Xristofor Kolumb
Xristofor Kolumb
(1451-1506)
Geografik kashfiyotlar tarixida katta iz qoldirgan shaxs. Mashhur
sayyohlar orasida hayotining turli qirralarini yorituvchi asarlar soni bo`yicha
ham Xristofor Kolumbga teng keladigani kam topiladi. Chunki 1451-yilning
ko`zida Italiya shimolidagi Genuya shahrida tug`ilgan sayyoh hayoti
sir-sinoatlarga boyligi bilan haligacha turli sohalardagi tadqiqotchilar
e’tiborini o`ziga tortib kelmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, jasur sayyoh X.Kolumb 55 yillik umrining to`rtdan
uch qismini dengiz sayohatlarida o`tkazgan. Jumladan, u 1465-yilda dastlab
Genuya flotiga yollangan bo`lsa, 1470-yildan 1485-yilga qadar Portugaliya
flotida xizmat qildi. U, asosan, savdo kemalariga yollanib, bosh vaqtlarida
xaritalar tuzish, tabiiy fanlarga oid bilimini oshirish bilan mashg`ul bo`lardi.
X.Kolumbda Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo`lini topish
haqidagi g`oyaning qachon va qayerda paydo bo`lgani to`g`risida aniq
ma’lumotlar mavjud emas. Ammo sayyohning yozishicha, uning bu loyihasi Yerning
shar shaklida ekanligi haqidagi qadimgi zamon olimlari qoldirgan ma’lumotlar va
XV asrda Yevropada yashagan olimlarning Yer o`lchamlariga doir uncha aniq
bo`lmagan hisob-kitoblariga asoslangan edi.
Dengiz orqali Hindistonga borish yo`lini topish loyihasini amalga
oshirish uchun taqdim etgan so`roviga portugal qirolidan rad javobini olgan X.Kolumb 1485-yilda
Ispaniyaning Kastiliya provinsiyasiga ko`chib o`tdi. Xuddi shu yerda
andalusiyalik savdogar va bankirlar yordamida o`zining birinchi dengiz
ekspeditsiyasini tashkil etishga muvaffaq bo`lgan.
X.Kolumbning birinchi ekspeditsiyasi 1492-1493-yillar
davomida 90 kishidan iborat ekipaj bilan uchta - «Santa-Mariya», «Pinta» va
«Ninya» kemalarida amalga oshirilgan. 1492-yilning avgust oyida ekspeditsiya
Kanar orollaridan g`arbga tomon suzib, Atlantika okeanini kesib o`tdi. X.Kolumb
yo`l-yo`lakay Sargass dengizini kashf etib, 1492-yilning 12-oktyabrida Bagam
arxipelagiga yetib kelgan va unga
San-Salvador, deb nom bergan. Ushbu sana hozirda Amerika kashf etilgan kun
sifatida rasman tan olingan.
Jasur sayyoh 1492-yilning oktyabrida yana bir nechta boshqa Bagam
orollariga tomon suzib, O`sha yilning dekabri boshlarida Kuba qirg`oqlarini
kashf etgan va Gaiti oroligacha yetib borgan. 1493-yilning mart oyida esa
«Ninya» kemasida Ispaniyaga eson-omon qaytib keldi. Uning birinchi
ekspeditsiyasi natijalari Yevropada katta siyosiy shov-shuvlarga sabab bo`lgan.
X.Kolumbning ikkinchi ekspeditsiyasi 1493-1496-yillarda tashkil etilib,
unda 2,5 mingdan ortiq ekipaj bilan 17 ta kema ishtirok etgan. Admiral unvoni
va yangi ochilgan yerlarning vitse-qiroli sifatida sayyoh 1493-yilning noyabr
oyida Dominika, Gvadelupa va 20 dan ortiq Antil orollarini kashf etib,
Puerto-Rikogacha yetib borgan. Kolumb 1494-yilning bahorida oltin topish ilinjida
Gaiti orolining ichki qismlarini o`rgangan va O`sha yili yozda Kubaning janubiy
qirg`oqlari, Xuventud va Yamayka orollarini kashf etgan. 1496-yilning yozida
Kolumb yangi ochilgan orollar to`g`risida juda boy ma’lumotlar bilan yana
Ispaniyaga qaytgan.
X.Kolumbning 1498-1500-yillarda amalga oshirilgan uchinchi
ekspeditsiyasi 6 ta kemadan iborat bo`lib, ulardan uchtasini bevosita
sayyohning o`zi boshlab borgan. 1498-yilning iyul oyi oxirida ekspeditsiya
Trinidad oroli yonidan o`tib, Pariya qo`ltig`iga kirib borgan va Orinoko
daryosining quyilish joyi hamda Pariya yarimorolini kashf etgan. Janubiy
Amerika qirg`oqlari yaqinidagi yana boshqa orollarni ham kashf etgach, Gaiti
oroliga qaytib kelishgan. 1500-yilda esa X. Kolumb Hindistonga borish yo`lini
topa olmaganlikda ayblanib, hibsga olindi va Ispaniyaga jo`natildi. Ammo kashf
etgan yerlarning oltinga boyligi kabi holatlarni hisobga olgan ispan hukumati
keyinchalik uni ozod qilgan.
Hindistonga boradigan dengiz yo`lini topish uchun yana ispan hukumatidan
ruxsat olishga erishgan X.Kolumb 1502-1504-yillar davomida 4 ta kemada o`zining
to`rtinchi ekspeditsiyasini amalga oshirdi. 1502-yilning yozida Martinika
oroli va Gonduras qo`ltiqlarini kashf etdi. Xuddi shu yerda birinchi bo`lib
qadimgi mayya sivilizatsiyasi vakillariga duch kelgan. 1502-yilning avgustidan
1503-yilning may oyiga qadar Markaziy Amerikadagi Karib dengizining 2000 km.dan
ortiq masofadagi qirg`oqlarini tekshirib chiqqan. G`arbga o`tish yo`lini
topmagach, sayyoh shimol tomonga suzdi. Ammo 1503-yilning iyun oyida Yamayka
oroli yaqinida halokatga uchragan. Yordam esa faqat bir yildan so`nggina yetib
kelib, X.Kolumb 1504-yilning noyabr oyida og`ir kasal holida Ispaniyaga
qaytgan.
X.Kolumb Amerigo Vespuchchi tomonidan Amerikani yangi qit`a sifatida
kashf etganiga qadar Hindistonga borganiga ishonar edi. Shuning uchun ham o`zi
kashf etgan yerlardagi tub aholini Hindular deb atagan. Hindular iborasining
hozirgi kunda ham ishlatilishidan xabardorsiz, albatta.
Amerikani kashf
etgan sayyoh sifatida baribir X.Kolumb tan olinsa-da, Shimoliy Amerikaga
birinchi bo`lib borgan yevropalik hisoblanmaydi. Chunki undan bir necha yuz yil
muqaddam Grenlandiyada yashagan vikinglar ushbu materikning shimoliy
qirg`oqlarigacha yetib borishgan. Ammo faqat X.Kolumbning sayohatigina jahon
tarixida olamshumul burilish yasaganini ta’kidlash joiz.
Zamondoshlarining
yozishicha, X.Kolumb o`rta bo`yli, baquvvat va hamsuhbatlarini o`z fikriga
ishontira olish iqtidoriga ega, dono kishi bo`lgan ekan. Sayyohning geografik
kashfiyotlar tarixida qoldirgan merosiga ehtirom ramzi sifatida dunyodagi
ko`pgina tabiiy va ijtimoiy ob’ektlarga uning nomi berilgan. Jumladan, Janubiy
Amerikadagi davlat, Kanadadagi provinsiya, AQShdagi federal okrug va daryo,
Shri-Lanka poytaxti, shuningdek, turli mamlakatlardagi ko`plab daryo, tog`
tizmalari, ko`llar, sharsharalar, shaharlar, parklar va ko`priklar uning nomi
bilan ataladi. Shimoliy va Janubiy Amerikadagi ko`plab shaharlarda haykallari
mavjud. Shuningdek, Isnaniyaning Barselona shahridagi markaziy xiyobonlaridan
biriga, Germaniyaning Bremer-xaven shahrida buyuk dengizchi-sayyohning
haykallari o`rnatilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.