Yuklanmoqda...

Yangi yilni ayrim davlatlarda qanday kutishadi?


BOLGARIYA

Bu mamlakatda yangi yilda erkaklar qo'rqinchli niqoblar kiyib, beliga qo'ng'iroqcha osadi. Ustidan echki terisini kiyib karnaval uyushtiradi. Shu yo'l bilan yovuz ruhlarni haydab solishadi.
 
DANIYA

Dekabrning so'nggi kunida daniyaliklar chin dildan xursandchilik qilish, ahmoqgarchiliklarga erk berishni xush ko'rishadi. Yana ularning o'ziga xos yangi yil kutish odati mavjud. Yangi yil kirib, soat millari 00:00 ga bong urgach, siz qaerdadir balandlikda, stol, stul, uy tomimi, farqi yo'q, ishqilib balandlikda turib o'sha yerdan yangi yil bag'riga sakrashingiz kerak. Bundan tashqari, daniyaliklar uchun yangi yil do'stlikni mustahkamlash vaqti hisoblanadi. Shu maqsadda ular yil bo'yi eski chinni idishlarni yig'ishadi va yangi yil kuni do'stlar, qarindoshlar uyi ostonasiga olib kelib sindirishadi.
 
ITALIYA

Italiyada 31-dekabr kuni uydagi eski buyumlar, kiyimlar axlatga tashlanadi. Ularning aytishicha, agar eski yil yakunlanayotgan mahal eski buyumlar tashlab yuborilsa, yangi yilda yangilarini sotib olish nasib etarkan.
 
MIKRONYEZIYA

Bu davlat Okeaniyaning shimoli-g'arbiy qismida joylashgan. Mikroneziyada yashovchilar har yili yangi yil kirish arafasida o'z ismini o'zgartiradi. Endi qarang. Siz Mikroneziyada yashayman deb tasavvur qiling. 2-yanvar kuni ko'chada ketyapsiz-u, do'stlardan yoki tanishlardan birini uchratib qoldingiz. U sizning, siz uning ismini bilmaysizlar. Chunki yangi yil kirish pallasida hamma o'z ismini o'zgartirgan. Shunda noqulaylik tug'ilmasligi uchun ikkovingiz ham bir-biringizning qulog'ingizga sizga yoki unga bundan buyon kim deb murojaat etish zarurligini shivirlab aytasiz. Shu asnoda siz nimanidir nimagadir urgan holda shovqin hosil qilib turishingiz lozim. Shunday qilinsa, yovuz kuchlar sizlarning yangi ismingizni eshita olmay qolarkan.
 
KOT-D’IVUAR

Bu mamlakatda tuxumga qattiq ishonishadi. G'arbiy Afrikaning xuddi shu davlatida tuxum insonlarning hayot mazmuni hisoblanadi. Yangi yil arafasida to'rtoyoqlagan, og'izga tuxum solgan holda poygada ishtirok etishingiz kerak. Kim marraga birinchi bo'lib, yana og'zidagi tuxumga ziyon etkazmay etib kelsa, o'sha g'olib hisoblanadi.
 
PERU

Bu mamlakatda yashovchilar yangi yilda rosmana mushtlashuvlar uyushtiradi. Shu yo'l bilan ular stressni haydab solarkan va mushtlashuv qancha o'tkir va xavfli kechsa, yangi yil shuncha xayrli kecharkan. Mushtlashuvda yoshidan qat'iy nazar har bir odam ishtirok etishi mumkin. Mushtlashuv Takanakuy festivali deb atalib, rasmiy bayram tadbiri hisoblanadi. Shuning uchun ham birov boshqaga jiddiy jarohat etkazsa, yoki undan-da battarroq ko'ngilsizlik kelib chiqsa, politsiya aybdorga nisbatan chora ko'rmaydi.
 
CHILI

Chilida yashovchilar har bir yangi yilni qabristonda qarshi olishadi. Qabristondagi yaqinlari qabri tepasiga kechasi soat 00:00 ga yaqin barcha qarindoshlar yig'ilib, yangi yilni kutib olishadi.
Olimjon Hayitov

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar