Geografiya xonasi: u qanday jihozlanmog`i kerak. 

17 484

Geografiya fani o`qitilishining samaradorligini oshirishda sinf xonalarining jihozlanishi ham muhim o`rin tutadi. Ana shu talab e’tiborga olingani holda Respublika ta’lim markazi tomonidan quyidagi tavsiya ishlab chiqilgan.
1. 5-9-sinf xonalarida (geografiya fani) o`quv jihozlarining joylashishi tartibi:
1.1.O`quv xonasi texnik hujjatlarining moslik sertifikati va sanitariya-gigiyena sertifikati bo`lgan, Davlat me’yorlariga mos maxsus mebellar komplekti bilan jihozlangan bo`lishi shart.
Xonada:
•  o`qituvchi ish joyini tashkil etuvchi;
•  o`quvchi ish joyini tashkil etuvchi;
•  o`quv qurollari va ko`rgazmali qurollarni saqlash imkonini beruvchi;
•  texnika vositalarini saqlovchi mebel va jihozlar bo`lishi lozim.
1.2. Sinf xonasining o`rinlari amaldagi me’yorlarga mos bo`lishi lozim.
1.3. Fan xonasi 1 yoki 3 tabaqali sinf doskasi bilan ta’minlanishi va u sinfning old tomoniga poldan 80 sm. balandlikda o`rnatilishi lozim.
1.4. O`qituvchi uchun ikki tumbali stol o`lchamlari uzunligi kamida 1400 mm., kengligi kamida 700 mm., balanddigi 760 mm., bo`lishi hamda stol sinf doskasidan 1,2 m. uzoqlikda joylashgan bo`lishi lozim.
1.5. 5-9-sinflar uchun 5- va 6-raqamli o`quvchilari stoli (1 ta stol, 2 ta stul) bilan ta’minlanishi lozim. Maktabning geografiya fan xonasida 5-va 6-raqamli o`quvchi stollari ketma-ketlikda 3 qatorda joylashtiriladi. Jumladan, maktabning o`quvchi o`rnidan kelib chiqqan holda old qatorlarda 5-raqamli, keyingi qatorlarda 6-raqamli o`quvchi stollari joylashtiriladi.
1.6. O`quvchilar stolining qator oralig`i 60 sm.dan, o`quvchi stolining ketma-ketlik oralig`i esa 70 sm.dan kam bo`lmasligi lozim. O`quvchilar stollari devordan esa 60 sm. uzoqlikda joylashtiriladi.
1.7. Fan xonasida eng kamida 2 ta javon bo`lishi lozim. Javonlar sinf xonasining orqa tomoniga joylashtiriladi hamda sinfda kiyim ilish uchun javonlar yoki maxsus moslamalar (veshalka) bo`lishi tavsiya etiladi.
1.8. 5-9-sinf uchun ajratilgan sinf xonasi ma’lum bir predmet yo`nalishida belgilangan fan xonasi, jumladan, geografiya fani xonasi hisoblanadi. Belgilangan predmet yo`nalishi bo`yicha sinf xonasi va javonlar jihozlanadi.
1.9. 5-9-sinfga ajratilgan geografiya fan xonasini jihozlash uchun foydalaniladigan jihozlar 2 turga bo`linadi. Bular doimiy va mavsumiy ekspozitsiyalar bo`lib, fan xonasining old tomoniga doimiy ekspozitsiyalar - Dunyoning siyosiy xaritasi (davlat bayroqlari bilan), «O`zbekistan tabiiy xaritasi» yoki «O`zbekistonning siyosiy xaritasi» joylashtiriladi.
 Mavsumiy ekspozitsiyalarga ob-havo kalendari, o`rganilayotgan yirik bob, bo`lim mavzusiga oid xaritalar, fan oyliklari, to`garak ishlari bo`yicha gazetalar kabilar kiritiladi.
 Xonaning deraza oynalari qarama-qarshi tomonida fanning mazmunini ochib beruvchi mavsumiy o`quv ko`rgazmali materiallar, masalan, Navbatchi xarita, Ob-havo kalendari kabi ko`rgazmalar bilan jihozlanishi, sinf xonasining orqa devori mazkur fanning rivojlanishiga hissa qo`shgan yirik olimlar, muttafakkirlar (3-5 ta) portreti va ularning faoliyatiga doir qisqacha tarif (annotatsiyasi) berilgan bo`lishi tavsiya etiladi.
1.10. Fan xonasidagi barcha jihozlarning o`z belgilangan o`rniga joylashtirilishi, saqlanishi, ular samarali foydalanish uchun xizmat qilishi zarur.
1.11.  Umumiy o`rta ta’lim maktabining imkoniyatlaridan kelib chiqib, maktab hududida geografiya maydonchasini tashkil etish tavsiya etiladi. Geografiya maydonchasi fan xonasining tarkibiy qismi hisoblanadi. U yerda amaliy mashg`ulotlar, fenologik ob-havoni kuzatish tajribalarini tashkil etish uchun sharoit yaratiladi.
Geografiya maydonchasida quyidagi jihozlar joylashtirilishi lozim:
1. Devor o`lchagich. 2. Yo`lka. 3. Tuproq namunalari. 4. Tog` jinslari namunalari. 5. Kvadrat metr. 6. Kub metr. 7. Reper. 8. Flyuger. 9. Nefoskop. 10. Meteorologik budka. 11. Yog`in ulchagich. 12. Qor o`lchagich reyka. 13. Astrolyab. 14. Eklimetr. 15. Qutb yulduzi ko`rsatkichi. 16. Gorizontal Quyosh soati. 17. Ekvatorial Quyosh soati. 18. Rumbik azimut halqasi. 19. Gnomon. 20. Mahalliy meridian va parallel. 
21. Qumli yashik. 22. O`quvchilar uchun stol va stullar. 23. Sinf doskasi. 24. O`quvchi stoli.

2.     5-9-sinf fan xonasi mas’ul o`qituvchilariga quyilgan talablar:
2.1 Ta’lim muassasalarining rahbarlari buyrugi bilan geografiya fan xonasi, geografiya o`quv maydonchasi uchun olingan jihozlar va texnikalarning saqlanishi, soz holda tutilishi uchun javobgar shaxslar tayinlanadi.
2.2. Geografiya fani bo`yicha belgilangan me’yoriy hujjatlarga asosan umumta’lim maktabiga (ro`yxatlarda) yetkazib berilgan hamda mavjud jihozlar va asbob-uskunalarni maktabning ichki buyrug`i bilan kirim-chiqim dalolatnomasi asosida qabul qilib boradi.
2.3. Ta’lim muassasasining buyrug`i bilan dalolatnomaga asosan qabul qilib olgan o`qituvchi fan xonasi bo`yicha belgilangan mazkur sinf xonasini geografiya fani nuqtai nazaridan metodik jihatdan tutri jihozlanishi va ularni saqlash hamda samarali foydalanish uchun mas’uldir (1-bandda berilgan talablar asosida).
2.4. Sinf xonasiga ajratilgan barcha mebel va jihozlarni tartib bilan raqamlanishini (inventar raqami) ta’minlaydi.
2.5. Jihozlar nomlari yozilgan ma’lumotlar daftarini tutadi va unga sinf xonadagi barcha jihozlarning nomlarini inventar raqamlari bilan mos holda tartib asosida yozadi hamda shu ro`yxat asosida nazorat olib boradi.
2.6. Fan xonasida quyidagi sinf pasporti asosida mavjud jihozlarning ro`yxatini tuzadi va uning nusxasini sinf xonasi eshigining yon tarafiga yopishtirib qo`yadi.
2.7. Har haftada fan xonasidagi mavjud jihozlarni ko`zdan kechiradi (inventarizatsiyadan o`tkazadi) va nosoz holga kelib qolgan jihozlarning o`rnini to`ldirish hamda ularni ta’mirlash bo`yicha maktabning xo`jalik ishlari bo`yicha direktor o`rinbosariga quyidagi dalolatnoma asosida yozma ravishda ma’lumotnoma taqdim etib boradi.
2.8. Fan o`qituvchisi elektr tokini ishlatishda texnikaviy xavfsizlik qoidalarini, baxtsizlik hodisalarida birinchi tibbiy yordam ko`rsatishni bilishi zarur.

3. 5-9-sinf geografiya fan xonasidagi o`quv jihozlaridan samarali foydalanish va ularning saqlanishiga qo`yilgan talablar:
3.1.Geografiya xonasiga taalluqli bo`lgan fan bo`yicha o`quv reja va dasturga muvofiq mavjud jihozlardan foydalangan holda nazariy va amaliy mashg`ulotlarni tashkil etish.
3.2.Ta’limning axborot texnologiyalari va texnika vositalaridan mashg`ulotlar jarayonida unumli foydalanishni tashkil etish.
3.3.Byudjetdan tashqari mablag` topish maqsadida o`quv jarayonini to`liq ta’minlagan holda mavjud jihozlardan foydalanib, xizmat ko`rsatish (fakultativ, qo`shimcha mashg`ulotlar)ni yo`lga qo`yish choralarini ko`rish.
3.4.Mavjud jihozlardan samarali foydalanish va ularni saqlash holatini ta’lim muassasasining pedagogik kengashida o`quv yilida kamida bir marta atroflicha muhokama qilish va samarali foydalanish bo`yicha berilgan takliflarni inobatga olish.
3.5.Fan xonalari jihozlaridan maqsadli foydalanish va ularning saqlanishini samarali tashkil etish maqsadida maktab va tuman miqyosida sinflararo "Eng yaxshi sinf xonasi" ko`rik-tanlovini tashkil etish.
3.6.Fan xonasiga mas’ul o`qituvchi va o`quvchilarning fan xonasining jihozlanishi va samarali foydalanish bo`yicha faoliyatlari o`rganilib, ijodiy natijalarga erishganlarni rag`batlantirish masalasi ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan yarim yillik va o`quv yili yakuni bo`yicha ko`rib chiqilib, moddiy va ma’naviy rag`batlantirish choralari ko`riladi.
3.7.Mas’uliyatsizlik tufayli xato va kamchiliklarga yo`l qo`yib, mebel va jihozlarning ishlash muddatlarining qisqarishiga, qismlarining ishdan chiqishiga olib kelgan javobgar shaxslarga nisbatan o`rnatilgan tartibda ma’muriy va intizomiy choralar ko`riladi.
3.8.Fan xonasidagi o`qituvchi, o`quvchilar stollari, stullari, shkaflar va boshqa turdagi jihozlarning qirilishi, chizilishi kabi noxush holatlari va uning tozaligi uchun o`qituvchi, o`quvchining ota-onasi, o`quvchi hamda ta’lim muassasasining rahbariyati shaxsan javobgar hisoblanadi.

4. O`quv jihozlariga quyilgan sanitariya-gigiyena talablari:
4.1. Xonadagi o`quv jihozlarining barchasi, ta’limning texnikaviy vositalari va boshqalar mehnat gigiyenasi, sanitariya-gigiyena hamda xavfsizlik texnikasi talablariga javob berishi lozim.
4.2. Xonaning yoritilishi tabiiy va sun’iy yoritilish talablariga mos bo`lishi kerak.
4.3. O`quv binosi oynalari janub, sharq yoki janubi-sharq tomonda bo`lishi kerak.
4.4. Xonadagi yoritilish chap yon tomonlama bo`lishi, ikki tomonlama yoritilganda yorug`lik o`ng tomondan tushishi kerak.
4.5. Sun’iy yoritilish uchun o`quvchining yoshi, ko`rish qobiliyatlarining o`sib borishini e’tiborga olingan holda zamonaviy sun’iy yoritkichlardan foydalanish va ularning joylashtirilishi hamda doimiy ravishda ishlashini ta’minlash kerak.
4.6. O`qituvchi ish joyi yoritilishida sun’iy yoritkichlar bilan yoritilish me’yorlariga amal qilish kerak.
4.7. Xonaning buyoqlari uning joylashishiga qarab iliq yoki salqin tonda nimrang bo`lishi, janubga tomon qaragan xonalar salqin tonlarda, ya’ni och moviy, kulrang, yashil ranglarda bo`yalishi, shimolga tomon joylashgan xonalar iliq tondagi ranglar ya’ni sariq, pushti ranglarda bo`yalishi kerak. Oq-qora, tuq ranglar, jigarrang, ochiq moviy, qora, qizil, malina ranglari tavsiya etilmaydi.
4.8. Sinf pollari zich, yoriqlarsiz, issiqni saqlashga moslangan linolium yoki parket bo`lishi kerak.
4.9. Sinf devorlari tekis, silliq, namlab tozalashga qulay bo`lishi kerak.
4.10. Sinf eshigi va deraza romlari oq rangda bo`lishi kerak.
4.11. Devorlardan yorug`likning qaytish koeffitsiyenti kamida 0,5 - 0,6 shiftda 0,7 - 0,3, pollarda 0,3 - 0,5 bo`lishi kerak.
4.12. Sinf xonasi, laborant xonasining issiqligi, ventilyatsiyasi hisob-kitobi olinishi, xona harorati 18-21° daraja, havo namligi 40-60 foizni tashkil etishi kerak.
4.13. Xonaning elektr toki bilan ta’minlanishi amaldagi talablar asosida bo`lishi kerak.

5. Xavfsizlik texnikasi talablari:
 Fan xonasida o`quv ko`rgazmali qurollari-o`quv asbob-uskunalari, mebellar, moslamalar bilan jihozlangan o`quv bo`limlari, buyumlar, ko`rgazmali qurollarni tayyorlash va ularni ta’mirlash uchun hozirgi zamon materiallaridan foydalanish, ularning o`z vazifasiga ko`ra uzoq xizmat qilishga chidaydigan bo`lishiga erishish lozim.
Quyidagi hollarda xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilish shart:
5.1.Ta’limning axborot kommunikatsion vositalaridan keng ko`lamda foydalanishda;
5.2.Multimedia-elektron o`quv vositalar hamda proyeksion materiallardan foydalanish jarayonida;
5.3.Geografiya fan xonasida proyeksion, multimedia­ elektron o`quv vositalardan foydalanish uchun kamida 3 ta shtepsellik rozetka bo`lishini ta’minlashda;
jumladan:
  • birinchisi — doska yonida;
  • ikkinchisi — doskaga kdrama-kdrshi devorda;
  • uchinchisi — derazalarga qarshi devorda bo`lishida;
5.4. Fan xonasida multimedia-elektron o`quv vositalardan foydalanish uchun keng ekranning joylashtirilishida;
5.5.O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktab, maktab-internat, bolalar uylari, maktabgacha tarbiya va boshqa ta’lim muassasalari uchun chiqarilgan yong`in xavfsizligi qoidalariga amal qilish kerak.
"Maktabda geografiya" jurnalidan olindi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.