Yashash joyim - Ona Vatan! 

5 236

 Muayyan tur yoki hamjamoaning yashashi uchun imkon beruvchi ekologik xususiyatlar yig‘indisiga ega bo‘luvchi, hudud yashash joyi deb qaraladi. Tur yoki hamjamoaning yashash joyi faqatgina o‘simliklar yoki hayvonlar turlari (hamjamoalar)ning tarqalgan joyini emas, balki ushbu hududning sifatini ham belgilab beradi.
 Joyning sifat ko‘rsatkichlari ko‘pgina omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bularga iqlim, dengiz sathidan mutlaq balandlik, dunyo tomonlariga nisbatan joylanishi, Yer yuzasining shakli, nishabliklarning qiyalik burchagi, tog‘ jinslari, tuproqning fizik-kimyoviy, biologik xususiyatlari va boshqalar kiradi.
 Har qanday yashash joyi ma’lum turlar yig‘indisidan tashkil topgan (o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar) hamjamoa hisoblanadi. Hamjamoada o‘simliklar jamoasi maxsus muhit hosil qilish xususiyatiga ham ega. Shunday qilib, tirik organizmlarning yashash joyi bilan tarqalgan muhit o‘rtasida chambarchas aloqa, munosabatlar mavjud.
 Inson shu joyda yashaydi, o‘zini o‘rab turgan joyiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Inson o‘z yashashjoyini obod qilish uchun harakat qiladi, ekin ekadi, yerlarni o‘zlashtiradi, o‘rmonzorlar barpo qiladi. O‘simliklarning yangi navlarini, hayvonlarning yangi zotlarini yaratadi, shaharlar quradi.
 Lekin inson o‘z yashash joyiga aksincha ta’sir ham ko‘rsatdi: o‘rmonzorlarni kesib tashladilar, tuproq eroziyaga uchradi, suv ifloslandi.
 Yerlar turli kimyoviy moddalar bilan zaharlandi, chollanish jarayoni kuchaydi, havoda turli chang, tutun, gazlar, zaharli moddalar ko‘paydi. Shu bilan birga Yer yuzida ko‘pgina o‘simlik va hayvon turlari kamayib, yo‘qolib ketdi.
 Inson butun mehnat faoliyati davomida atrof-muhitga salbiy ta’sir etishining oldini olish hozirgi davrda asosiy muammo bo‘lib turibdi. Buning uchun albatta, har bir joyda mavjud bo‘lgan turlarni hisobga olish, qo‘riqlash, kamayib borayotganlarining sonini tiklash, holatini yaxshilash kabi tadbirlarni amalga oshirish zarurdir.
 Shunday maqsadlarda turli maxsus muhofaza hududlari tashkil etilgan. Bulardan qo‘riqxonalar, buyurtma xonalari, tabiat yodgorliklari va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, Respublikamizda o‘simlik va hayvon turlarini muhofaza qilishda «Qizil kitob» muhim ahamiyatga ega. Bu kitobga Yatanimizdagi noyob turga aylanib borayotgan yoki yo‘qolib ketayotgan o‘simlik va hayvon turlari kiritilgan.
 Aziz foydalanuvchi! Biz o‘zimiz yashayotgan joyimizni, makonimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz, uning har bir giyohini, har bir qarich yerini muhofaza qilishimiz kerak.
 Chunki, biz mana shu yashash joyidagi eng ongli fikrlash, so‘zlash, tabiatni o‘zgartirish qudratiga ega bo‘lgan mavjudot, ya’ni INSONmiz. Shunday ekan, boshqa hamjamoalar hayoti uchun biz javobgarmiz.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.