Buyuk kashfiyotga olib kelgan buyuk xato 

7 678

«Buyuk geografik kashfiyotlar» atamasi haqida. «Buyuk geografik kashfiyotlar» atamasi XV asr oxiri-XVII asr o'rtalarida yevropalik sayyohlar tomonidan amalga oshirilgan yirik geografik kashfiyotlarga nisbatan qo'llaniladi. Geografik kashfiyotlar esa odamlar uchun shu vaqtgacha noma'lum bo'lgan yangi yerlarning qidirib topilishidir. XV asr oxiridan boshlab quyidagi omillar buyuk geografik kashfiyotlarning amalga oshirilishiga sabab bo'ldi.

Birinchidan, XV asr oxiri – XVI asr boshlariga kelib, Yevropada Tovar ishlab chiqarish yuqori sur'atlarda o'sa boshladi. Bu esa xom ashyoga bo'lgan talabni oshirib yubordi.

Ikkinchidan, quruqlikdan va O'rta Yer dengizi orqali o'tadigan savdo yo'llari, shu jumladan, Buyuk Ipak yo'li ustidan nazorat Yevropa mamlakatlarining asosiy raqibi bo'lgan Usmoniylar imperiyasi (Turkiya) qo'liga o'tib ketganligi sababli bu yo'llar yevropalik savdogarlar uchun xavfli bo'lib qoldi.

Binobarin, endi yevropaliklar oldida yangi dengiz savdo yo'llarini ochish tarixiy zaruratga aylandi. Ularda dengiz savdo yo'llarini ochishga imkon beruvchi zamonaviy kemalar va harbiy qurollar ham mavjud edi. Bundan tashqari, dengizda kompasdan foydalanish, astrolyabiya (usturlab) ixtiro qilinganligi, shuningdek, italiyalik olim P.Toskanelli yerning dumaloqligi haqidagi ta'limotdan kelib chiqib, dunyo xaritasini yaratganligi ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bu xaritada Osiyo qit'asi qirg'oqlari Atlantika okeanining g'arbiy sohillarida ekanligi belgilangan edi. Shu tufayli P. Toskanelli Yevropa qirg'oqlaridan G'arb tomonga suzib Hindistonga borish mumkin, deb ishonardi.


Buyuk geografik kashfiyotlarning boshlanishi. Buyuk geografik kashfiyotlarning tashabbuskorlari Portugaliya va Ispaniya dengiz sayyohlari bo'lishdi. Shunday dengiz sayyohlaridan biri, asli Genuyalik, admiral Xristofor Kolumb (1451-1506) edi. U o'z oldiga Atlantika okeani orqali Hindistonga boradigan yo'l
ochishni maqsad qilib qo'ydi.

Nihoyat, X.Kolumb Ispaniya qirollik oilasi bilan Hindistonga yo'l ochish uchun ekspeditsiyani boshlash haqida shartnoma tuzishga muvaffaq bo'ldi.

Shartnomaga ko'ra, qirol ekspeditsiyaning xarajatlarini o'z zimmasiga oldi. X.Kolumb 1492-yilning 6-avgust kuni 3 ta kemada birinchi ekspeditsiyasini boshladi.

Amerikaning kashf etilishi. 1492-yil 12-oktabr kuni X.Kolumb ekspeditsiyasi a'zolari Karib dengizidagi orollardan biriga kelib tushdi. X.Kolumb bu orolni San-Salvador («Muqaddas xaloskor») deb atadi (hozirgi Bagama orollari davlati hududidagi orol). Shu tariqa Hindistonga olib boradigan suv yo'lini ochish maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiya Amerikaning kashf etilishiga sabab bo'ldi. Bu voqea dunyo xaritasini tuzgan XV asr olimlari, xususan, P. Toskanellining xatosi tufayli yuz berdi. Chunki P. Toskanelli yerning ekvator bo'ylab uzunligini aniqlashda 12 ming kilometrga adashgan edi. Keyinchalik olimlar bu xatoni Buyuk kashfiyotga olib kelgan buyuk xato, deb atadilar.

Biroq X.Kolumb 1492-yilda Hindistonga emas,Amerikaga kelib qolganligini anglamadi. U Hindistonga keldim, deb hisoblar edi. Shuning uchun ham X.Kolumb Amerikaning mahalliy aholisini hindular deb atadi. Amerikaga 4 marta ekspeditsiya uyushtirdi. Bu ekspeditsiyalar natijasida ochilgan hududlarda Ispaniya bayrog'i hilpiray boshladi. Shu tariqa bu hududlar Ispaniya mulkiga aylandi. X.Kolumb esa o'sha hududlarning vitse-qiroli etib tayinlandi. Yangi qit'aning Kolumbiya deb emas, Amerika deb atalishi Italiya dengizchisi va astronomi Amerigo Vespuchchi (1454-1512) nomi bilan bog'liq.

U 1499-1501-yillarda portugaliyaliklar ekspeditsiyasi tarkibida Braziliya qirg'oqlarini tekshirdi. Buning natijasida, Kolumb ochgan yerlar Hindiston emas, yangi qit'a, degan xulosaga keldi. U keyinchalik o'zining nomi bilan atalgan qit'aga «Yangi Dunyo» deb nom berdi. 1507-yilda lotaringiyalik xaritashunos olim M.Valdzemuller Kolumb kashf etgan yangi qit'ani Amerigo Vespuchchi sharafiga Amerika deb atashni taklif etdi. Bu nom hammaga ma'qul bo'ldi. 1515-yilda Yangi Dunyo «Amerika» deb atalgan birinchi globus Germaniyada yaratildi. Keyinchalik boshqa xaritalarda ham Kolumb kashf etgan yerlar «Amerika» deb yoziladigan bo'ldi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.