Yer yuzi tabiatining rivojlanish tarixi 

13 727

Yerning paydo bo‘lishi haqidagi hozirgi zamon nazariyalariga  ko‘ra,  Yer murakkab taraqqiyot bosqichlarini o‘z boshidan kechirgan. So‘nggi  yillardagi  ma’lumotlarda keltirilishicha, Yer  taraqqiyotining  astronomik,  geologik, biologik va antropogen bosqichlarini ajratish mumkin.

Astronomik bosqich 5–4,6 mlrd yillar oralig‘ini o‘z ichiga oladi. Bundan  5  mlrd  yil  oldin  koinotdagi  disksimon  gaz  va  chang  massasining  gravitatsion mexanik quyuqlashuvi oqibatida Quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralar singari Yer ham sharsimon shaklga ega bo‘lgan. Yer tarkib  topib  borayotgan  vaqtda  radioaktiv  elementlarning  parchalanishi  natijasida  ajralib  chiqadigan  issiqlik hisobiga,  uning  ichki  qismi  asta-sekin  qizib,  moddalarning  saralanishiga  olib  kelgan.  Oqibatda  Yerning  turli  qatlamlari hosil bo‘la boshlagan, vulqonlar harakatlanishi kuzatilgan.

Vulqon  va  tektonik  harakatlarning  boshlanish  paytidan  Yerning  geologik bosqichi  boshlangan.  Yer  po‘sti  yuzlab  million  yillar  davomida  doimiy  ravishda  o‘zgarib  turgan,  materiklar  goh  shakllanib,  goh  parchalangan. Materiklar doimiy harakatda bo‘lgan va ba’zida birlashib  yirik materiklarni hosil qilgan. 
 
Yerda  3,8  mlrd  yil  avval  hayot  paydo  bo‘lishi  bilan  Yer  taraqqiyotining biologik bosqichi boshlangan. Yerda dastlabki odamlarning  paydo  bo‘lishi (3–1,5 mln yil) antropogen bosqichni boshlab bergan. 

Yerning geologik taraqqiyot tarixi, uning rivojlanish davrlari va rivojlanish  bosqichlariga ajratish bilan ko‘plab  geologlar  shug‘ullanganlar. Natijada geoxronologiya paydo bo‘lgan.  Geoxronologiya (geologik yilnoma) – yer po‘stidagi tog‘ jinslarining  hosil bo‘lish  ketma-ketligi  va  yoshi  haqidagi ta’limot.  

Geoxronologiya mutlaq va nisbiy  geoxronologiyaga bo‘linadi. Mutlaq  geoxronologiyada Yerning yoshi yillar bilan ifodalanadi. Nisbiy geoxronologiyada esa,  tog‘ jinslarining ketma-ket qatlamlanib joylanishiga asoslaniladi. Bunga  ko‘ra,  ustida  yotgan  qatlam  (cho‘kindi jinslar qatlamlarining dastlabki holati buzilmaganda) ostidagidan yosh bo‘ladi.

Tog‘  jinslarining  yoshini  aniqlashda  paleontologik metod  ham ishlatiladi. Bu  metod hayvon va o‘simliklarning  tog‘  jinslaridagi  toshqotgan qoldiqlarini  o‘rganishga  asoslangan. Har qaysi davr uchun o‘ziga  xos  hayvon  va  o‘simliklarning  toshqotgan qoldiqlari mavjud.

Geologlar  ko‘p  yillik  tadqiqotlar  natijalarini  umumlashtirib,  yer  po‘stida  qat lamlar  yo‘nalishining  umumiy  ketma-ketligini  aniqlaganlar.  Keyinchalik  bu  stratigrafi ya  shkalasi  nomini  oldi.  Stratigrafik  shkala  geoxronologiya  shkalasini  tuzish  uchun  asos  hisoblanadi.

Geoxronologik  shkala  –  geoxronologik  bo‘limlarning  iyerarxiya  (quyi bo‘limlarning yuqori bo‘limlarga  bosqichma-bosqich  bo‘ysinish)  tizimi.  Shkalada  eng  yirik  birlik  supereon  bo‘lib,  ular  2  ta:  tokembriy va fanerozoy. Tokembriy  supereoni xades, arxey (yoki arxeozoy)  va proterozoy eonlariga bo‘lingan, fanerozoy  supereoni esa shu nomdagi  bitta  eondan  iborat.  Eonlar,  o‘z  navbatida,  bir  nechta  eralarni  birlashtiradi. Masalan,  fanerozoy  eoni paleozoy, mezozoy va kaynozoy  eralariga ajratilgan. Eralar davrlarga, davrlar zamonlarga, zamonlar esa  asrlarga  bo‘lingan.  Shkalaning  yuqori  qismi,  ya’ni  fanerozoy  paleontologik metod asosida puxta tuzilgan,  pastki qismi  bo‘lgan tokembriy  toshqotgan qoldiqlarning yaxshi saqlanmaganligi sababli paleontologik  metod  cheklangan  bo‘lib,  natijada  bo‘limlarga  unchalik  mukammal  ajratilmagan.

Stratigrafik va unga moslashgan geoxronologiya shkalasi 1881-yilda  Italiyaning  Bolonya  shahrida  ikkinchi  xalqaro  geologlar  kongressida  tasdiqlangan  va  o‘sha  vaqtdan  boshlab  jahonda  umumiy  hisoblanadi.  O‘tgan vaqt mobaynida paleontologik metodning takomillashishi  natijasida  olingan  yangi  ma’lumotlar  asosida  geoxronologiya  shkalasiga  aniqliklar  kiritilib,  o‘zgartirib  borilmoqda.  Shuning  uchun  turli  yillarda  nashr  etilgan  adabiyotlarda  geoxronologiya jadvalida  keltirilgan  ma’lumotlar mos kelmaslik hollari uchraydi.

Yer geologik taraqqiyotining tokembriy supereoni 4 mlrd  yil davom  etgan. Bu bosqich Yer tarixining sayyora  shaklini olgan  kundan boshlanib,  proterozoy,  arxey  va  xades  eonlarini  qamrab  oladi  va  bundan  541–570 mln yil oldin tugagan. Bu bosqichda tektonik harakatlar, magmatizm hodisalari, Yerni meteoritlar "yomg‘iri toshbo‘ron” qilishi kuchli  ro‘y  bergan.  Atmosfera,  asosan,  azot,  ammiak,  karbonat  angidridi,  suv bug‘lari, metan, vodorod,  inert gazlar, kislotalardan tashkil  topgan.  Ayrim olimlarning fikricha, dastlabki atmosfera kislorodsiz bo‘lgan. Yer  po‘sti  sovigandan  (suvning  qaynash  haroratidan  pastga  tushganidan)  so‘ng  Yer  yuzasining  ma’lum  pastqam  joylarida  kichik  suv  havzalari  (ko‘llar  va  dengizlar)  paydo  bo‘ladi.  Ular  bir-biri  bilan  tutashib  katta  suv  havzalarini hosil  qilgan  va  ular  okean deb  atalgan. Bosqich oxirlarida  tog‘  jinslarining  nurashi  va  eroziya  natijasida  cho‘kindi  jinslar  to‘planishiga  sharoit  yuzaga  kelgan.  Olimlar  litosfera,  atmosfera  va  gidrosferalarning  hosil  bo‘lishida  vulqonlar  asosiy  vazifani  bajargan,  deb hisoblaydilar.

Fanerozoy  Yer  geologik  taraqqiyotidagi  ikkinchi  yirik  supereon   bo‘lib,  davomiyligi  541  mln  yil  va  hozirgacha  davom  etmoqda.  U  oldingi  bosqichdan  tirik  organizmlar  qoldiqlarining  ko‘pligi  bilan yaqqol  ajralib  turadi.  Ushbu  bosqich  bitta  fanerozoy  eoni  va  uchta  era:  paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralarini qamrab oladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.