Yerning ichki tuzilishi va tektonik jarayonlar
Yer po‘sti – Yerning eng yuzada joylashgan qattiq
qobig‘i. Qalinligi o‘rtacha 35–40
km. Moddalarning o‘rtacha
zichligi 2,7 g/sm3, Yer
hajmining 1 % ini, massasining 0,4
% ini tashkil
etadi. Mantiyadan Moxo chegarasi orqali
ajralib turadi. Yer
po‘sti kimyoviy elementlar,
minerallar, tog‘ jinslaridan
iborat. Eng ko‘p
tarqalgan kimyoviy elementlar
kislorod, kremniy, aluminiydir.
Materik va okeanlar tabiiy geografiyasi kursida yer
po‘sti materik va
okean yer po‘stiga
bo‘linadi, deb o‘qigansiz. Endi
esa, ularga qo‘shimcha
holda oraliq va riftogen yer po‘stlari ham ajratilishini
bilib olasiz. Sizga ma’lumki, materik yer po‘sti 3 ta, ya’ni cho‘kindi, granit
va bazalt qatlamlaridan tuzilgan. Bunday qatlamlarni ajratish shartlidir.
Cho‘kindi qatlam eng
yuzada joylashgan bo‘lib, qalinligi 15–20 km
gacha, ohaktosh, qum, gil va
boshqalardan iborat. Granit va bazalt
qatlamlar har birining qalinligi 10–15 kmni tashkil etadi.
Okean yer po‘sti
okean tubiga to‘g‘ri
keladi. Qalinligi 5–10
km bo‘lib, cho‘kindili va
bazaltli qatlamlardan tuzilgan.
Oraliq yer po‘sti o‘rtacha qalinligi 15–30 km, 3 qismdan
iborat: chekka dengiz
soyligi, orollar yoyi
va chuqur cho‘kmalar.
Dengiz soyligi va
chuqur cho‘kmalar ostida
granit qatlami yo‘q,
cho‘kindi va bazalt qatlamlardan iborat. Granit
qatlam faqatgina orollar
yoyida paydo bo‘ladi. Yevrosiyo
materigining sharqiy qirg‘oqlarida, Shimoliy
va Janubiy Amerikaning sharqiy va
g‘arbiy qirg‘oqlarida mavjud.
Riftogen yer po‘sti o‘rta okean tizmalariga to‘g‘ri
keladi. Qalinligi 1,5–2 km
bo‘lib, 2 qatlamli
tuzilgan. Cho‘kindi qatlamning
qalinligi 1–2 km, bazalt qatlam
rift vodiylarida (yer yoriqlarida) asta-sekin nuraydi va unchalik qalin emas.
Mantiya – yer
po‘sti bilan yadro
orasidagi qobiq. Moddalarning
zichligi 5,7 g/sm3,
Yer hajmining 83 % ini,
massasining 68 %
ini tashkil etadi.
Ikki qismdan iborat
bo‘lib, yuqori mantiya 900
km, quyi mantiya esa
2900 km chuqurlikkacha davom
etadi. Harorat 2000°
C, yadro bilan chegarasida esa 3800° C
ga yetadi.
Yadro – Yerning eng
chuqur, ichki qismi. Moddalarning
zichligi 16 g/sm 3
gacha yetadi. Yer
hajmining 16 %
ini, massasining 31% ini tashkil etadi. U ham ikki qismdan iborat
bo‘lib, tashqi yadro 5100 km
chuqurlikkacha, ichki yadro Yer
markazigacha davom etadi.
Harorat 4000° C dan ortiq.
Litosfera –
Yerning qattiq tosh qobig‘i bo‘lib, Yer
po‘sti va yuqori mantiyaning bir
qismini o‘z ichiga oladi hamda astenosfera qatlamigacha davom etib,
qalinligi 150–200 km ni tashkil etadi. Litosfera yaxlit bo‘lmay,
chuqur yer yoriqlari bilan yirik
bo‘laklar – litosfera plitalariga bo‘lingan. Ular astenosfera ustida
yiliga 5–10 sm tezlikda gorizontal yo‘nalishda
siljiydi. Litosfera plitalari 13
ta bo‘lib, ularning nomi, siljish
yo‘nalishlari va tezligi
haqidagi ma’lumotlarni 6-sinf
atlasidagi "Yer po‘stining
tuzilishi” xaritasidan bilib olishingiz mumkin.
Litosfera
plitalari to‘qnashgan joylarda
tez-tez vulqon va
zilzilalar sodir bo‘ladi. Bunday mintaqalar seysmik mintaqalar
deb ataladi. Yer yuzasida ikkita muhim seysmik mintaqa mavjud:
1) Tinch okean "olovli” halqasi; 2) Alp–Himolay seysmik
mintaqasi. Tinch okean "olovli” halqasi Tinch okeani
qirg‘oqlari va unga tutash orollarni qamrab oladi. Alp–Himolay seysmik mintaqasi Atlantika okeani sohillaridan boshlanib,
Pireney yarimoroli, Himolay tog‘lari orqali o‘tib, Tinch okeani sohillarigacha bo‘lgan
hududlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston Alp– Himolay seysmik mintaqasida joylashgan.
Shu sababli mamlakatimizda ayrim yillari
kuchli zilzilalar sodir bo‘lib turadi.
Zilzila – yer
po‘stining ichki qismida ro‘y beradigan uzilish, sinish,
siljish kabi jarayonlar ta’sirida sodir bo‘ladigan silkinishlar. Sabablariga qarab: tektonik, vulqon va o‘pirilish
zilzilalariga bo‘linadi. Zilzila kuchi
10 yoki 12 balli seysmik shkala yordamida aniqlanadi. Respublikamizda 12
balli seysmik shkaladan foydalaniladi.
Vulqonlar – yer po‘stida sodir bo‘ladigan tektonik harakatlar natijasida paydo bo‘lgan
yoriqlar orqali lava, issiq gaz, suv bug‘lari va boshqa jinslar chiqib turishidan hosil bo‘lgan
konussimon qalqonsimon, gumbazsimon tog‘lar va tepalar. Vulqon og‘zi – krater,
tagi – magma o‘chog‘i, mo‘riga o‘xshash
tik o‘rta qismi
– vulqon kanali deb
ataladi. Vulqon krateridan otilib chiqadigan lavaning
harorati 1500° C gacha yetadi. Vulqonlar shartli ravishda so‘ngan va
harakatdagi vulqonlarga bo‘linadi. Hozirgi paytda sayyoramizda 800 dan ortiq
harakatdagi vulqonlar mavjud.
Bundan
tashqari, Yerning ichki kuchlari ta’sirida geyzerlar va issiq buloqlar otilishi,
yer yuzasi bir qismining asta cho‘kishi va boshqa qismining
esa ko‘tarilishi ham
sodir bo‘lib turadi. Geyzerlar va issiq
buloqlar, asosan, vulqonlar tarqalgan mintaqalarda uchraydi.
Ulardan binolarni isitishda
hamda elektr energiyasi olishda foydalaniladi. Bunday ishlar Islandiya, Yaponiya, Italiya, Rossiya va Yangi Zelandiya davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.