Ekotizim
Ekotizim - ekologiyada asosiy o‘rin egallovchi birlik
hisoblanadi, chunki unga tirik organizmlar ham, o‘lik tabiat ham kiradi.
Ekotizim to‘g‘risidag‘i tasavvur ancha ilgari paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu atama
birinchi marta 1935-yilda ingliz ekolog-olimi A.Tensli tomonidan taklif
qilingan. Har turga kiruvchi birgalikda yashovchi organizmlar va ularning
yashash shart- sharoitlari ekologik tizim deb hisoblanadi. Yer kurrasida
cho‘llar, o‘rmonlar, o‘tloqzor yoki suv havzalari ekotizimga misol bo‘la oladi.
Hovuzlarda tirik organizmlar (gidrobiontlar) bilan
birgalikda suvning fizik xossalari va kimyoviy tarkibi, hovuz tubining turli
xususiyatlari, suv yuzasiga tushayotgan Quyosh nuri va atmosfera havosi kabilar
ekotizimning tarkibiy qismlari hisoblanadi.
Ekotizim juda keng tushuncha bo‘lib, u tabiiy (o‘rmon,
to‘qay,'cho‘l) hamda sun’iy majmualar (akvarium, paxtazor, issiqxona, kosmik
kema)ga nisbatan ishlatiladi.
Ekotizimda moddalar aylanishi uchun uch guruhga
kiruvchi organizmlar bo‘lishi zarur. Bular yashil
o‘simliklar (produtsentlar), hayvonlar
(konsumentlar) va mikroorganizmlar (redutsentlar)dir.
Shunday qilib, mikroblari bilan bir tomchi suv ham,
o‘rmon ham, gul tuvak ham, fazo kemasi ham, oqova suvlarni tozalash inshooti
ham ekotizimdir.
Ekotizim har qanday o‘zgaruvchi deb qaralib, ma’lum
sharoitda undagi barcha tirik organizmlar o‘zaro bir-birlari bilan hamda
atrof-muhit bilan bog‘lanishda bo‘ladi. Natijadaushbu tizimlar energiya va
modda aylanishini keltirib chiqaradi.
Ekotizim o‘z-o‘zini boshqarish va ushlab turish
xususiyatiga ega. Ekotizmlarni o‘z tuzilishi va vazifalarini tirik omillar
ta’sirida ushlab turish qobiliyati uning barqarorligi deb ataladi.
Inson o‘z manfaatlari yo‘lida ekologik tizimlarni va
alohida populyatsiyalarni boshqarish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazganda, masalan,
yirtqich hayvonlarni yo‘qotayotganda, hayvonlar va o‘simliklarni
ko‘chirayotganda, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni hisobga olishi
zarur. Ekotizimning suv, tuproq va atmosfera havosi kabi tarkibiy qismlariga
insonning hukmronligi kuchayib borishi tabiatni muhofaza qilishgina emas, balki
inson o‘zini ham muhofaza qilish zaruriyatini vujudga keltirdi.
Bu
esa ona tabiatni asrab-avaylashni, uning bir-butunligini saqlash lozimligini
taqozo qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan amalga oshib qolmaydi. Ekologik tizimdagi
barcha tirik organizmlarni tabiiy holatiga zarar yetkazmaslik uchun odamlar,
har bir organizm bilan o‘ta ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari lozim.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.