O`quvchi kundaligi. Uning yuritilishiga o’qituvchilar va ota-onalar qay darajada e’tibor qaratmoqda? 

11 971

  Maktabda o’quvchilarining kundalik daftarini to’g`ri yuritish ta’lim-tarbiyaning tarkibiy qismi sanaladi.  
  Kundalik o’quvchilar bilim sifati, ko’nikma va malakasini, xulq-atvorini ko’rsatib beruvchi asosiy ko’zgudir. Shuningdek bu daftar maktab bilan ota-ona o’rtasidagi o’zaro hamkorlikda rasmiy aloqani doimiy yo’lga qo’yishda ham asosiy hujjat hisoblanadi. Ma’lumki, maktab va oila hamkorligi bo’lmasa, o’qituvchilar o’z faoliyatini davr talablari darajasida tashkil eta olmaydi.  Bu boradagi amaliy hamkorlikni ta’minlash uchun sinf rahbari, fan o’qituvchisi, o’quvchi, ota-ona kundalik daftarning talab darajasida yuritilishida o’z vazifalarini to’g`ri, o’z vaqtida va sidqidildan bajarishlari shart. Agar ularning birortasi kundalik yuritishga ma`suliyatsizlik bilan qarasa, umumiy maqsadga erishish murakkablashadi. 
  O’quvchi o’quv fanlaridan uyga berilgan  topshiriqni kundalikka o’z vaqtida yozib bormasa, bu uning bilim sifatiga, tarbiyasi va umumiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. O’qituvchi ham o’quvchining hafta davomida qoldirgan dars soatlarini, darsga kelmaganligini ko’rsatmasa, yoki uning xulqiga baho qo’yib, o’zlashtirishi, tirishqoqligi haqidagi ma’lumotlarni qayd etib bormasa, kundalik amaliy ahamiyatga ega bo’lmaydi. Faqat sinf rahbari emas, balki har bir fan o’qituvchisi darsda kundalikka o’z fanidan o’quvchilarning o’zlashtirish darajasini ko’rsatmasa, ularning darsga bo’lgan qiziqishi susayishi mumkin. Ba’zida o’quvchi kundalikni belgilangan qoidalarga muvofiq tarzda o’z vaqtida borsa-da, ayrim o’qituvchilar uni qo’liga nazorat qilmagani va o’quvchilar bilimi, tirishqoqligi va xulqiga qo’yiladigan baholarni o’z vaqtida qo’ymaganining ham guvohi bo’lamiz. Bu esa o’quvchilarda hafsalasizlik, mas’uliyatsizlik, ishonchsizlikni yuzaga keltirib, uning o’qishga qiziqishi va intilishi susayadi hamda kundalik yuritishni o’z holiga tashlab qo’yadi. 
  Shunday o’qituvchilar ham borki, ular o’quvchining bilim darajasi, xulq-atvori to’g`risidagi ma’lumotlarni doimiy ravishda kundalikka qayd etib boradi. Bunday paytda o’z farzandining kelajagi haqida qayg`uradigan ota-onalar kundalik orqali o’qituvchi bilan muloqot olib boradi. 
  Ammo ayrim ota-onalar esa bu narsaga e’tiborsizlik va loqaydlik bilan qaraydi, hatto bolasining kundalik daftarini ochib qaramaganlari ham bo’ladi. Axir, ota-onalar o’qituvchining kundalikdagi ma’lumoti asosida o’z farzandini etarlicha nazorat qilishi, kerak paytda zaruriy tadbirlar belgilab, tarbiyaviy ta’sir ko’rsatishi muhim-ku!
  Shunday vaziyatlarni ham ko’ramizki, fanlarni "3” bahoga o’zlashtirayotgan o’quvchining xulq-atvori, kiyinishi, o’zini tutishi, jamoat ishlaridagi faoliyati va sinfdoshlariga munosabati a’lo darajada bo’ladi. Ba’zi sinf rahbarlari bunday o’quvchining bilim darajasini inobatga olib, bir xil ko’rinishda qoniqarli baho qo’yishadi. Bunday baholash pedagogik jihatdan to’g`ri emas. Bu bilan o’qituvchi o’quvchini o’zidan uzoqlashtirib, bezdirib quyayotganini hisobga olmaydi. Bola o’yinqaroq va sho’x bo’lishi mumkin, uning bu jihati xulqi yomonligini ko’rsatmaydi. Har qanday "yomon” bolaning ham juda yaxshi odamiylik xususiyatlari bor, buni o’qituvchi anglab olishi kerak. 
  Maktab va oilaning asosiy maqsadi o’quvchilardan bilim, ko’nikma va yaxshi axloqiy jihatlarini shakllantirishga va uning umumiy rivojlanishini ta’minlashga yo’naltirilgan. O’qituvchi o’quvchi qanday o’qishidan qat’iy nazar haftada, chorakda, yil davomida uning xulqiga namunali baho qo’yib borishi kerak deb o’ylayman. Zero, bu rag`bat va qo’llab-quvvatlash o’quvchini yanada ruhlantirib, oldinga intilishga, avvalgidan ham yaxshiroq o’qishga undaydi. Bola tirishqoqligiga qo’yilgan baho o’quvchini o’z imkoniyatini ishga solishga, yalqovligi, mas’uliyatsizligini yengib, o’qishini izchil tashkil eta olish singari sifatlarini rivojlantirishga undamog`i lozim. 
  Demak, kundalik yuritishning ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatini ota-ona ham, o’qituvchi ham to’g`ri tushunishi va bolaning o’qishi, tarbiyasi, ma’naviy rivojlanishini kundalik daftar orqali ham ijobiy tomonga yo’naltirish mumkin.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.