Dunyoning sakkizinchi mo`jizasi 

6 654

  Tanzaniya hududlarida qadimiy va shu bilan birga jahondagi eng katta Ngorongoro vulqoni bor. Afrikadagi eng diqqatga sazovor bo’lmish mazkur vulqon "dunyoning sakkizinchi mo`jizasi” sifatida talqin qilinadi.
  Vulqon allaqachon so’ngan bo’lishiga qaramay, bu yerdan hamon sayyohlarning oyog`i uzilmaydi. Bugungi kunda diametri 20 kilometrni tashkil qiluvchi bu vulqon 2 million yil avval uyg`ongan edi. Vulqon faolligi Afrika qitasidagi eng yirik zilzilaga sabab bo’ldi. Bugun  Ngorongoro vulqonining kraterlari atrofini qalin o’rmon qoplagan bo’lib, u yerda turli tuman o’simliklar va hayvonot dunyosini uchratish mumkin. Ngorongoro qo’riqxonasi Tanzaniya shimolida, Keniya bilan chegara yaqinida joylashgan. Qo’riqxona o’rmon, botqoqlik, ko’l, daryo, dasht va savannadan tashkil topgan.
  Olimlarning fikricha, ayni damda mazkur mintaqada 25 ming turdagi o’simlik va hayvonot dunyosi mavjud. Ngorongoro vulqoni atrofiga kamdan kam yomg`ir yog`adi. Biroq shunga qarmay yaqin atrofdagi ko’lning go’zalligidan odamlar bahramand bo’ladi. Ko’l va uning atrofida Afrikadagi barcha jonzotlar, jumladan noyob begemot, zebra, sher, oq va qora karkidonlarni uchratish mumkin. 
   Ngogongoro o’z ichiga bir qator noyob tabiat inshootlarini qamrab olgan. 1951-yilda krater Serengeti milliy bog`ining tarkibiy qismiga aylantirildi. 1959-yilda krater atrofida "Ngorongoro qo’riqxona hududi” nomi ostida milliy bog` yaratildi. Bir vaqtlar Serengeti qo’riqxonasining tarkibiy qismi bo’lgan krater ayni damda «Konservatsiya Ngorongoro» (Ngorongoro Conservation Area) nomi ostida mustaqil diqqatga sazovor maskanga aylangan. Mazkur tropik bog` YuNESKO tomonidan "Insoniyatning Tabiiy merosi” ro’yxatiga kiritilgan. Ya’ni, krater 1979-yilda YuNESKO tomonidan insoniyatning moddiy merosi ro’yxatiga kiritildi va 1981-yilda biosfera qo’riqxonasi deb e’lon qilindi.
   Milliy boqqa kirishdan avval albatta reyndjerlarga uchrab, ro’yxatdan o’tishingiz kerak. Ngorongoro qo’riqxonasiga tosh arka orqali boriladi. Biroq sayyohlarga mashinalardan tushish taqiqlanadi. Chunki, maymunlarning sayyohlarga hujumi tez-tez uchrab turadi. Bu yerda istiqomat qilib kelayotgan Masai qabilasi ham sayyohlarning diqqat e’tiborini tortishi aniq. Chunki, qo’riqxonaning yana bir maqsadi Masai qabilasi urf-odatlari va turmush tarzini saqlab qolishga qaratilgan.
   Olduvay g`orida olib borilgan qazishma ishlari natijasida olimlar bu yer bir vaqtlar insoniyat sivilizatsiyasi beshigi bo’lganini aniqlashdi. Aynan shu yerdan  1,8 million yil avval yashab o’tgan insonning skeleti topilgan. Ayni shu va boshqa noyob topilmalar "Olduvay Goj” muzeyida saqlanmoqda.
   Birinchi jahon urushidan keyin bu yerda istiqomat qiluvchi odamlar majburan boshqa  hududlarga ko’chirildi. 1975-yilda esa mazkur mintaqada qishloq xo’jalik faoliyati bilan shug`ullanish butunlay to’xtatildi.
   Ngorongoro qo’riqxonasiga yilning har qaysi faslida borish mumkin. Apreldan iyun oyiga qadar bu yer yam-yashil bo’lib ketadi. Dekabr oyidan mart oyigacha  Ngorongoro qo’riqxonasiga kelganlar qurg`oqchilikdan jon saqlash maqsadida bo’lgan parranda va darrandalarning migratsiyasi bilan bog`liq "shou”ni kuzatishlari mumkin bo’ladi.
   Ngorongoro qo’riqxonasining yana bir diqqatga sazovor jihati, bu yerda inson va tabiat o’rtasidagi o’zaro kelishuvni kuzatish mumkin. Chorvador masai qabilasi a’zolari ham qurg`oqchilik boshlanishi bilanoq xuddi hayvonlar singari suvga yaqin bo’lgan o’rmon va tog`larga qaytishadi.
   Jahon Tabiiy merosi komissiyasi uchun 2006-yilda e’lon qilingan hisobotda bu yerga yildan yilga sayyohlarning kelishi ko’payib borayotgani, bu o’z navbatida bir qator muammolarga sabab bo’lishi ta’kidlanadi. Bundan tashqari taqiqlarga qaramay, milliy boqqa yaqin atrofda istiqomat qiluvchi aholi xam ko’chib kelmoqda. Bu yerda 60 mingga yaqin cho’pon 350 ming bosh qoramolni boqayotganidan bong urildi. 
       Sharofidin To’laganov
"O`zbekiston" teleradiokanali DUK "Axborot" informatsion eshittirishlar
muharririyati "Xalqaro hayot" guruhi bo`lim mudiri

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.