Mingta tepaliklar mamlakati 

2 964

Afrika qit’asi o’ziga xos qit’a. U yerdagi dunyoqarash, reallik sayyoramizning boshqa qismidagi reallikka to’g’ri kelmaydi. Shu uchun ham mana bir yarim asrki G’arbliklar ushbu qit’ani tartibga sola olishmayapti.
 
Markaziy Afrikada go’zal bir mamlakat bor. Hududining aksar qismi turli xil tepaliklardan iborat. Hududi bor yo’g’i 26 000 km.kv. Fransuz tilida bu davlatni erkalab "mingta tepaliklar mamlakati” deb nomlashgan. Keyinchalik, mahalliy tilda ushbu so’z Ruanda deb tarjima qilinib, Ruanda degan mamlakatga asos solingan.

Eski nemis va belgiyaliklarning koloniyasi butun dunyoga ushbu mamlakatdagi 1994-yilgi voqealar bilan mashhur. Tarixan mamlakatda uch xil millat yashaydi, lekin ularning aksar qismi ikkita millatdan, ya’ni tutsi va hutulardan iborat.

XIX asrning ikkinchi yarmida nemislar ushbu hududni egallab olguncha tutsilar va hutular birgalikda yashashgan, o’rtada millat tushinchasi bo’lmagan. Tutsilar alohida millatdan ko’ra ko’proq mamlakat elitasi sifatida e’tibor qozonishgan, mamlakot shoxi tutsilardan bo’lgan. Tutsilar asosan savdo-sotiq, hunarmandchilik bilan shug’ullangan bo’lsa, hutular asosan dehqonchilik bilan shug’ullanishgan. Ularning o’rtasida millat degan tushuncha deyarli bo’lmagan. Masalan, bir hutu boyib, mansab pillapoyalarida ko’tarilib borsa tutsiga aylanishi mumkin bo’lgan.

Lekin, XIX asrning ikkinchi yarmida dastlab nemislar, XX asrda birinchi jahon urushidan keyin belgiyaliklar ushbu hududni egallab olgandan so’ng mamlakatda hamma narsa o’zgardi. Yevropaliklar mamlakatga o’sha vaqtda o’zlarida avj olgan irqlar va millatlarga bo’lish, bir millat ikkinchi millatdan ustunligi haqidagi g’oyalari bilan kirib kelishdi. Nemislar, tutsi va hutularni ikki alohida irq vakillari, butunlay bir-biriga aloqasi yo’q millat sifatida e’tirof etishdi.

Eng muammoli tomoni shundaki, ular bir millatni irqiy tomondan ikkinchi millatdan ustun deb e’lon qilishdi. Ularga alohida hujjatlar taqdim etib, hujjatdagi mahsus muxr bilan ularni tutsi va hutuga bo’lishdi. Tutsilar Hutudan ustun millat deb e’lon qilindi. Rahbariyatga, mas’uliyatli lavozimlarga faqatgina tutsilarni haqli deb e’lon qilishdi va hutularga nisbatan past millat sifatida diskriminatsion tahqirlovchi siyosat olib borildi.

Belgiyaliklar bu ishda yanada o’tib tushishdi: "Tutsilarning bo’yi uzunroq, gavdasini tik tutib yurishadi, ko’pchiligi o’qishni biladi. Ularning terisi hutulardan farq qiladi, biroz oqroq, yuzi yorishib turadi, ulkan etnik madaniyatga ega. Hutular bo’lsa qop-qora rangli, bo’yi kichik, qoloq, qo’pol, qo’lidan dehqonchilikdan boshqa ish kelmaydigan millatdir”- deb yozadi 1923-yilda Belgiyadagi jurnallardan biri.

Belgiyaliklar tomonidan tutsilarni hutularga nisbatan ulug’lash, rahbariyatdagi muhim ishlarni topshirib, asosan ularga ishonch bildirish elliginchi yillarning boshlarigacha davom etdi. Qirqinchi yillarning oxirlarida va elliginchi yillarning boshlarida tutsilar orasida mustaqillik harakatlari boshlandi, tutsilarning elita qismi mamlakat mustaqilligini talab qila boshladi. Bu vaziyatda belgiyaliklar tutsilarni hokimiyatdan chetlashtirib, endi hokimiyatni hutular qo’liga o’tkazishdi.

1950-yillarning oxirida Afrikadagi koloniya davlatlari birin-ketin o’z mustaqilliklarini e’lon qila boshladilar. Mustamlakachi Yevropa davlatlari Afrika davlatlarini tark etishga majbur bo’ldilar. 1959-yili hutular boshchiligida Ruanda davlati mustaqil deb e’lon qilindi. Butun mamlakat boshqaruvi hutularga tegishli deb e’lon qilindi, tutsilar bo’lsa barcha muhim huquqlardan va joylardan mahrum qilindi.

Yevropaliklar tomonidan bir necha o’n yil davomida qonun bilan hutularning oyoq-osti qilinishi, qadri yerga urilishi ularda tutsilarga nisbatan nafratni shakllanishiga sabab bo’ldi. Oltmishinchi yillardayoq bir qator radikallashgan hutular tutsilarni ovlab, qirib boshlashdi. 1967-yilgi voqealarda 12000 tutsi vahshiylarcha qirib tashlandi.

O’ziga nisbatan zo’ravonlik kuchaygan sari tutsilarning aksar qismi mamlakatni tark etib, Uganda va Kongo kabi qo’shni davlatlarda qochqinlikda yashashga majbur bo’lishdi.

Bir necha o’n yil o’tishiga qaramasdan vaziyat o’zgarmadi. Ruanda hududi tutsilarga nisbatan millatparastlar tomonidan adolatsizliklar davom etar, borgan sari ko’proq odamning yostig’i qurib borar, boshqa tomondan qochqinlikdagi bir necha million kishining kelajagi mavxumligicha davom etardi.

Ushbu holatda tutsilar Ruandaga qaytish uchun o’z armiyalarini yaratib, qaytishga tayyorlana boshlashdi. 1991-yili tutsilar Rvanda hududiga bostirib kirishdi va uch yillik fuqarolik urushlariga start berildi. Uch yillik fuqarolik urushidan so’ng mamlakatning o’sha vaqtdagi prezidenti Xabyarimana tutsilar bilan Arusha bitimini tuzishga majbur bo’ldi. Ushbu bitimga ko’ra tutsilarga mamlakatga qaytishga ruxsat berilishi, tutsilarning harbiylari bilan umumiy Rvanda armiyasi tuzilishi kerak edi.

Bitim yuzasidan bir yildan ziyod vaqt davomida muzokaralar olib borib turib, prezident Xabyarimana o’z mamlakatida millatparastlarni qo’llab-quvvatlab, ulardan foydalanishga harakat qildi. Mamlakatning, radikal millatparast qismidan yangi vatanparvar armiya yaratib, tutsilarga qarshi ulardan unumli foydalana boshladi. "Mingta tepalik radiosi”nomli radiokanal yaratib tutsilarga qarshi keng propaganda (targ’ibot) olib borildi. Hutularning qalbida tutsilarga nisbatan nafrat uyg’otish uchun hamma ish qilindi. Masalan, mamlakatdagi hamma muammolar uchun tutsilar ayblandi.

1994-yili 6-aprel kuni xalqaro hamjamiyatning bosimi bilan prezident Xabyarimana Tanzaniya mamlakatidagi sammitda Arusha bitimini imzolashga majbur bo’ldi. U o’sha kuniyoq o’z samalyotida poytaxt Kigaliga qaytmoqchi bo’ldi. Kech tushganda, samalyot Kigali xalqaro aeroportiga qo’nish uchun hozirlanayotgan bir vaqtda raketalar tomonidan urib qulatildi… Shu zahotiyoq mamlakat Bosh vaziri va armiya prezidentning samalyotining portlashiga tutsilarni aybdor deb e’lon qildi, bu tutsilarning hutularga nisbatan urush ochishiga teng edi. Prezidentning o’limi hutu millatparastlarining jonlanishiga sabab bo’ldi.

Oradan 22 yil o’tib shu narsa ma’lum bo’ldiki, tutsilarni prezidentni o’limida ayblash xato bo’lgan ekan. Bir qator fransuz va belgiyalik jurnalist va mutaxassislarning qidiruvlari prezidentning o’limi Arusha bitimiga qarshi bo’lgan hutu armiyasidagi yuqori mansabli qo’mondonlar tomonidan ya’ni o’zimikilar tomonidan amalga oshirilgan degan mulohazaga olib keldi. Ushbu voqeani bemalol bugungi kunda davlat to’ntarishi deb nomlasa bo’ladi.

O’sha kuniyoq "Mingta tepalik radiosi”tomonidan tutsilarga qarshi urush ochish haqida targ’ibot boshlandi. Radiodan doimiy "suvarak”larni qirib tashlash, millatni tozalash, kelgindilarni yo’qatish haqida targ’ibot davom etdi. O’sha kunning o’zidayoq hutu millatparastlari o’zlari davo qilgandek "vatanni kalamushlardan tozalash”ni boshlashdi.

Aholini radikallashuvini bilib yurgan, bir kun kelib tutsilarni qirib tashlanishini orzu qilgan millatparast hutu tadbirkorlari Xitoydan arzon narxda oshpichoqlarni keltirib qo’yishgan, bundoq olib qaraganda hammasi millatparast rahbarlar va elita tomonidan oldindan rejalashtirilgandi. Millatparastlarga oshpichoqlar tekinga tarqatildi va oshpichoqlar yordamida hutular tutsilarni qirib boshlashdi.

Ular hech kimga rahm qilishmadi, na yosh bolaga, na ayollarga, na qariyalarga, hammani nafrat bilan birdek chopa boshlashdi. Tutsi bilan Hutu pasportda maxsus muhr (pechat) bilan ajratib qo’yilgan, kimning pasportida tutsi pechati urilgan bo’lsa vahshiylarcha o’ldirildi, ayollar zo’rlandi, yosh bolalar ularning oldida suyib tashlandi, tutsilarning uylari yoqib yuborildi. Tutsilarni asrashga uringan ba’zi bir hutular, muxolifat fikrga ega hutular ham tutsilar kabi qirib tashlandi.Millatparastlar millatni yo’qatish maqsadida yosh bolalarni ko’proq o’ldirishga harakat qilishar, shu bilan tutsi millatini kelajagini yo’qatishga ishonishardi.

Uch oy davomida turli xil manbaalarga qaraganda 800 000 dan bir milliongacha tutsi qirib tashlandi va yigirmancha asrda yahudiy va armanlar genotsididan so’ng uchinchi eng katta genotsit sodir bo’ldi. Avgust oyiga kelibgina tashqaridagi tutsi armiyasi genotsidni to’xtatishga muvaffaq bo’ldi.

Qo’lida osh pichoq bilan boshqa millat vakilini chopayotgan vahshiylar – bu O’rta asrlardagi qaysidir tarixiy urush haqidagi hikoya emas, bu zamonaviy tarix, kechagina yuz bergan, o’zini ikkinchi millatdan ustun bilgan millatparastlar tomonidan amalga oshirilgan vahshiylikdir.

Ushbu voqealar millatparastlik yoki mahalliyparastlikning oqibatlari qanday ahvolga olib kelishini ko’rsatib berdi. Ma’lum bir hujjat yoki muhr bilan bir mamlakat aholisining bir qismini boshqa qismidan ustun qo’yish, millatni bo’linishga olib kelinishi, millatning ichida turli xil guruhlar o’rtasida nafratning shakllantirilishi o’sha millatning fojeasi bilan tugashini ko’rsatib berdi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.