Yil hisobi 

19 611

«Milod» va «era» tushunchalari. Hozir dunyodagi davlatlarning ko'pchiligida, jumladan O'zbekistonda ham milodiy yil hisobi qo'llanadi. (Siz bilan biz yashayotgan yil milodiy yildir). Milodiy yil hisobiga Iso payg'ambar tug'ilgan yil asos qilib olingan.
 
Yodda tuting!
Milod (arabcha so'z bo'lib, o'zbek tilida «tug'ilish» degan ma'noni anglatadi)-hozirgi yil hisobimizning boshi. Tarix kitoblarida «milod» so'zining o'rnida «era» so'zi ham ishlatiladi. «Era» so'zi «boshlang'ich raqam», ya'ni yil hisobining boshi ma'nosini anglatadi. 
 
 
Milodiy yil hisobida 1-yanvar yil boshi deb e'tirof etilgan. U hozirgi yilimiz boshlangan birinchi kundir. Tarix kitoblarida, Iso payg'ambar tug'ilganidan avval bo'lib o'tgan voqealarga nisbatan «miloddan avvalgi» (qisqacha: mil.avv.) iborasi qo'shib yoziladi. (Masalan:«Miloddan avvalgi IV-III asrlarda lotin alifbosi yaratilgan»).

Milodgacha yil hisobi. Milodgacha turli xalqlar yil hisobini turlicha olib borganlar. Masalan, dastlab yil hisobini ekinlarning hosilini yig'ishtirib olish boshlangan kundan boshlaganlar va uni yilning birinchi kuni deb belgilab qo'yganlar. Qadimgi yunonlarda esa yil hisobi birinchi Olimpiya sport o'yinlari o'tkazilgan yildan boshlangan.Rimliklar esa Rim shahriga asos solingan yildan boshlaganlar.

Siz yana bir holatni yodda tutingki, tarix fanida tarixiy voqea va hodisalar ro'y bergan asr Rim raqamida yoziladi. Masalan, I(1), II(2), III(3), IV(4),V(5), VI(6), VII(7), VIII(8), IX(9), X(10), XI(11), XII(12), XIII(13), XIV(14), XV (15), XVI(16), XVII(17), XVIII(18), XIX (19), XX(20), XXI(21)asr. XXI(21)asr 2001-yilning 1-yanvar kunidan boshlangan.

Yurtimizda ajdodlarimiz sug'diy, xorazmiy, muchal va hijriy kabi yil hisoblaridan foydalanganlar.

Hijriy yil hisobi. Dunyoning qator davlatlarida hijriy yil hisobi ham qo'llaniladi. U Arabistonda yaratilgan. Bu yil hisobiga payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning milodiy 622-yilning 16-iyulida Makka shahridan Madina shahriga hijrat qilgani, ya'ni ko'chgan vaqti asos qilib olingan. Bu sanadan hijriy birinchi yil boshlandi. 

O'zbekiston Respublikasida hijriy yil hisobidan diniy marosimlar va bayram kunlarini belgilashda foydalaniladi.

Xronologiya tushunchasi. Tarixda yuz bergan voqea va hodisalarning vaqtini aniqlash juda muhimdir. Bu siz tarix fanini mukammal yaratib bo'lmaydi. Tarixda yuz bergan voqea va hodisalarning vaqtini aniqlashda tarixchi olimlar xronologiya faniga murojaat qiladilar. 
 
Yodda tuting!
«Xronologiya» so'zi yunoncha (grekcha) «xronos»-vaqt va «logos» - fan so'zlari birikmasidan iborat bo'lib, tarixiy voqea va hodisalar ro'y bergan vaqtni aniqlovchi fandir.

Xronologiya vazifasiga ko'ra tarix faniga yordamchi fandir. Bu fan yordamida olimlar qaysi tarixiy voqea va hodisa qachon ro'y berganligini aniqlaydilar, ularning ro'yxatini tuzadilar.
 
Muchal yil hisobi.
 
Muchal yil hisobi «xosiyatli» va «muqaddas» deb hisoblangan 12 ta hayvonning nomi (sichqon, sigir, yo'lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo'y, maymun, tovuq, it va to'ng'iz) bilan atalgan 12 yillik davriy yil hisobidir.

Bu jarayonlar kishilar hayotida muhim o'rin tutgan. Ajdodlarimiz bu yil hisobidan o'z yoshlarini aniqlashda ham foydalanganlar.

Bundan 2300 yilcha oldin qo'llanila boshlagan muchal yil hisobining asosida kishilarning tug'ilgan yillarini hayvonlar nomi bilan atash va ularning har 12 yillik yoshini bir muchal yoshi deb hisoblash belgilangan. Siz ham muchal yoshingizni nishonlaysiz.

Muchal yil hisobi bo'yicha yangi yil bahorgi teng kunlikdan boshlangan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.