O`zbekistonga AESlar kerakmi?
Yoxud
o`ychining o`yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi…
Xabaringiz
bor, mamlakatimiz tarixida ilk bor AESqurilishi kutilmoqda. So`nggi paytlarda
ijtimoiy tarmoqlarda ham, o`zaro suhbatlarda ham bu masalaga tez-tez to`xtaladigan
bo`lib qolishdi. Biroz beg`amroq hamsuhbatlar beparvo yelka qisishadi: "Xo`sh,
shunga nima bo`pti?” Tajangroq suhbatdoshlar darrov yuz burishtirishadi. Axir
AES, bu – atom degani! Atom esa insoniyat o`ylab topgan baloi azim-ku? Sal
e`tiborsizlik katta fojealarga sabab bo`ladi. Axir Chernobl, Fukusimadagi
texnogen ofatlarni eslab ko`raylik. Bu mavzuda o`z munosabatimizni bildirishdan
oldin vaziyatga biroz oydinlik kiritib olsak.
AES NIMA
DEGANI?
Bilmaganlarga
eslatma: AES, bu asosan elektr (ayrim hollarda issiqlik) energiyasi ishlab
chiqarishga mo`lgallangan, yadro reaktori va boshqa zarur tutash qurilmalarni
o`z ichiga olgan yirik majmuadir. Boshqa issiqlik va elektr stansiyalaridan
farqli ravishda AESlarda elektr quvvatini olishda ko`mir, neft yoki mazut emas,
asosan sayyoramizda keng tarqalgan faol radioaktiv unsure – uran atomlaridan
foydalaniladi.
Ma`lumki,
ikkinchi jahon urushi tugagunga qadar atom insoniyat tasavvurida eng qudratli
vayronkor kuch sifatida tasavvur o`yg`otgan. Ayniqsa, 1945-yil avgustda AQSh
havo kuchlari tomonidan Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga
uyushtirgan mudhish zarbalari va uning oqibatlari dunyo ahlini hali-hamon
dahshatga solib keladi.
O`tgan
asrning 40-yillari oxirida sovet olimlari atom energiyasidan tinchlik
maqsadlarida foydalanish bo`yicha ilk loyihalarni ishlab chiqdilar. Dunyodagi
ilk atom stansiyasi ham 1954-yilning 27-iyun kuni Rossiyaning Obninsk shahrida
ishga tushirilgan edi.
Yillar
o`tishi bilan dunyo hamjamiyati energetika sanoatida AESlarning afzal
jihatlarini anglab yetmoqda.
Xalqaro
Atom energiyasi agentlining 2017-yil aprel oyidagi ma`lumotlariga ko`ra,
bugungi kunda jahonning 31 mamlakatida 451 energoblokka ega bo`lgan 191 ta AES
ishlab turubdi. Yadro reaktorlari soni bo`yicha AQSH (99 ta) yetakchi qilmoqda.
Fransiyada 58 ta yadro reaktori bo`lib, ular mamlakatning elektr energiyasiga bo`lgan
ehtiyojining 72,3 foizini qopladi. Shuningdek, Xitoy (36 ta), Rossiya (37 ta), Janubiy
Koreya (25 ta) singari davlatlar ham yadro reaktorlari soni bo`yicha
yetakchilar qatoridan o`rin olgan.
NIMASI
YAXSHI-YU NIMASI YOMON?
AESlarning
eng birinchi afzalligi juda kam miqdordai yoqilg`i yordamida katta hajmdagi
energiya ishlab chiqishidadir. Bu esa birinchi navbatdagi ekologiya va
atrof-muhit musaffoligini saqlashda katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, 1000
MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun odatiy issiqlik elektr
stansiyalari 13 ming tonna zaharli gaz, 165 ming tonna ko`mir changini havoga
chiqaradi. AESlarda esa bunday zararli unsurlar faqat zaxiradagi dizel
generatorlarini ishga tushirish paytida juda kam miqdorda ajraladi. Issiqlik
elektr stansiyalari shuncha miqdordagi energiya ishlab chiqarish uchun 8 mln.
Tonna kislorod sarflaydi. AES uchun esa kislorodning deyarli keragi yo`q.
Atom
elektr stansiyalarini ko`pchilik aynan radioaktiv modular sababli xavfli, deb
o`ylashadi. Biroq mutaxassislar fikricha, Issiqlik elektr stansiyalarining
ko`mir sarfi sababli atmosferaga chiqariladigan radioaktiv moddalar miqdori
AESlarga nisbatan bir necha baravar ko`p.
Ammo,
atom elektr stansiyalarining eng katta kamchiligi ularda yuz berishi mumkin
bo`lgan texnogen halokatlarning keng ko`lamli oqibatlaridir. Bu haqda so`z
ketganda, albatta 1986-yil 26-aprelda Ukrainada yuz bergan Chernobl AES
halokati esga olinadi. Ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan mazkur halkat tufayli
mintaqadagi ekologik vaziyat keskin buzilgan, radioaktiv nurlanish oqibatida
bir necha oy ichida yuzga yaqin inson nobud bo`lgan, uning oqibatlarini
bartaraf etishda qatnashgan minglab insonlar salomatligini yo`qotgan.
2011-yilning
11-mart kuni Yaponiyatarixidagi eng kuchli zilzila va sunami oqibatida
Fukusima-1 Atom reaktori ishdan chiqqan, natijada mamlakat iqtisodiyoti 189
milliard dollar zarar ko`rgan, atrof-muhitga ham misli ko`rilmagan darajada
ziyon yetgan.
Tarixga nazar tashlaydigan
bo`lsak, Chernobil va Fukusimadan tashqari, 1975-yilda Leningrad (Rossiya),
1979-yilda Tri-Mayl-Aylend (AQSH) singari bir nechta atom elekr stansiyalarida
ham texnogen halokatlar yuz bergan, biroq ular atrof-muhit va mamlakat iqtisodiyoti
uchun u qadar katta muammolarni keltirib chiqarmagan.
BIZGA-CHI, AES KERAKMI?
Bugungi kunda mamlakatimizda
32 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Aholining yil sayin o`sishi o`z-o`zidan
turli moddiy zaxiralarga, jumladan, elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojni ham oshiradi.
Sir emas, bugun xalqimizni
tashvishga solayotgan muammolardan biri, bu — elektr energiyasi taqchilligidir.
Albatta, hukumatimiz tomonidan xalqning elektr energiyasiga bo`lgan talablarini
imkon qadar qondirish borasida muayyan choralar amalga oshirilmoqda. Ammo bu choralar
mamlakat ichki ehtiyojlarini to`la-to`kis qondirolmasligi tabiiy.
Jahon Bankining hisobotiga
ko`ra, aholi jon boshiga elektr quvvati iste’moli tobora pasayib borayotgan mamlakatlar
qatoridan o`rin olgan O`zbekistonda 10 ta issiklik elektr stansiyasi va 32 ta GES
faoliyat ko`rsatadi. Har yili mamlakatda 55 milliard kVt/soat elektr energiyasi
ishlab chiqarilsada, bu ichki ehtiyojlarimizni to`la-to`kis qo`llashga yetmaydi.
Mamlakat bo`yicha past kuchlanishli elektr tarmoqlarining 67 foizi eskirgan bo`lib,
transformator punktlari zo`riqib ishlamoqda.
Mana shu jihatlarni
e’tiborga olib, ko`pchilik mamlakat uchun barqaror elektr ta’minoti manbasi — tinch
atom, degan goyani ilgari surmoqda.
ROSSIYA BILAN STRATEGIK HAMKORLIK
Hozirgi vaqtda atom
energiyasidan tinchlik yo`lida foydalanish barcha rivojlangan davlatlarda keng yo`lga
qo`yilmoqda.
O`tgan 2017-yilning
so`nggi kunlarida O`zbekiston va Rossiya o`rtasida Atom energiyasidan tinchlik maqsadida
foydalanish to`g`risidagi bitim imzolandi. O`zbekiston tomonidan bu hujjatni O`zbekiston
Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Nodir Otajonov, Rossiya hukumati nomidan "Rosatom”
Davlat korporatsiyasining bosh direktori Aleksey Lixachev imzoladi.
Mamlakatimiz rahbari
joriy yilning 5-yanvar kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan
tashqari sessiyasida so`zlagan nutqida ham mamlakat tarixida birinchi marta kelajak
avlodning farovon hayot kechirishini ta’minlash maqsadida AES qurish bo`yicha Rossiya
bilan shartnoma imzolanganini ta’kidladi.
Tahlilchilar fikricha, mazkur bitim O`zbekiston va Rossiya
o`rtasida atom energiyasidan tinchlik yo`lida foydalanish sohasida hamkorlikning
huquqiy asoslarini yaratib beradi. Zotan, AESlar uchun zarur bo`lgan xomashyo —
uran zaxirasi bo`yicha O`zbekiston dunyoda yettinchi o`rinda turadi.
"Rosatom”
korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachevning fikricha, O`zbekistonda
atom elektr stansiyasi qurilishi mamlakat energetikasining istiqboldagi
imkoniyatlarini belgilab beradi. Ushbu obyekt qurilishi davrida 6 minggacha
kishi ish bilan ta’minlanadi va stansiya ishga tushgach, yana 2 mingga yaqin
kishi ish joyiga ega bo`ladi. Quvvati 2,5 GVtni tashkil etuvchi ushbu obyekt qurilishi
mamlakatning ichki energiya ta’minotidagi muammolarni hal etibgina qolmay,
xorijga ham elektrni eksport qilish imkoniyatini beradi.
"CHUMCHUQDAN QURQQAN TARIQ EKMAS"
Mazkur yangilik
ortidan turli bahs-munozaralar kuchaydi. Yangi turdagi energiya manbalarining
foyda-yu ziyonlari haqida har kim har xil munozara bildira boshladi. "Koni
zarar” AESlarni qurishdan ko`ra, mavjud GES va IESlarni kuchaytirishi, muqobil
energiya manbalaridan foydalanishning afzalliklarini uqtirayotganlar ham yo`q
emas.
Odatiy energiya
manbalari uchun qancha ko`mir, mazut, gaz singari yoqilg`ilar ketishini aytmasa
ham bo`ladi. Albatta, muqobil manbalar, jumladan, Quyosh energiyasidan
foydalanish bo`yicha ham yurtimizda sezilarli ishlar amalga oshirilayotir.
Jumladan, Samarqandsa Quyosh nurini elektr quvvatiga aylantiruvchi stansiya
barpo etilmoqda. Biroq, mutaxassislarning ma’lumotlariga ko`ra, Quyosh elektr
stansiyalarida bir kilovatt/soat elektr quvvati ishlab chiqarish tannarxi
mazutda ishlaydigan issiklik elektr stansiyasi ishlab chiqargan elektrdan
kamida o`n baravar qimmatga tushadi. Demak, yana qandaydir choralarni ishga
solish lozim.
To`g`ri, har kim o`z
fikrini, nuqtai nazarini erkin bayon etishga haqli. Faqat yarim stakan suvni ko`rib,
kimdir "stakanning yarmi to`la” degan fikrga borsa, yana kimdir, "aksincha,
uning yarmi bo`sh” deya taassuf bildiradi.
Biz yuqorida atom
elektr stansiyalarining boshqa energiya manbalaridan farqlari xavfi va xavfsizligi
haqida bejiz to`xtalmadik. Zotan, birgina GESlarda yuz bergan turli halokatlarning
moddiy o`lchami va qurbonlari soni AESlardagiga nisbatan bir necha baravar ko`p.
Birgina 1975-yil 8-avgust kuni Xitoyning Bantsyao GES tug`onida yuz bergan halokat
oqibatida 26 mingdan ziyod inson nobud bo`lgan, yuzlab aholi punktlari suv ostida
qolgandi.
Binobarin, har qanday yirik energiya obyektlari ma’lum
darajada xavf-xatar manbai hamdir. Qushni Tojikistonda bunyod etilayotgan Rog`un
GESining ehtimoldagi mudhish oqibatlari haqida bir paytlar rosa yozdik-ku?
Ammo, shunga qaramay, qo`shnilarimiz mazkur yirik GES qurilishini to`xtatishgani
yo`q.
Xalqimizda
"chumchuqdan qo`rqqan tariq ekmaydi", deb bejiz aytishmagan. Axir har yili
sayyoramizda yuz minglab inson avtohalokatlar tufayli hayotdan ko`z yumadi.
Yana yuzlab insonlar temiryo`l yoki aviahalokatlar qurboniga aylanadi. Ammo bu
bilan odamlar samolyot, poyezd yoki mashinalar xizmatidan voz kechayotgani yo`q.
FAQAT BIZDAGINA EMAS
Internet
ma’lumotlariga tayanadigan bo`lsak, yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda AESlar
soni ko`payishi mumkin. Jumladan, tengrinews.kz nashrining xabar berishicha, joriy yilda Qozog`istonda
ham AES qurilishi boshlanadi. Stansiya sharqiy Qozog`iston viloyati, Kurchatov
shahrida Yaponiya texnologiyasi asosida qurilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash o`rinliki,
Qozog`iston jahonda uran zahiralari bo`yicha birinchi o`rinda turadi.
Qardosh Turkiyada ham
2022-yilgacha birinchi atom elektr stansiyasi "Akkuyu” ishga tushirilishi
kutilmoqda. Rossiya va Turkiya rasmiylari tomonidan imzolangan 20 mlrd. AQSh
dollariga teng miqdordagi loyihaga ko`ra, quvvati 1200 MVt. ga teng bo`lgan
mazkur AES mamlakat janubidagi Mersin shahrida bunyod etilmoqda.
Garchi bugungi kunda
ayrim davlatlar energetika maqsadlarida yadro reaktorlaridan voz kechish
siyosatini qo`llab-quvvatlayotgan bo`lsa-da, (masalan, Italiya) yil
sayin tabiiy zahiralarning qisqarib borishi dunyo hamjamiyati energetikaning
istiqbolini Quyosh, shamol va atom energiyasidan foydalanishda ko`rmoqda. Yil
sayin AESlarga ehtiyoj ortib borayotir.
Bizda ham yangi
turdagi energiya manbalari bunyod etilar ekan, birinchi navbatda ularning
xavfsizlik darajalariga ham jiddiy e’tibor qaratiladi. Shu paytga qadar dunyo
tarixida yuz bergan texnogen halokatlarning yuzaga kelishida yo`l qo`yilgan
xatolardan tegishli xulosalar chiqariladi.
Qolaversa, zamon
va makon tafovutlari ham farqli. Zotan, bugungi kunda xavfsizlik texnikalari
Chernobil fojiasi yuz bergan 1986-yildagidan bir necha baravar taraqqiy etgan. O`zbekiston
hududida Fukusima-1 yadro reaktori joylashgan Yaponiyadagi singari o`ta kuchli
zilzilalar ham, daxshatli sunamilar ham xavf solmaydi.
Eng muhimi,
Yaratganning o`zi asrasa, mamlakatimizga hech qanday balo-qazo yaqin yo`lamaydi.
Shunday ekan, yurtimizda yuqori quvvatga ega atom elektr stansiyalarining
bunyod etilishi mamlakatimiz energetikasi tarixida yangi sahifa ochishi
shubxasiz.
Rustam JABBOROV
Ma`lumot "Darakchi”
gazetasining 2018-yil 25-yanvardagi 4 (979) sonidan olindi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.