L - harfiga oid izohli lug`atlar 

13 056

Lab - daryo, ko`ll, jar va boshqsa suv havzalari sohilining qirg`oq bo`yi qismi.

Lava (lotincha labes – ko`ch­ki) - vulkan krateridan yoki yer po`stidagi yoriqlardan yer yuzasiga oqib chiqib, gazlarining bir qismini yuqotgan magma. Yer yuzasida lava harorati 1000-1200 daraja bo`ladi. Lava qotishidan vulkan tog` jinslari, masalan, bazalt hosil bo`ladi. Lava - vulqonlar og`zidan yoki yer po`stidagi yoriqlardan yer yuzasiga oqib chiqib, gazlarning bir qismini yo`qotgan magma.

Laguna (italyancha laguna, lo­tincha lakus – ko`l) - dengizdan keltirma marzalar orqali ajralgan tabiiy, sayoz suv havzasi. Xalqasimon marjon orollari O`rtasidagi suv havzasi ham lava deb yuritiladi.

Laylak qor - ko`pincha bahorda yog`adigan yirik pag`a-pag`a qor. Havoda ko`tarilma oqim kuchayib, turli haroratdagi havo aralashgan vaqtda yog`adi. Bahorda laylak ke­lishi vaqtida ko`proq yoqqanidan laylak qor deyiladi.

Lakkolit (yunoncha lakkos - chuqurlik va litoye - tosh) - uncha chuqur bo`lmagan yer qatlamlari ora­sida qotib qolgan magmatik jism. Shakli linzasimon yoki gumbazsi­mon bo`ladi, cho`kindi jinslar orasida tomirlar hosil qiladi.

Langar - to`xtash joy, karvonsaroy, qo`noq, manzil. «Aziz-avliyolar» ning mozori, qabri ham langar deyilgan. Joy nomlari shakli­da ko`p uchraydi.

Landshaft - tabiiy komplekslarni umumlashtiruvchi tushuncha: geologik zamini, reylefi, iqlimi, tuproqlari, o`simlik turkumlari, hayvonot dunyosi, gidro­logik rejimining bir xilligi bi­lan ajralib turadigan va tabiiy chegaralarga ega bo`lgan hudud. Landshaftshunoslikda landshaftning uch xil talqini mavjud: 1) regional tushunchada landshaftning yer yuza­sining tabiiy chegaralangan, uncha katta bo`lmagan qismi. Bu fikrni dastlab L.S.Berg taklif etgan. L.S.Berg fikricha, landshaft geografiyaning asosiy birligi, o`rganish ob’­ekti; 2) Landshaft tipologik tushunchalarni umumlashtiruvchi tushuncha. Masalan, tog`-o`rmon qo`ng`ir tuproqlaridagi bo`tazor - siyrak o`rmon­lar landshafti; 3) Landshaft umumiy tushuncha. Masalan, o`rmon landshafti, cho`l landshafti, botqoq land­shafti.

Landshaft arxitekturasi - arxitekturaning bir bo`limi. Landhaft arxitekturasining asosiy vazifasi arxitektura ob’yektlarini tabiiy landshaftga moslashtirishdan iborat.

Landshaft  biotikasi - landshaftning biologik komponentlari (o`simlik va hayvonot dunyosi) kompleksi. Landshaft biotikasini o`rga­nish landshaftlarning biologik mohiyatini ochib beradi.

Landshaft geofizikasi (fizi­kasi) - landshaftshunoslikning landshaftlarni va geografik prosesslarni fizika metodlari yorda­mida o`rganuvchi tarmog`i. Landshaft geofizikasida modda va energiya almashinuvining fizik jihatlariga; geografik qo­biq va landshaftlarning energetikasiga; chunonchi yer yuzasining radiatsiya va issiqlik balansiga, tuproqlarning issiqlik hamda namlik rejimiga katta e’tibor beriladi.

Landshaft geokimyosi (kimyosi) - landshaftshunoslikning bir tarmog`i, landshaftdagi moddalar migratsiyasini o`rganuvchi fan. Landshaft geokimyosida geokimyoning eng muhim g`oyalari va metodlari land­shaftlarni o`rganishda tadbiq qilinadi. XX asrning 40-yillarida tashkil topgan bu yo`nalishning asoschisi - akademik B.B.Polinovdir. Landshaft-geokimyoviy tadqiqotlarda biologik hamda texnogen modda almashinuviga, elementlar klarkiga hamda fizik-kimyoviy jarayonlarga katta e’ti­bor beriladi. Landshaft geokimyoviy mohiyatini ochib be­radi, foydali qazilmalarni qidirib topish, tabiatni muhofaza qilish va tibbiyotda muhim ama­liy ahamiyatga ega.

Landshaft dinamikasi - landshaftdagi oddiy mexanik harakatlardan to strukturasining o`zgarishigacha bo`lgan jarayon hamda o`zgarishlar. Landshaft dinamikasi landshaft­larning rivojlanishiga, ya’ni sifat jihatidan bir holatdan ikkinchi holatga o`tishiga sabab bo`ladi. Landshaft dinamikasining eng muhim belgisi modda va energiya almashinuvidir. Landshaft dinamikasini o`rganishda sutka­lik mavsumiy va ko`p yillik rit­mik o`zgarishlarni hisobga olish katta ahamiyatga ega.

Landshaftlar klassifikatsiyasi - landshaftlarni paydo bo`lishi, strukturasi va boshqa muhim belgilariga ko`ra sistemaga solish, guruhlashtirish. Landshaftlarni klassifikatsiya qilishda ular tur­li taksonomik birliklarga ajratiladi; bular: landshaft tipi, landshaft kichik tipi, landshaft turi. Bir xil guruhga kiruvchi landshaftlar umumiy xu- susiyatlarga ega bo`ladi. Buni hisobga olish esa, ularni o`rganishni osonlashtiradi hamda o`zlashtirishda muhim amaliy ahamiyatga molikdir. Landshaft klassifikatsiyasi tabiiy geografik rayonlashtirish muammosini hal qilishda ham katta rol o`ynaydi.
Landshaft (tabiiy geografik kompleks) modellari - landshaft strukturasini grafik tarzda aks ettiruvchi sxemalar. Landshaft­ning monosistema va polisisema modeli mavjud. 

Landshaftning komponentlararo aloqalari - mo­nosistema modelini, turli katta-kichiklikdagi komplekslararo aloqalari polisistema modelini hosil qiladi.
Landshaft morfologiyasi - landshaftshunoslikning bir tarmog`i. Landshaft morfologiyasi - landshaftlarning ichki tipologik komplekslari (fatsiya, joy va h. k.) ni, ya’ni morfologik birliklarini tadqiq qiladi. Landshaft morfologiyasi land­shaftlar strukturasiga ko`ra mor­fologik birliklar majmuidan iborat deb qaraladi. Landshaft morfologiyasi yirik masshtabli landshaftshunoslik tadqiqotlari olib borishga imkon beradi, shuning uchun ham katta amaliy va nazariy ahamiyatga ega. Akademik V.B.Sochova rahbarligida rivojlantirilayotgan geoto­pologiya ham mazmuniga ko`ra Landshaft morfologiyasiga o`xshash.
Landshaft profili - land­shaftning ma’lum bir yo`nalish bo`yicha o`tkazilgan grafik tasviri. Landshaft profilini tuzishda tanlab olingan gorizontal va vertikal masshtabda barcha tabiiy komponentlar: reylef, geologik tuzilish, tuproqlar, o`simliklar, iqlim elementlari tushiriladi, landshaft komplekslarining chegaralari belgilanadi. Landshaft profili land­shaftning komponentlari va morfologik qismlari strukturasini hamda joylanishini yaqqol aks ettiradi.
Landshaft strukturasi - landshaftlarning tuzilishini, ya’ni komponentlari, kichik komplekslari hamda morfologik qismlari (fatsiya va h. k.) ning o`zaro ichki aloqasini hamda bir butunligini ifodalovchi atama. Landshaftlar strukturasiga ko`ra oddiy va murakkab bo`ladi. Masalan, muz zonasi landshaft­lari oddiy strukturaga ega, tro­pik va subtropik landshaftlar esa murakkab strukturalidir. Mu­rakkab strukturali landshaftlar komponentlarining ko`pligi, ular o`zaro aloqasining kuchliligi hamda landshaft komplekslarining xilma-xilligi bilan ajralib tu­radi.
Landshaft sferasi - geogra­fik qobiqning troposfera, lito­sfera va gidrosfera bevosita tutashgan, nisbatan yupqa markaziy qismi. Landshaft sferasi geografik qobiqning biologik fokusidir. U hozirgi nurash po`stini, tuproq-o`simlik qoplamini, barcha tirik organizmlarni va havoning yerga tutashib turgan pastki qismini o`z ichiga oladi. Landshaft sferasining qalinligi tundrada va arktika sahrolarida 5-10 m dan tropiklarda 100-150 m gacha yetadi. Bu atamani F.N.Milkov tavsiya etgan. Ba’­zi olimlar landshaft sferasini geografik qobiqning sinonimi deb qaraydilar.
Landshaft tiplari - morfo­logik strukturasi va tabiiy geografik sharoitiga ko`ra bir-biriga o`xshash regional y tipologik landshaft komplekslarining umumlashma nomi. Chunonchi, har bir geografik zonada muayyan bir landshaft tipi (tundra, tayga, o`rmonli dasht, dasht, cho`l va h. k.) ustun turadi.
Landshaft hosil qiluvchi omillar - geografik komplekslarning shakllanishida ishtirok etuvchi landshaft komponentlari: iqlim, geologik tuzilishi, relyef, tuproqlar, o`simliklar, hayvonot dunyosi. Landshaft hosil qiluvchi omillar zonal (iqlim, tuproqlar, o`simliklar, hayvonot dunyosi) va azonal (reylef, geologik tuzilishi) bo`ladi. Bundan tashqari, ular litogen (tog` jinslari, reylef shakllari), gidroiqlimiy (suv va havo) hamda biogen (o`simlik va hayvonot dunyosi) omillar deb ham yuritiladi. Har bir komponentning land­shaft xili va tipini shakllantirishdagi roli hamda salmog`ini aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Landshaftlar rekultivatsiyasi, yerlar rekultivatsiyasi - inson faoliyati ta’sirida muvozanati buzilgan yoki ishdan chiqqan tabiiy va antropogen land­shaftlar (chunonchi, qishloq xo`jalik yerlari) ni tiklash, qayta ishga solish yoki ular o`rnida yangi tipdagi landshaftlar bunyod qi­lish. Landshaftlar rekultivatsiyasiga tog`-kon sanoati hududlaridagi terrikonlarni o`zlashtirish, qayta sho`rlangan va botqoq bosgan yerlarni tiklash, sanoat chiqindilari uyumlari o`rnida madaniy landshaftlar yaratish va boshqalar kiradi.
Landshaftlarning vertikal differensiatsiyasi (tabaqalanishi)- tekislik landshaftlarining reylefning past-balandligiga ko`­ra sifat jihatidan o`zgarishi, almashinishi. Masalan, tekisliklardagi qir landshaftlari atrofidagi pasttekislik landshaftlaridan farq qiladi.

Landshaftlarning progressiv elementlari - landshaftning kelgusi rivojlanish yo`lidan darak beruvchi eng dinamik elementlar. Masalan, dasht zonasida orol tarzida kichik-kichik o`rmonlarning pay­do bo`lishi, doimiy muzloqlarning ayrim joylarda erib ketishi, muz­lik reylefi hududlarida erozion reylefning rivojlanishi, o`rmon zonasining ayrim joylarida dasht landshaftlarining paydo bo`lishi va h.k. Landshaftlarning progressiv elementlari landshaftlar rivojini bashorat qilishda muhim ko`rsatkichdir.
Landshaftning yoshi - hozirgi landshaftlar strukturasi shakllana boshlagan vaqt. Masalan, O`rta Osiyodagi tekislik landshaftlari­ning yoshi oligotsen epoxasiga to`g`ri keladi. Chunki, paleogen davrining oxirida - oligotsen epoxasida Turon tekisligi o`rnidagi den­giz chekinib, bu yerda kontinental (quruqlik) landshaftlar shakllana boshlagan.
Landshaftning relikt ele­mentlari - qadimgi landshaft­larning hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan namunalari. Ular hozirgidan boshqacha tabiiy sharoitda paydo bo`lgan, shuning uchun ham hozirgi tabiiy sharoit bilan yetarli uyg`unlikka ega emas. Landshaftning relekt elementlariga cho`llardagi qadimgi daryo vodiylari – o`zbo`ylar, daryo tirsaklarining asosiy o`zandan ajralib qolib ko`lmak hamda botqoqlik landshaftlarini hosil qilishi va h.k. lar kiradi. Ular landshaft­larning rivojlanish tarixini o`rganishda muhim ahamiyatga ega.
Landshaftshunoslik - Yerning landshaft qobig`i va uni tashkil etgan landshaft komplekslarini, bu komplekslarning tuzilishi, geografik joylashishi, rivojla­nishi, xo`jalikda foydalanishini o`rganuvchi fan. Tabiiy geografiyaning bir tarmog`i. Landshaftshunoslik barcha geogra­fik komplekslarni - landshaft qobig`i va geografik mintaqalardan tortib eng kichik komplekslargacha, ya’ni landshaft, joy, urochishegacha bo`lgan komplekslarni o`rganadi. Landshaftshunoslikni faqat landshaftni va uning tarkibiy qismlari bo`lgan joy, urochishe, fatsiyalarni o`rganadigan fandir, deb hisoblovchilar ham bor. Landshaftshunoslikning asosiy tadqiqot metodi bevosita joyda ku­zatish, tabiiy komplekslarni xaritaga tushirish. Landshaftlar ta’rifi miqdoriy va sifat ko`rsatkichlariga asoslanadi. Landshaftshunoslik ta­biiy resurslardan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga yordam beradi. Landshaftshunoslik faniga birinchi bo`lib V.V.Dokuchayev va uning shogirdlari asos solishgan. Ular tuproq zonalarini o`rganib, landshaftlarning zonallik qonuniyatini ishlab chiqishdi. Landshaftshunoslik keyingi yillarda ancha rivojlandi: landshaft, uning tu­zilishi, komponentlari, tarkibiy qismlari, tadqiqot metodlariga bag`ishlangan anchagina ilmiy ishlar nashr qilindi. Mamlakatimiz turli joylarining landshaft xaritalari tuzildi.
Lapilli (lotincha lapillus - tosh parchasi) - vulkan otilganda uchib borayotib qotgan lavaning ki­chik (diametri bir necha sm gacha) parchalari va kraterdan chiqib qotib qolgan vulkan jinslari bo`laklari.
Laterit tuproqlar (lotincha later – g`isht) - sernam tropik o`rmonlar tagida tarkib topgan tuproqlar. Janubiy Amerikada, Mar­kaziy Afrikada, Janubi-Sharqiy Osiyoda va Avstraliyaning shimolida keng maydonlarda tarqalgan. Tarkibida temir ko`pligidan ran­gi ko`proq qizil bo`ladi. Ustki qismida chirindi 4-6%. Laterit tuproqli o`lkalarda sholi, kakao, geveya, kofe va boshqa ekinlar ekiladi.
Latifundiya (lotincha latus - keng va fundus - mulk) - katta yer pomestesi; bunda yer egasi (latifundiyachi) yerni ishlatish uchun ekspluatatsiyaning turli shakllaridan foydalanadi, jumladan, ijaraga beradi va h. k.

Legenda (lotincha legenda – o`qilishi kerak bo`lgan narsa) - xarita mazmunini ochib beradigan barcha shartli belgilar va izohlar. Legenda xaritalarning chetlariga yoki xarita ramkasi ichidagi bo`sh yerga joylashtiriladi. Atlas va ko`p sahifali xaritalarda legenda alohida sahifaga bosiladi yoki broshyu­ra holida ilova qilinadi.
Legirlash (nemischa legiyeren - eritmoq) - metall yoki me­tall qotishmalarining mexanik, fizik, kimyoviy va fizik-kimyoviy xossalarini yaxshilash uchun ularga boshqa metallar (ba’zan, metallmaslar) yoki metall qotishmalari qo`shish. Legirlovchi ele­mentlar (xrom, nikel, mis va b.) odatda, suyuq holatdagi metall yoki metall qotishmalariga qo`shiladi. Legirlash yo`li bilan butunlay yangi xossalarga ega bo`lgan metall qotish malar olinadi. Qattiq jism sirtini ionlar bilan bombardimon qilib, shu jism ichiga tashqi atomlarni kiritish jarayoni ham legirlash deb ataladi.
Lyoss (nemischa) – sarg`ish, may­da zarrali, bo`shoq tog` jinsi. Tarkibida gil mineralardan tashqari, kvars, slyuda, dala shpati, kalsit, temir ikki okidi zarrachalari ham bo`ladi. Lyoss orasida karbonat donachalari uchraydi. Lyosslarning qalinligi bir necha metrdan 400 metrgacha boradi. Lyoss ustida hosil bo`lgan tuproqlar unumdor bo`ladi. Lyoss oqar suv­lar, ko`l, muzlik yotqiziqlaridan, shamol keltirmalaridan vujudga keladi. Lyossda kapillyar naychalar tik joylashganligidan lyossdagi jarlar tik devor hosil qiladi.
Lignit (lotincha lignum – daraxt) – qo`ng`ir ko`mir turlaridan biri. Yog`ochli qoldiqlari aniq ko`rinib turadi. Kukun qo`ngir ko`mirga qaraganda yopishqoq bo`ladi. Issiqlik qobiliyati 5-6 ming kkall. Yoqilg`i, kimyo sanoati uchun xom ashyo bo`ladi.
Liman (yunoncha limen - ga­van, qo`ltiqcha) - 1) qirg`oqlari uncha baland bo`lmagan va qiyaroq, qing`ir-qiyshiq qo`ltiq. Liman dengiz sohilining pasayib, tekisliklardagi daryo, vodiylarning suv bosishidan hosil bo`ladi. Liman maydoni bir necha m.kv dan unlab km.kv ga bo­radi. Azov va Qora dengizning shi­moliy sohillarida limanlar ko`p. 2) Yevropaning qurg`oqchil janubi-sharqiy hududlaridagi sayoz pastliklar. Bahorda limanga qor-muz suvlari to`lib, ko`l­lar hosil qiladi, yozda esa qurib qoladi. Bunday limanlardan o`tloq sifatida foydalaniladi.
Litogen omillar - landshaft hosil bo`lishining geologik-geomorfologik omillari.
Litoral (lotincha litoralis – qirg`oq bo`yi, sohil) - dengiz suvi qaytganda dengiz tubining ochilib qoladigan qismi. Sutkasiga ikki marta suv ostida qoladi va ikki marta suvdan ochiladi. Tubining qiyaligi va suv­ning  ko`tarilishi - qaytishi amplitudasiga qarab litoralning eni bir necha metrdan bir necha kilometrgacha bo`lishi mumkin. Zamini xususiyatlariga qarab balchiqli, qumli, toshli va qoyali litorallar bo`ladi.
Loy - 1) zarrachalari juda may­da (fraksiyasining diametri 0,01 mm dan kichik) mayin tog` jins­lari. Loy tabiiy holatda, suvga bo`kkanda yopishqoq va plastik xususiyatga ega bo`ladi. Suvni yomon o`tkazadi. Kelib chiqishiga ko`ra ikki xil bo`ladi: a) qoldiq loy. Ular jinslarnig nurashidan hosil bo`lib, o`z joyida saqlanib qoladi; b) cho`kindi loy - suv, shamol, muz vositasida boshqa joy­dan keltirib yotqizilgan loy. Loy yotqiziqlari quriganda palaxsa-palaxsa bo`lib yorilib ketadi.
Lot (gollandcha lood) - den­giz, ko`l va boshqa suvlarning chuqurligini o`lchaydigan asbob. Oddiy (dastaki), Mexanik va gidroakus­tik xillari bor. Oddiy lot metrlarga bo`lingan sim (lotlin) uchiga konus (piramida) shaklidagi qo`rg`oshin yoki cho`yan (3,5-5 kg) bog`langan moslamadan iborat bo`lib, 50 m gacha chuqurlikni o`lchashga imkon beradi. Mexanik lot suv­ga botirilgan naychadagi gidrostatik bosimni o`lchashga asoslangan, naychaning bir uchi kavsharlangan, suvga botiriladigan ik­kinchi uchi esa ochiq bo`ladi. Suv juda chuqur bo`lsa, gidroakustik lot bilan o`lchanadi. 
Lub ekinlari, lub tolali ekinlar - lub tolasi uchun o`stiriladigan o`simliklar (zig`ir, nasha, kanop, jut, rami, kandir va b.). MDHda, asosan, zig`ir va kanop ekiladi. Lub ekinlari tolasidan xar xil matolar, kanop, arqon, baliq tutadigan to`rlar, brezent paloq va boshqalar tayyorlanadi. Urug`i tarkibidagi moydan oziq-ovqat uchun va texnika maqsadlarida foydalaniladi. Kunjarasi hayvonlar uchun yaxshi oziq. Poyasidan qurilish plitalari, qog`oz, termo­izolyatsiya materiallari tayyorla­nadi. O`zbekiston va Turkmanis- tonda kanop va jut ekiladi.

Laplandiya - "qorli yer" degan ma`noni bildiradi.  

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.