Orol tabiiy geografik okrugi 

6 794

  Regional ekologik muammodan global ekologik muammoga aylanib ulgurgan Orol va Orolbo’yi hozirgi kunda ko’plab olimlar va jamoatchilik e’tiborini tortib kelayotgan hududlar sirasiga kiradi. Bunga sabab Orol dengizining suv sathi yil sayin pasayib borayotganligidir. Ma’lumki, Orol va Orolbo’yi muammosi O’rta Osiyoda yangi yerlarning o’zlashtirilishi va suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik oqibatida, sug`orma dehqonchilikni yanada rivojlantirish, buning uchun ko’plab suv omborlari va kanallarning qurilishi, suvning bug`lanishga va yer ostiga shimilishiga sarf bo’lishi, suvdan maishiy va sanoat ko’lamida foydalanish ehtiyojining davomiy o’sib borishi, shuningdek, suv taqchil bo’lgan yillarning muntazam takrorlanib turishi natijasida yuzaga kela boshladi. Bu esa o’z navbatida hudud tabiiy sharoitining o’zgarishiga, nafaqat tabiiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy geografik vaziyatning ham og`irlashishiga olib keldi. Natijada, muammoni u yoki bu tomondan yoritgan ilmiy ishlar paydo bo’ldi. Adabiyotlarni o’rganish va tahlil qilish shuni ko’rsatadiki, Orol muammosini o’rganish, bu yerlarda ro’y berayotgan tabiiy jarayonlarni oldini olish, yangi hosil bo’lgan yerlardan unumli foydalanish uchun yangi tadqiqotlar nihoyatda zarur bo’ladi. Bunday tabiiy geografik tadqiqotlar regional tadqiqotlar sirasiga kiradi.


Hozirda Orol dengizining chekinishi oqibatida uning o’rnida maydoni 5 mln. gektardan ortiq qumli-sho’rxokli hududlarda o’ziga xos yangi landshaftlar shakllandi. Natijada turli taksonomik qiymatlardagi tabiiy geografik komplekslarning ham chegaralari va maydonlari o’zgardi. Shu munosabat bilan O’zbekistonning tekislik qismidagi, ayniqsa, Orol atrofidagi tabiiy geografik rayonlar va okruglarning chegaralarini qayta ko’rib chiqishga va mavjud rayonlashtirish sxemalariga o’zgartirishlar kiritishga to’g`ri keladi. Orol dengizi suvidan bo’shagan hududlarini tabiiy geografik jihatdan o’rganish, bu yerdagi tabiiy geografik va ekologik jarayonlarni tahlil qilish ilmiy va amaliy jihatdan dolzarb hisoblanadi. Geografiya fanlari nomzodlari Sh.S.Zokirov va R.A.Ibragimova hammuallifligida bunday tadqiqotlar natijasi hisoblangan "Orol tabiiy geografik okrugi” nomli monografiya nashr qilindi. Ushbu monografiya O’rta Osiyo, shu jumladan O’zbekiston hududida yangi tabiiy geografik birlikni, ya’ni okrugni va landshaftlar, rayonlarni ajratib, ularga tavsif berishga bag`ishlangan. Kitobga uning mazmunini boyitish va daliliy ma’lumotlar sifatida xizmat qiluvchi xarita, jadvallar va rasmlar kiritilgan. Mualliflar dastavval Orolni tabiiy geografik o’rganish tarixi, Orol va Orolbo’yida ekologik muammolarni kelib chiqishi, buning natijasida tabiiy geografik sharoitdagi o’zgarishlar, ularning hozirgi holati mukammal tahlil qilinib, yoritilgan va e’tiborga sazovor xulosalarga kelingan.


Monografiya O’rta Osiyoning ma’lum tabiiy geografik birligiga, ya’ni Orol okrugiga, bag`ishlanganligi uchun ma’lum tabiiy geografik rayonlashtirish uslubini o’rinli asos qilib olgan va mazkur hudud tabiiy geografik komplekslari maxsus tahlil qilinib, ularni hududning qo’shni delta va qumli cho’l tabiiy geografik komplekslari bilan qiyoslagan, ajratilgan okrugning o’ziga xos xususiyatlariga tavsif berilgan. Shu bilan birga tabiiy geografik komplekslarni shakllanish va rivojlanish omillari va qonuniyatlari yoritib berilgan. Mualliflar ushbu hududning tabiiy geografik sharoitini o’rganish asosida o’ziga xos yangi landshaftlar kelib chiqa boshlaganligini aniqlagan, ularni boshqa hududlar landshaftlaridan vujudga kelishi va rivojlanishi bilan farq qilishligini yoritgan. Orol dengizi o’rnida hosil bo’lgan quruqlikning landshaft-tipologik xaritasi ilk marotaba yaratildi. Unda landshaftlarning barchasi bir sinfga (tekisliklar), bir tur (cho’l) va kichik turga (shimoliy cho’llar), uchta guruhga (avtomorf, gidromorf va yarim gidromorf) va ikkita toifaga (qadimgi va hozirgi dengiz tekisliklar) oidligi aniqlangan. Okrugda 33 ta landshaft xillari ajratilib, ularga batafsil tavsif berilgan. Landshaft tipologik birliklarni tahlil qilish asosida regional birliklar aniqlanib, okrug hududida 7 ta (Qizilqumyoni, Shimoliy Sirdaryo deltayoni, Sharqiy Orolqum, Janubiy Amudaryo deltayoni, Markaziy Orolqum, G`arbiy Orolqum va Ustyurtyoni)  tabiiy geografik rayon ajratilgan. Tabiiy geografik rayonlar strukturasi yaqqol ko’rinib turishi uchun ular landshaft xaritasida aks ettirilgan.


Orol okrugi tabiiy boyliklaridan foydalanishning bir qancha yo’nalishlarini, ya’ni qurigan dengiz tubidan yaylov chorvachiligida, ayrim rayonlardan muhofaza qilinadigan hudud sifatida, turistik maqsadlarda va neft-gaz resurslaridan foydalanishni ajratgan.


O’rta Osiyo tabiiy geografik o’lkasida ko’plab tabiiy geografik tadqiqotlar olib borilgan. Lekin bajarilgan ishlarning birontasida Orol tabiiy geografik birligi okrug sifatida ajratilmagan va unga tabiiy geografik tavsif berilmagan. Shu nuqtai nazardan qaraganda mazkur monografiyaning katta nazariy, metodik va amaliy ahamiyati bor, bu esa regional tabiiy geografiyaning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. 

Mirali MIRAKMALOV,
Xalq ta’limi a’lochisi,
 geografiya fanlari nomzodi,dotsent,
Aziza IBRAIMOVA,
geografiya fanlari nomzodi. 

 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.