Dunyoning yangi yetti mo’jizasi 

77 831

  2000-yilda boshlangan "Yangi Ming Yillik "proyektlari doirasida boshlangan "Dunyoning yangi 7 mo’jiasi" ro’yxatini tuzish 2007-yilda o’z yakuniga yetdi. Deyarli 100 million nafardan ortiq sayyoramiz aholisining telefon va internet or­qali bergan ovozlari bilan dunyoning yangi yetti mo’jizasi dunyoning 200 ta eng sara inshootlari orasidan tanlab olindi hamda ushbu ro’yxat Portugaliyaning Lissabon shahridagi "Luz” stadionida 2007-yilning 7-oyi 7-kuni 7-iyulda taqdim etildi.Tadbirda amerikalik kosmonavt Nil Armstrong, futbolchi Krishtianu Ronaldo, YUNESKO ning sobiq bosh direktori Federiko Mayor Saragosa, amerikalik aktrisa Jennifer Lopes va raqqos Xoakin Kortes kabi mashhur insonlar qatnashdilar. Shou translyatsiyasidan tushgan mablag‘ning yarmi 2001-yilda vayron etilgan Afg‘onistondagi Budda haykalini tiklash uchun sarflanadigan bo‘ldi.
  Faqat o‘z texnik yoki badiiy mukammalligi bilan insonlar hayratiga sabab bo‘lgan yaratmalargina yetti mo‘’jiza turkumiga kiritildi, deyiladi tashkilotchilar bayonotida. Aslida dunyoning yangi yetti mo‘’jizasi ro‘yxatini 2001-yil shveytsariyalik millioner, kinematograf va muzey kuratori Bernard Veber butunjahon ovoz berish yo‘li bilan yangilashni taklif etgandi. Shundan so‘ng u Syurixda «Duyoning yangi yetti mo‘’jizasi» jamg‘armasini tuzdi. 2005-yil so‘ngida ovoz berish jarayoni boshlandi. Ovoz beruvchilar avvaldan tanlangan 21 ta arxitektura javohiri orasidan eng sara yettitasini tanlashlari kerak edi. Asosiy talab inshootlar inson mehnati mahsuli bo‘lib, u 2000 yilga qadar qurilgan bo‘lishi lozim.
  Eslatib o‘tamiz, sayyoramizning eng sara inshootlarining ilk ro‘yxati IV asrda grek yozuvchisi Filon Vizantiyskiy tomonidan tuzilgan. Unga Semiramida (Bobil) osma bog‘lari, Olimpiyadagi Zevs haykali, Efesdagi Artemida ibodatxonasi, Galikarnasmavzoleyi, Iskandar mayog‘i, Misr ehromlari va Gelios haykali kiritilgan.
  "Yangi yetti mo‘’jiza” nomiga esa Buyuk Xitoy devori, Iordaniyadagi toqqa o‘yib ishlangan Petra majmuasi, Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovadu tog‘ida joylashgan Isoning ulkan haykali, Perudagi qadimgi inklar shahri Machu-Pikchu, Meksikaning Chichen-Ittsa shahridagi qadimgi mayya piramidasi, Rim Kolizeyi va Hindiston Tojmahali sazovor bo‘ldi.
  Misr ehromlari bu ro‘yxatga kiritilmagan. U tashkilotchilar tomonidan "faxriy mo‘’jiza” sifatida e’tirof etildi. Ma’lumki, qadimgi mo‘’jizalardan faqat Misr ehromlarigina saqlanib qolgan. Ular ming yillar davomida tabiat va inson ta’siriga bardosh berib, "Hamma vaqtdan qo‘rqadi, lekin vaqt ehromlardan qo‘rqadi” degan ta’rifni isbotlab kelmoqda.
Endi dunyoning yangi yetti mo‘’jizasi, deya e’lon qilingan inshootlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Buyuk Xitoy devori
  U xitoychada "Vanli chongchang” deya nomlanib, "10 ming li uzunlikdagi devor” ma’nosini anglatadi. Uning dastlabki qismi qal’a devori sifatida miloddan avvalgi IV-III asrlarda imperator Sin Shixuan davrida qurilgan. Devor tosh va g‘ishtdan ishlanib, ichini tuproq bilan to‘ldirgan holda, shibbalab bunyod etilgan. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda g‘arb tomonga 500 kilometrga uzaytirilgan. 2001 yilda ilmiy tadqiqotlar natijasida uning asli uzunligi 530 kilometr, deya e’tirof etildi. Buyuk Xitoy devorining o‘rtacha balandligi 9 metr. Kengligi 5-6,5 metr. Devorda soq­chilar uchun to‘rtburchak burjlar qurilgan va ularning balandligi 10-12 metrgacha yetgan. Har 10 kilometrda kuzatish, xabar berish minoralari, tog‘dagi muhim o‘tish joylarida qo‘rg‘onlar bo‘lgan.
Kolizey
  Rim Kolizeyi – qadimiy Rim me’morchiligining ulkan yodgorligi. Aslida ham Kolizey so‘zi lotin tilida "ulkan” degan ma’noni anglatadi. U milodimizning 70-80-yillarida imperator Tit tomonidan qurilgan. Ellips shaklidagi inshoot balandligi 57 metr. Unga 50 ming tomoshabin bemalol sig‘adi. O‘rindiqlar toshdan ishlangan. Imperator o‘rindig‘i sahna bilan teng bo‘lgan (ya’ni 3,5 metr balandlikda). Kolizey sahnasida bayram tantanalari, teatr tomoshalari, gladiatorlar janglari va qurbonliklar o‘tkazilgan.
Hindiston Tojmahali
  Temuriylar avlodlari tomonidan Hindiston zaminida bun­yod etilgan ushbu me’moriy yodgorlik 1631-52-yillarga mansubdir. U Agra shahri yaqinidagi Jamna daryosi bo‘yida Shoh Jahonning Arjumandbonuga bo‘lgan muhabbati ramzi o‘laroq qad ko‘targan. Shoh Jahonning o‘zi ham keyin­chalik shu yerda dafn etilgan. Inshoot murabba tarx­li bo‘lib, 3 qavat va 5 gumbazdan iborat. Bino marmar supa ustiga qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 45 metr bo‘lgan minoralar barpo etilgan. Oq marmardan ishlangan devorlarga aqiq, marvarid, sadaf, qahrabo, zumrad, yoqut, fil suyagi kabi qimmatbaho toshlardan qadama naqshlar ishlangan.
Iordaniyadagi Petra majmuasi
  U qoyalarni o‘yib ishlangan ibodatxonalar, maqbaralar, turar joy binolari, 3 ming kishilik teatr va bosh­qa binolarning betakror majmuasidir. Eramizdan avvalgi III asr va eramizning I asrida bunyod etilgan. Majmua 3 kv. km. bo‘lib, unda 1000 dan ortiq o‘yma inshootlar mavjud.
Iso haykali
  Iso haykali Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovadu tog‘ida joylashgan. U g‘olib yodgorliklarning eng Yoshi bo’lib, 1922 – 1931 yilda bunyod etilgan. 700 metr balandlikda joylashgan haykalning balandligi 30 metr.
Perudagi qadimgi inklar shahri-Machu-Pikchu
  Machu Pikchu so‘zi eski pirmaida ma’nosini anglatib, bu shahar "yo‘qolgan shahar” nomi bilan ham mash­hur. Ushbu shahar XV asrda inklar tomonidan 2430 metr balandlikka qurilgan bo’lib, bu yerda to‘g‘ri burchakli kvartallar, tor ko‘chalar, qo‘rg‘onlar kabi bir qator inshootlar bo‘lgan. Shaharda hayot ispanlar bir ardan keyin bostirib kelganda o’z yakuniga yetgan hamda qir’gindan omon qolganlar shaharni butunlay tashlab ketishga majbur bo’lganlar. 1911-yilgacha bunday shahar mavjudligini mahalliy aholidan boshqa hech kim bilmagan. Hozirda shahar nafaqat Janubiy Amerikadagi, balki dunyodagi eng ko’p turist tashrif buyuradigan obidalardan biri sanaladi.
Mayya ehromi
  U Meksikaning Yukatan yarim orolida Chichen-Ittsa shahrida joylashgan. Zinapoyali ulkan ehrom. Miloddan avvalgi 1 ming yillikda barpo etilgan. U qadimgi madaniyatga ega mayya xalqining nodir merosi.
  Biroq, aytish kerakki, Yunesko mazkur ovoz berish jarayonini qo‘llab-quvvatlash va uning natijalarini tan olishdan voz kechdi. Tashkilot vakillari bu reklama kampaniyasi ekanini ma’lum qilib, aynan Yunesko o‘zi maxsus jamg‘armasi orqali tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish bilan shug‘ullanishini aytdilar. Tashkilot matbuot kotibi Syu Uilyamsning aytishicha, tanlov tamoyillari YuNYeSKO tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi. Yuneskoning ta’kidlashicha, dunyo madaniy merosiga kiritilgan 800 dan ortiq yodgorliklarning bari e’tiborga loyiq.
  Yuneskoning Afg‘oniston madaniy merosi bo‘yicha mutaxassisi Manxart Budda haykalini tiklash uchun Veber Afg‘o­niston hukumati mandatiga ega emasligini, qolaversa, haykalni tiklash uchun uning qoldiqlarini olib tashlash lozimligini, biroq qadimiy yodgorlik parchalarini buzishga ruxsat berilmasligini ma’lum qilgan.
  Tanlov tashkilotchisi Veber esa "Agar siz biror narsani asrab qolmoqchi bo‘lsangiz, uni chindan ham qadrlang”, deya amalga oshirilayotgan ishni ma’lum ma’noda izohladi va amalga oshirilgan ishlar rivojlantirilishini ma’lum qildi. Veber kelgusi safar – 2008-yil 8-avgustda "Tabiatning yetti mo‘’jizasi” e’lon qilinishi va ovoz berish jarayoni boshlanishini e’lon qildi.
  Ehtimol, tanlov tashkilotchilarining qarori ko‘pchilik mamlakatlar, xalqaro tashkilotlarni qoniqtirmagan bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda siyosiy, diniy, iqtisodiy jihatlar bir-biriga muvofiq kelmasligi aniq. Ammo bu insoniyatning o‘z ajdodlari merosini himoya qilishga urinish ramzi sifatida e’tirofga loyiq urinishdir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.