Ko`llar 

13 546

  Markaziy Osiyo hududida minglab katta va kichik ko‘llar mavjud. O‘zbekistonda ko‘llar asosan tog‘ hududlarida dengiz sathidan 2000-3000 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, hududi 10 km.kv.dan katta bo‘lgan ko‘llar soni 32 ta. Irrigatsion tizimlardan suv tashlash natijasida hosil bo‘lgan ko‘llar ham mavjud bo‘lib, ular sug‘oriluvchi yerlar melioratsiyasi holatiga bog‘liq. 
 XX asrda O‘zbekiston hududida sun’iy ko‘llar - suv omborlari hosil bo‘ldi. Ular oqimni mavsumiy boshqarish vazifasini bajargani bois, irrigatsion suv omborlari hisoblanadi.

OROL DENGIZI
 Orol dengizi – Markaziy Osiyoning shimoli-g‘arbida joylashgan berk suv havzasi, eng katta sho‘r ko‘l. Dengiz o‘rta asrlardan beri  yigirmadan ortiq nom bilan atab kelingan. O‘rta asr arab sayyohlarining asarlarida ham Orol dengiziga doir ma’lumotlar uchraydi. Arab sayyohi va geografi Al - Istaxriy X asrda Orolni «Xorazm ko‘li» deb atagan va Sirdaryoning shu dengizga quyilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
 Orol dengiziga 1960-yillar o‘rtalarigacha Markaziy Osiyodagi ikkita eng katta daryo – Amudaryo va Sirdaryo suvi kelib quyilgan. Keyinroq bu daryolarning suvi keskin kamaygan. 1970-yillar o‘rtalarida Orol dengizining maydoni 57 ming kvadrat kilometr, qirg‘oq chizig‘ining uzunligi 4500 kilometr bo‘lgan. Kattaligi jihatidan dunyoda Kaspiy dengizi, Amerikadagi Yuqori ko‘l va Afrikadagi Viktoriya ko‘lidan keyin to‘rtinchi o‘rinda turgan.
 Qadimgi gekologik davrda ham dengizning suvi goh ko‘payib, goh pasayib turganligi ma’lum.
Ma’muriy jihatdan dengizning janubiy-g‘arbi O‘zbekiston (Qoraqalpog‘iston) Respublikasi, shimoliy-sharqiy qismi Qozog‘iston Respublikasi hududida. Orol dengizida ilgarilari 300 dan ortiq orol bor edi, endilikda ularning ko‘plari quruqlikka qo‘shilib ketdi. Dengiz cho‘l zonasida joylashganligi sababli, dengiz suvining kuchli bug‘lanishi kuzatiladi. 
 
AYDAR-ARNASOY KO‘LLAR TIZIMI
 Arnasoy ko‘llar tizimi Sirdaryoning o‘rta oqimida, Chordaryo suv omboridan janubda, Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan. 1969 - yilda Chordaryo suv omboridan suv tushishi natijasida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hosil bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan ko‘llar tizimini tashkil etuvchi Arnasoy, Aydar, Tuzkon kabi ko‘llar hosil bo‘ldi.
Bu ko‘llar baliq va qushlarning ko‘pgina turi uchun o‘ziga xos rezervat hisoblanadi. Bu yerda qarqara, o‘rdak kabi qushlarni uchratish mumkin. Qushlar migratsiyasi vaqtida Arnasoy ko‘llar tizimining ko‘plab orollarida qush galalari dam olish va oziqlanish uchun to‘xtab o‘tishadi.
 Ramsar Konvensiyasining 10-konferensiyasida (Koreya Respublikasi, Changvon shahri, 2008-yil, 28-oktyabr–4-noyabr) Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi Ramsar ro‘yxatiga qo‘shilganligi e’lon qilindi. Bu mazkur hududda ekologik holatni yaxshilash va saqlashga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish imkonini beradi.
 
DENGIZKO‘L
 Dengizko‘l Buxoro viloyati janubida, Qizilqum cho‘li chekkasida joylashgan. Dengizko‘l gaz konlari bo‘lmish Xauzak, Shodi va Shimoliy Dengizko‘lni o‘zlashtirish natijasida paydo bo‘lgan. Suvi juda sho‘r. Kollektor-drenaj suvlar hisobiga oziqlanadi.
 1973-yilda Dengizko‘l akvatoriyasi suvda va suv yaqinida yashovchi hamda botqoq qushlari: kichik qorabuzov, saqoqush kabi qushlarni muhofaza qilish uchun davlat buyurtmaxonasi, deb e’lon qilindi. Dengizko‘lda 133 xil qushlarni uchratish mumkin.
Ularning ko‘pchiligi shu yerda ko‘payadi va qishlash uchun qoladi. Qishlash uchun qoluvchi qushlar soni 19 277-286 634 atrofida. Buyurtmaxonada yantoq, jizgun, saksovul va boshqa o‘simliklarni uch­ratish mumkin. Ko‘lda zog‘orabaliq, laqqa baliq va so‘zanbaliqlar yashaydi. Dengizko‘lda O‘zbekistonda noyob tur hisoblangan kulrang echkemar, O‘rta Osiyo kobrasi va O‘rta Osiyo toshbaqasi hamda jayronni uchratish mumkin. 
 2001-yilda Dengizko‘l Ramsar Konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
 
TO‘DAKO‘L
 To‘dako‘l Buxoro viloyatida joylashgan. To‘dako‘l drenaj suvlarining tuzli cho‘nqirga quyilishi natijasida hosil bo‘lgan ko‘l hisoblanib, kengligi 30 km gacha boradi. Chuqurligi 5-8 m. Ko‘lning g‘arbiy tomonida to‘g‘on qurilgan, uning pastida maydoni 1000 ga bo‘lgan botqoqlik joylashgan.
 Migratsiya davri va qish faslida To‘dako‘lda ko‘plab suvda va suv yaqinida yashovchi hamda botqoq qushlarini ko‘rish mumkin. Botqoqlikda qushlar in qurib yashaydi.
 
QUYIMOZOR
 Quyimozor ko‘li To‘dako‘ldan 1 km uzoqlikda joylashgan. Quyimozor suvi chuchuk bo‘lib, zarurat tug‘ilganda, cho‘l hududini suv bilan ta’minlash uchun maxsus tashkil etilgan. Hududiy jihatdan unchalik katta emas, lekin juda chuqur. Suv havzasining markazi va shimoliy tomonida baland toshli orollar mavjud bo‘lib, qorabuzov, baliqchi qush va yovvoyi qushlar uchib o‘tish vaqtida shu orollarda to‘xtab, dam oladi.
 Jingalak va pushti saqoqush, vishildoq oqqush, qorabosh baliqchi kabi qushlar bu yerda qishlash uchun qoladi.
 O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining «Davbionazorat» idorasi tomo­nidan To‘dako‘l va Quyimozor suv ombori, Qizilqum cho‘lining janubi-g‘arbiy qismi, Ramsar yangi hududini tashkil etish loyihasi doirasida To‘dako‘l va Quyimozor ko‘llarini Ramsar ro‘yxatiga kiritish haqidagi arizani taqdim etish uchun Ramsar Konvensiyasi kotibiyatiga nominatsiyalar ro‘yxati yuborilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.