasligi tabiiy.

Jahon Bankining hisobotiga ko`ra, aholi jon boshiga elektr quvvati iste’moli tobora pasayib borayotgan mamlakatlar qatoridan o`rin olgan O`zbekistonda 10 ta issiklik elektr stansiyasi va 32 ta GES faoliyat ko`rsatadi. Har yili mamlakatda 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilsada, bu ichki ehtiyojlarimizni to`la-to`kis qo`llashga yetmaydi. Mamlakat bo`yicha past kuchlanishli elektr tarmoqlarining 67 foizi eskirgan bo`lib, transforma­tor punktlari zo`riqib ishlamoqda.

Mana shu jihatlarni e’tiborga olib, ko`pchilik mamlakat uchun barqaror elektr ta’minoti manbasi — tinch atom, degan goyani ilgari surmoqda.

ROSSIYA BILAN STRATEGIK HAMKORLIK
Hozirgi vaqtda atom energiyasidan tinchlik yo`lida foydalanish barcha rivojlangan davlatlarda keng yo`lga qo`yilmoqda.

O`tgan 2017-yilning so`nggi kunlarida O`zbekiston va Rossiya o`rtasida Atom energiyasidan tinchlik maqsadida foy­dalanish to`g`risidagi bitim imzolandi. O`zbekiston tomonidan bu hujjatni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Nodir Otajonov, Rossiya hukumati nomidan "Rosatom” Davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachev imzoladi.

Mamlakatimiz rahbari joriy yil­ning 5-yanvar kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida so`zlagan nutqida ham mamlakat tarixida birinchi marta kelajak avlodning farovon hayot kechirishini ta’minlash maqsadida AES qurish bo`yicha Rossiya bilan shartnoma imzolanganini ta’kidladi.

Tahlilchilar fikricha, mazkur bitim O`zbekiston va Rossiya o`rtasida atom energiyasidan tinchlik yo`lida foyda­lanish sohasida hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratib beradi. Zotan, AESlar uchun zarur bo`lgan xomashyo — uran zaxirasi bo`yicha O`zbekiston dunyoda yettinchi o`rinda turadi.

"Rosatom” korporatsiyasi bosh direk­tori Aleksey Lixachevning fikricha, O`zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakat energetikasining istiqboldagi imkoniyatlarini belgilab beradi. Ushbu obyekt qurilishi davrida 6 minggacha kishi ish bilan ta’minlanadi va stansiya ishga tushgach, yana 2 mingga yaqin kishi ish joyiga ega bo`ladi. Quvvati 2,5 GVtni tashkil etuvchi ushbu obyekt qurilishi mamlakatning ichki energiya ta’minotidagi muammolarni hal etibgina qolmay, xorijga ham elektrni eksport qilish imkoniyatini beradi.

"CHUMCHUQDAN QURQQAN TARIQ EKMAS"
Mazkur yangilik ortidan turli bahs-munozaralar kuchaydi. Yangi turdagi energiya manbalarining foyda-yu ziyonlari haqida har kim har xil munozara bildira boshladi. "Koni zarar” AESlarni qurishdan ko`ra, mavjud GES va IESlarni kuchaytirishi, muqobil energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini uqtirayotganlar ham yo`q emas.

Odatiy energiya manbalari uchun qancha ko`mir, mazut, gaz singari yoqilg`ilar ketishini aytmasa ham bo`ladi. Albatta, muqobil manbalar, jumladan, Quyosh energiyasidan foydalanish bo`yicha ham yurtimizda sezilarli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Samarqandsa Quyosh nurini elektr quvvatiga aylantiruvchi stansiya barpo etilmoqda. Biroq, mutaxassislarning ma’lumotlariga ko`ra, Quyosh elektr stansiyalarida bir kilovatt/soat elektr quvvati ishlab chiqarish tannarxi mazutda ishlaydigan issiklik elektr stansiyasi ishlab chiqargan elektrdan kamida o`n baravar qimmatga tushadi. Demak, yana qandaydir choralarni ishga solish lozim.

To`g`ri, har kim o`z fikrini, nuqtai nazarini erkin bayon etishga haqli. Faqat yarim stakan suvni ko`rib, kimdir "stakanning yarmi to`la” degan fikrga borsa, yana kimdir, "aksincha, uning yarmi bo`sh” deya taassuf bildiradi.

Biz yuqorida atom elektr stansiyalarining boshqa energiya manbalaridan farqlari xavfi va xavfsizligi haqida bejiz to`xtalmadik. Zotan, birgina GESlarda yuz bergan turli halokatlarning moddiy o`lchami va qurbonlari soni AESlardagiga nisbatan bir necha baravar ko`p. Birgina 1975-yil 8-avgust kuni Xitoyning Bantsyao GES tug`onida yuz bergan halokat oqibatida 26 mingdan ziyod inson nobud bo`lgan, yuzlab aholi punktlari suv ostida qolgandi.

Binobarin, har qanday yirik energiya obyektlari ma’lum darajada xavf-xatar manbai hamdir. Qushni Tojikistonda bunyod etilayotgan Rog`un GESining ehtimoldagi mudhish oqibatlari haqida bir paytlar rosa yozdik-ku? Ammo, shunga qaramay, qo`shnilarimiz mazkur yirik GES qurilishini to`xtatishgani yo`q.

Xalqimizda "chumchuqdan qo`rqqan tariq ekmaydi", deb bejiz aytishmagan. Axir har yili sayyoramizda yuz minglab inson avtohalokatlar tufayli hayotdan ko`z yumadi. Yana yuzlab insonlar temiryo`l yoki aviahalokatlar qurboniga aylanadi. Ammo bu bilan odamlar samolyot, poyezd yoki mashinalar xizmatidan voz kechayotgani yo`q.

FAQAT BIZDAGINA EMAS
Internet ma’lumotlariga tayanadigan bo`lsak, yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda AESlar soni ko`payishi mumkin. Jum­ladan, tengrinews.kz nashrining xabar berishicha, joriy yilda Qozog`istonda ham AES qurilishi boshlanadi. Stansiya sharqiy Qozog`iston viloyati, Kurchatov shahrida Yaponiya texnologiyasi asosida qurilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash o`rinliki, Qozog`iston jahonda uran zahiralari bo`yicha birinchi o`rinda turadi.
Qardosh Turkiyada ham 2022-yilgacha birinchi atom elektr stansiyasi "Akkuyu” ishga tushirilishi kutilmoqda. Rossiya va Turkiya rasmiylari tomonidan imzolangan 20 mlrd. AQSh dollariga teng miqdordagi loyihaga ko`ra, quvvati 1200 MVt. ga teng bo`lgan mazkur AES mamla­kat janubidagi Mersin shahrida bunyod etilmoqda.

Garchi bugungi kunda ayrim davlatlar energetika maqsadlarida yadro reaktorlaridan voz kechish siyosatini qo`llab-quvvatlayotgan bo`lsa-da, (masalan, Ita­liya) yil sayin tabiiy zahiralarning qisqarib borishi dunyo hamjamiyati energetikaning istiqbolini Quyosh, shamol va atom energiyasidan foydalanishda ko`rmoqda. Yil sayin AESlarga ehtiyoj ortib borayotir.

Bizda ham yangi turdagi energiya manbalari bunyod etilar ekan, birinchi navbatda ularning xavfsizlik darajalariga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Shu paytga qadar dunyo tarixida yuz bergan texnogen halokatlarning yuzaga kelishida yo`l qo`yilgan xatolardan tegishli xulosalar chiqariladi.

Qolaversa, zamon va makon tafovutlari ham farqli. Zotan, bugungi kunda xavfsizlik texnikalari Chernobil fojiasi yuz bergan 1986-yildagidan bir necha baravar taraqqiy etgan. O`zbekiston hududida Fukusima-1 yadro reaktori joylashgan Yaponiyadagi singari o`ta kuchli zilzilalar ham, daxshatli sunamilar ham xavf solmaydi.

Eng muhimi, Yaratganning o`zi asrasa, mamlakatimizga hech qanday balo-qazo yaqin yo`lamaydi. Shunday ekan, yurti­mizda yuqori quvvatga ega atom elektr stansiyalarining bunyod etilishi mam­lakatimiz energetikasi tarixida yangi sahifa ochishi shubxasiz.
 
Rustam JABBOROV
Ma`lumot "Darakchi” gazetasining 2018-yil 25-yanvardagi 4 (979) sonidan olindi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.