Fotosintez 

12 105

 O‘simliklarning muhim xususiyatlaridan biri - yashil rangda bo‘lishidir. Ko‘pchilik o‘simliklar (o‘simliklar olamining uchdan ikki qismi) yashil rangga ega. Bu rang maxsus bo‘yovchi xlorofillning bo‘lishi tufaylidir. U xlorofill donachalarida hosil bo‘ladi. Anorganik moddalardan organik modda hosil bo‘lishi uchun yoki to‘planishi uchun o‘simlik quyosh nuri energiyasidan foydalanadi. Shuning uchun ham o‘simliklarda anorganik moddadan hosil bo‘lish jarayoni fotosintez deb ataladi.
  Fotosintez natijasida birlamchi organik modda hosil bo‘ladi. U o‘z navbatida, o‘simlikda o‘zgarishlarga uchrab, turli organik moddalarni hosil qiladi va o‘simlik tanasining tuzilishida.ishtirok etadi. Yerdagi hayotning davom etishi fotosintez jarayoniga bog‘liq.
  Har yili yashil o‘simliklar ko‘p miqdorda organik modda to‘playdi. Bunda taxminan 600 mlrd.t. karbonat angidrid yutilib, atmosferaga 400 mlrd.t. kislorod ajralib chiqadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer sharida har yili fotosintez jarayoni tufayli, 83 mlrd.t. organik modda quruqlikda yashovchi o‘simliklar tomonidan to‘plansa, 30 mlrd.t. esa dengiz va okeanlarda yashovchi o‘simliklar hisobiga to‘g‘ri keladi. Fotosintez mahsulotlarida har yili Quyosh energiyasi hisobiga 5x1022 kkal. energiya to‘planadi. Shunday qilib, fotosintez tufayli:
1. Organik modda hosil qilinadi. Bu moddalar geterotrof organizmlar tomonidan o‘zlashtiriladi va inson undan turli sohalarda foydalanadi.
2.  Ko‘p miqdorda kimyoviy energiya to‘planadi.
3.  Yer yuzidagi ko‘pchilik tirik organizmlar kislorod bilan ta’minlanadi. Karbonat angidrid o‘zlashtiriladi, tabiatda aylanishi va uning atmosferadagi miqdorini muvozanatga solib turiladi va boshqalar.
  Yuqorida aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, fotosintez jarayoni o‘ta muhim jarayon bo‘lib, bunda yashil o‘simliklar asosiy o‘rinni egallaydi. Shunday ekan, tabiatda bu o‘simliklarni ko‘paytirish, yangi-yangi o‘rmonzorlar, ko‘kalamzor maydonlarini tashkil etish lozim. Bu bilan biz tabiatimizni, yerimizni musaffo bo‘lishiga, atmosfera havosida kislorodning ko‘payishiga, tirik organizmlar va odamlar uchun ozuqaning ko‘payishiga erishgan bo‘lamiz. 0‘zimizni loqaydligimiz «menga nima» qabilida ish tutishimizbilan esa ekologik inqirozni yanada yaqinlashtirgan bo‘lamiz.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.