Nega Sarez ko‘li birdaniga 4 mamlakatga xavf tug‘dirmoqda? 

1 072

Pomir tog‘laridagi 70 kilometr uzunlikdagi Sarez ko‘li 100 yoshdan oshgan. Aslida katta tabiiy ofat natijasida paydo bo‘lgan bu ko‘l ayni paytda Markaziy Osiyoning aholisi uchun katta xavf hisoblanadi. Bu haqda TravelAsk xabar qildi.

Sarez ko‘li — Tojikiston hududida joylashgan Pomir tog‘larining javhari hisoblanadi. U ayilli ko‘llar sirasiga kiradi. Ya’ni toshlarning qulashi natijasida Bartang daryosining (Murg‘ob) tor vodiysi to‘sib qo‘yilgach, tabiiy suv ombori barpo bo‘lgan. Uning natijasida esa Sarez ko‘li hosil bo‘lgan. 1911-yilda sodir bo‘lgan bu voqea Usoy uyumi nomini olgan. Olimlar bu hodisaga kuchli zilzila sabab bo‘lgan degan fikrda.

Usoy uyumining kengliklari odamni lol qoldiradi. Tog‘ jinslaridan yaralgan tabiiy suv omborining balandligi 567 metr, kengligi esa 3 kilometrdan iborat. Bu insoniyat tarixida qayd etilgan tog‘ jinslarining eng katta ko‘chkisi hisoblanadi. Paydo bo‘lgan bu uyum daryoning yo‘lini to‘sib qo‘ygan va Sarez ko‘lining havzasi asta-sekin suv bilan to‘lgan. Dastlabki 3 yil mobaynida tadqiqotchilar ombordan suv oqayotganini sezmagan, ammo 1914-yilda Usoy uyumi orqali kichik buloqlar sizib o‘tayotgani ma’lum bo‘lgan. Yangi suv havzasining chuqurligi o‘tgan davr mobaynida 270 metrdan oshgan. Tabiiy suv ombori hosil bo‘lganiga 7 yil bo‘lgach, Sarez ko‘lining chuqurligi 477 metrga yetib, Usoy uyumidan 75 kilometr narida bo‘lgan daryo vodiysini suv bilan to‘ldira boshlagan.

Bugungi kunda Sarez ko‘lining eng chuqur joyi 505 metrga teng. Yog‘ingarchilik soni va suv bilan qanchalik to‘lishiga qarab, ko‘lning uzunligi 65 dan 75 kilometrgacha o‘zgaradi. Suv havzasining bunday katta o‘lchami atrof-muhit uchun tahdid tug‘diradi.

Gap shundaki, Bartang vodiysida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Usoy uyumi birinchi uyum emas. Bu daryoda undan oldin ham ko‘chkilar tushib, suv omborlarini hosil qilgan. Natijada oldin ham ayilli ko‘llar hosil bo‘lgan. Geologlar Bartang vodiysida antropogen davrida mavjud bo‘lgan 9 turdagi suv havzalarining izini topgan. Ammo ularga nima bo‘lgan? Ehtimol, ularning yo‘q bo‘lib ketishiga yoki Pomir tog‘larida tez-tez ro‘y beradigan zilzilalar yoki kuchli yog‘ingarchiliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar Sarez ko‘li bilan ham xuddi shunday holat yuz berishidan xavotirda. O‘tgan yillar mobaynida tabiiy suv ombori 60 metrgacha qisqarganiga qaramasdan, kelajakda u kuchli zilzila va qattiq yog‘ingarchilikka dosh bera oladimi, yo‘qmi noma’lum. 80 kvadrat metr maydonni egallagan ko‘lda taxminan 17 kub kilometr suv mavjud.

Bu esa, vodiyning pastki qismiga oqadigan suv o‘z yo‘lida hamma narsani yuvib ketadi degani. Bundan tashqari, yana boshqa xavf mavjud: ko‘l sathining o‘zida ko‘chki yuz berishi mumkin.

O‘tgan asrning 60-yillarida, Sarez ko‘li bo‘yida yer ko‘chkilari xavfi yuqori bo‘lgan joylar qayd etilgan. Hatto kichik zilzila ham qirg‘oqlarning nurashiga sabab bo‘lishi mumkin. U holda ko‘ldan katta miqdordagi suv ko‘tarilib, tabiiy suv omboridan toshib ketishi mumkin.

Bunday sersuv toshqin unchalik xavfli bo‘lmasa ham, Bartang vodiysidagi aholi punktlari uchun mayda talofot keltirishi mumkin. Ammo suv omborining o‘zi nurab, suv toshsa, bu juda jiddiy talofotga sabab bo‘ladi. Ko‘l toshqini yuzaga kelsa, nafaqat Tojikiston hududi, balki qo‘shni Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston ham jiddiy zarar ko‘radi. Chunki Bartang Panj daryosiga quyiladi, undan o‘tib esa Amudaryoga. Agar falokat bo‘lsa, u ham Amudaryogacha ham Orol dengizigacha bo‘lgan joylarni qamrab oladi.

Vaziyatning jiddiyligini hisobga olib, 1970-yillardayoq Usoy uyumi hududida gidroelektrostansiya qurilish loyihasi ishlab chiqilgan. GES qurilishi natijasida ko‘lning darajasi 100 metrga pasayishi kerak edi. Natijada xavf ham kamayardi. Biroq, texnik va moddiy muammolar sabab, loyiha hech qachon amalga oshirilmagan. Shuning uchun Bartang daryosining quyi qismidagi aholi xavfsizligi masalasi ochiq qolmoqda. 2006-yilda mintaqada xalqaro investorlarning mablag‘lari bilan favqulodda ogohlantirish tizimi yaratilgan. Bu tizim falokat yuz bergan taqdirda aholini tahdid haqida ogohlantiradi, ammo Sarez ko‘li xavfsizligi masalasi haligacha hal qilinmay qolmoqda.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.