Yetti mo’jiza g’oyasi qanday paydo bo’lgan?
Dunyoning yetti mo’jizasi
haqidagi ma’lumotlar hammani qiziqtirib kelgan. Insoniyat tarixining turli
davrlaridagi madaniyat durdonalari sanalgan va dunyo mo’jizalari deb tan
olingan obidalarni davr nuqtai nazardan ikki guruhga bo’lish mumkin: qadimgi va
hozirgi zamon mo’jizalari. Shunisi e’tiborliki, qadimgi va hozirgi mo’jizalarda
ham aynan yettita obida kiritilgan.
Buning tarixi miloddan avvalgi V
asrdagi qadimgi Yunonistonga borib taqaladi. 7 raqami Yunonistonda ovchilik,
fan, san’at va bashoratlar ma’budi Appolonning muqaddas raqami hisoblangan.
Oyning yettinchi kunida tug’ilgan Quyosh timsoli Appolonning o’qdonida yettita
o’q, ushlab turgan musiqa asbobida yettita sim va boshqalar bo’lgan. Dunyo xalqlarida
ham 7 raqami xosiyatli hisoblanadi. Masalan, kamalakning yetti rangi, oddiy
ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan yetti osmon jismi, yetti olam, yetti iqlim,
yetti aka-uka kabilarni ko’rish mumkin.
Dunyoning yetti mo’jizasi
ro’yxatini birinchi bo’lib yunon tarixchisi Gerodot mil.avv. V asrda tuzgan. U
bu ma’lumotlarni o’zining 9 kitobdan iborat ,,Tarix” asarida yozgan.
Birinchi kitobda Yunoniston va
Bobil, ikkinchi kitobda Misr, uchinchisida Hindiston va Arabiston,
to’rtinchisida skiflar haqida ma’lumot berilgan bo’lsa, qolgan 5 kitob turli
urushlarga bag’ishlangan.Olim o’sha vaqtdagi dunyo mo’jizalariga Bobil
minorasi, Frot daryosida qurilgan ko’prik, Jayum cohasidagi labirint,
Yunonistonning Samos orolidagi uchta obida- tunnelga o’xshash Akveduk, oroldagi
portda qurilgan damba va ma’buda Gera ibodatxonasini kiritgan.
Oradan bir asr o’tgach, miloddan avvalgi IV asrda vizantiyalik olim Filon o’zining "Yetti mo`jizalar haqida" asarida quyidagilarni kiritgan:
1. Faros orolidagi Aleksandriya mayog’i
2. Semiramida (Bobil) bog’lari
3. Galikarnas maqbarasi
4. Misr ehromlari
5. Geliosning Rodos orolidagi haykali
6. Zevsning Olimpdagi haykali
7. Efesdagi Artemida ibodadxonasi
Tarixning turli davrlarida
dunyoning yetti mo’jizasiga Bobil devori, Aleksandriya kutubxonasi, Memnonning
kuylovchi haykali, Afinadagi Akropol, Rimdagi Kolizey, Konstantinopoldagi
(hozirgi Istanbul) Avliyo Sofiya ibodatxonasi kabilar kiritilgan. Mil. avv. IV
asrda yashab o’tgan geograf va tarixchi Lutsiy Ampelliy dunyoning mo’jizalari
qatoriga yetti martadan, 49ta obidani, jumladan, Eron va Iroqdagi neft
konlarini ham kiritgan.
Fransuz filologi va arxeologi
Bernar de Monfokon 1697-yilda Yunonistonga borib, 20yil izlanib 10 jildlik
,,Qadimgi dunyo:izoh va suratlarda” deb nomlangan asar yozadi. U bu kitobida
yetti mo’jizaga quyidagilarni kiritgan:
1. Misrdagi Fiva shahri
2. Bobil devori
3. Galikarnas maqbarasi
4. Nildagi ehromlar
5. Rodosdagi Gelios haykali
6. Rim Kapitoliysi
7. Adrian qabri
Vaqt o’tishi bilan bu
mo’jizalar vayronaga aylangan, bizgacha faqat Misr ehromlari to’liq yetib
kelgan. Shvetsariyalik kinorejissor Bernard Veberning tashabbusi bilan 2007-yil
telefon va internet orqali dunyoning yangi mo’jizalariga so’rov o’tkazildi va
unda 100 milliondan ortiq inson qatnashdi. Ovoz beruvchilarga 77 ta obidadan
7 tasini tanlash sharti qo’yilgan. Ovoz berishni yakunlash marosimi 2007-yil
7-iyulda tugadi ya’ni 07.07.07.
Eng ko’p ovoz olgan hozir ham
mavjud obidalarga:
1. Buyuk Xitoy devori
2. Perudagi qadimgi inklar
shahri Machu-Pikchu
3. Iordaniyadagi tog’ga o’yib
yozilgan Petra
majmuasi
4. Meksikadagi Yukatan ya.o Chichen Itza shahri
5. Rimdagi Kolizey
6. Hindistondagi Toj-Mahal
7. Braziliyaning
Rio-de-Janeyro shahridagi Korkovodu tog’idagi Iso Masihning haykali,
Misr ehromlari bu ro’yxatga
kiritilmadi, lekin tashkilotchilar tomonidan unga yangi dunyoning "faxriy mo’jizasi"’ e’tirofi
berildi.
Normurod LATIPOV
Navoviy davlat pedagogika instituti
tabiiy fanlar fakulteti Geografiya o`qitish metodikasi yo’nalishi
2-A guruh talabasi
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.