FAO qirqqa yaqin mamlakatda ocharchilikka qarshi shoshilinch choralar ko'rishga chaqirdi. 

4 417

Bugungi kunda dunyoning 37 mamlakati, shu jumladan Afrikaning 28 davlati tashqaridan oziq-ovqat ko'rinishidagi yordamga  muhtoj. Bunga o'tgan yildagi El-Nino iqlimiy fenomeni natijasida yuzaga kelgan qurg'oqchilik sabab bo'lgan.

2 mart, payshanba kuni BMTning Rimdagi Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) shtab-kvartirasida taqdim etilgan "Hosil prognozi va oziq-ovqat masalasi" hisobotida shu mavzuda ma`lumot berildi. 

Jahonda oziq-ovqat ta`minotining ko'pligiga qaramay, fuqarolik mojarolaridan jabr ko'ruvchi mintaqalarda bu masala katta muammodir. Qurg'oqchilik esa, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq vaziyatni yanada qiyinlashtiradi. Hujjatlarda ta`kidlanishicha, bu asosan Sharqiy Afrika mamlakatlarida kuzatilmoqda. FAO ekspertlari "Qora qit`a" janubida qishloq xo'jaligidagi ishlab chiqarishning qayta tiklanishini taxmin qilayotgan bo'lishsa-da, davomli fuqarolik nizolari va tartibsizliklar ko'chuvchi va och qoluvchi kishilar sonining oshishiga olib keladi. 

Yaqinda Janubiy Sudanda rasman ocharchilik e`lon qilindi. Shuningdek Nigeriyaning shimoliy qismi, Somali va Yamanda ham oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashga bog'liq vaziyat jiddiy tashvish tug'dirmoqda. 

"Bu misli ko'rilmagan holatdir. Biz avval hech qachon bir vaqtning o'zida bir necha mamlakatda bunday ocharchilik xavfiga duch kelmagandik. Bu holat shoshilinch choralar ko'rilishini talab qiladi", - dedi FAO bosh direktor o'rinbosari Kostas Stamulis.

Janubiy Sudanda hozirda taxminan 100 ming kishi ocharchilikdan jabr ko'rmoqda. Umuman olganda esa, bu mamlakatda 4,9 millionga yaqin fuqaro favqulodda holatdagi ekanligi qayd etilgan. Iyulda ularning soni 5,5 millionga yetishi kutilmoqda. 

Nigeriya shimolida 8,1 million kishi o'tkir qahatchilik sharoitida yashamoqda. 

Yamanda 17 million kishi yoki aholining uchdan ikki qismi oziq-ovqat yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu insonlarning deyarli yarmi shoshilinch yordamga muhtoj. FAO hisobotiga ko'ra, "bu mamlakatda ochlik e`lon qilish xavfi juda yuqori". 

Somalida nizolar, fuqarolik tashvishlari va qurg'oqchilik oziq-ovqatning o'tkir yetishmovchiligini boshidan kechirayotgan kishilar sonining ikki karra ko'payishiga olib keldi. Hozirgi vaqtda ularning soni 2,9 millionni tashkil qilmoqda. 

Bundan tashqari, Afg'oniston, Burundi, Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Iroq, Myanma va Suriyadagi nizo va tartibsizliklar oziq-ovqat bilan bog'liq muammolarni chuqurlashtirmoqda va qochqinlarni qabul qilayotgan qo'shni mamlakatlarga salbiy ta`sir ko'rsatmoqda. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.