Abel Tasman 

8 985

 Abel Tasman

(1603-1659)
  Abel Yansson Tasman mashhur golland dengizchi-sayyoh, tadqiqotchisi va savdogari. 1642-1644-yillar davomida tashkil etgan dengiz ekspeditsiyalari tufayli dunyo sayyohlari va geograflari tomonidan tan olingan. Abel Tasman yevropaliklardan birinchi bo`lib Yangi Zelandiya, Tonga va Fiji orollariga yetib borgan va bu hududlarning xususiyatlarini tasvirlagan. Tasman tomonidan amalga oshirilgan ekspeditsiyalar natijasida Avstraliyaning yaxlit materik ekanligi isbotlandi. Ushbu materikning g`arbiy qirg`oqlari hozirgi zamon xaritalaridagi ko`rinishga ega bo`ldi.
  Abel Tasman 1603-yilda Gollandiyaning Groningen shahri chekkasida tug`ilgan. 30 yoshga to`lgach, Ost-Indiya kompaniyasi kemasiga ishga yollanib, Malayya arxipelagining ko`pgina orollarini kezib chiqqan. 1636-yilda yana Gollandiyaga qaytib keldi. Ammo vatanida ishlari yurishmagach, 1638-yilda yana Yava oroliga yo`l olgan. Oradan bir yil o`tgach, Bataviyada (hozirgi Indoneziyaning Jakarta shahri) Gollandiya Hindistoni general-gubernatori Van Dimen tomonidan Tinch okeanining shimoliy qismiga uyushtirilgan ekspeditsiyadagi ikki kemadan biriga kapitan etib tayinlangan.
  Abel Tasman ekspeditsiyasining asosiy vazifasi go`yoki «ispanlar kashf qilgan sirli orollarni qidirib topish edi». O`sha paytlarda yevropaliklar orasida bu orollar oltin va kumushga boy, degan mish-mishlar tarqalgandi. Ammo ekspeditsiya Tinch okeani bo`ylab shimolga, Kuril orollariga qadar suzib borib, hech qanday sirli orollarni topmagan. Lekin mazkur sayohat Tasmanning usta dengizchi bo`lib yetishishida muhim rol o`ynagani shubhasiz.
  1642-yilda Van Dimen Avstraliya yoki Janubiy materik bilan Yangi Gvineya tutash yoki tutash emasligini tekshirish maqsadida yana ekspeditsiya tashkil etdi va unga yosh kapitan A.Tasman rahbar etib tayinlandi. Shuningdek, unga Yavadan Yevropaga eng yaqin dengiz yo`lini topish ham topshirilgandi. A.Tasman 1642-yil 14 avgustda yo`lga chiqib, o`sha yilning 5-sentyabrida Mavrikiy oroliga yetib kelgan. 8-oktyabrda ushbu oroldan janubga, so`ng janubi-Sharqka suzgan. 6-noyabrda esa Tasman kemalari 49°4' janubiy kenglikka yetdi. Ammo kuchli buron tufayli undan janubroqqa suzishning iloji bo`lmadi. Shundan keyin sayyoh, 44° janubiy kenglik bo`ylab 150° sharqiy uzunlikkacha, so`ng sharq tomonga 160° sharqiy uzunlikka qadar suzishni rejalashtirgan.
  Shunday qilib, Abel Tasman birinchi bo`lib Avstraliyaning ja­nubiy qirg`oqlaridan ancha uzoqda, o`zidan oldin 1627 yilda shu yerlarni tadqiq qilgan boshqa golland sayyohi P.Neyts yo`nalishidan 8-10° daraja janubroqdan suzib o`tgan. U sharq tomonga 600 milcha suzib, 44°15' janubiy kenglik va 147°3' sharqiy uzunlikda shunday yozgan edi: «...hamma vaqt tulqinlanish janubi-sharqdan kelmoqda va har kuni bir xil yo`nalishda suzib yuruvchi suv o`tlarini ko`rayotgan bo`lsak-da, janubda bu yaqin o`rtada katta yer yo`qligini taxmin qilish mumkin». A.Tasmanning bu xulosasi to`g`ri edi. U suzgan yo`nalishdan janubdagi eng katta yer Antarktida bo`lib, ekspeditsiya suzgan yerlardan ancha uzoqda joylashgandi.
  1642-yilning 24-noyabrida Tas­man ekspeditsiyasi juda baland qirgoqqa duch keldi. Bu hozirgi Tas­maniya orolining janubi-g`arbiy qismi bo`lib, ekspeditsiyada ishtirok etgan geograf J.Uokerning keltirishicha, Makkuori-Harbor qo`ltig`idan shimolroqdagi qoyali qirg`oq edi. A.Tasman esa mazkur yerlarni xaritaga tushirgan va Vandimen yerini Neyts yeri bilan tutashtirgan. Shu tariqa Tasmaniya Avstraliya materigining turtib chiqqan yeriga aylangan va uni XIX asr boshlariga qadar barcha haritalarda shunday tasvirlashgan.
 1642-yil 5-13 dekabr kunlari ekspeditsiya Tasmaniya va Avstraliyani Yangi Zelandiyadan ajratib turuvchi dengizni kesib o`tib, janubiy orolning, keyinchalik Jeyms Kuk Feruell burni deb atagan, shimoli-g`arbiy chekkasiga yetib bordi. Burunni aylanib o`tgan A.Tasman ikkala orolni ajratib turuvchi bo`g`izni (hozirgi Kuk bo`g`izi) kashf etgan.
 1643-yilning 4-yanvarida Tasman Yangi Zelandiyaning eng chekka shimoli-g`arbiy nuqtasiga yetib bordi. Ammo dengizda to`rgan buron sayyohga Shimoliy orolni to`la o`rganish imkonini bermagan. Shuning uchun ham Yangi Zelandiya o`sha zamon xaritalarida Janu­biy materik (Avstraliya)ning bir qismi bo`lib qolavergan. Tasman sayohatidan keyin oradan 127 yil o`tgach, ya’ni 1770-yilda J.Kuk tomonidan bu yerlarning to`liq xaritasi tuzilgan va u Janubiy materikning qismi emas, balki maydoni Buyuk Britaniyaniqidan kattaroq ikkita katta oroldan iborat ekani isbotlandi.
  A.Tasman 1643-yilning 5-yanvarida, hozirgi zamon xaritalari­da ko`rsatiladigan Uch qirol (Tri-Kings) orollarini kashf etib, shimoli-sharqqa yo`l olgan. O`sha yilning 19-yanvarida uning kemalari Tonga arxipelagiga yetib borib, uning asosiy uch oroli - Tongatabu, Eua, Namukuni kashf etgan va ularga Amsterdam, Middelburg va Rotterdam, deb nom bergan. Ammo Tasman qo`ygan bu nomlar keyinchalik unutilib, ular yana avvalgi nomlari bilan atala boshlangan.
 Tonga orollaridan shimoli-g`arbga yo`l olgan A.Tasman, 1643-yil 6-fevralda Fiji orollarini kashf etdi. So`ng sayyoh shimoli-g`arbga suzib, Banks va Santa-Krus orollari sharqidan o`tgach, 22-martda katta atollga yetib bordi va unga Ontong-Yava deb nom berdi. Keyin Tasman Yangi Gvineya va Molukk orollari orqali Yava oroliga va 1643-yilning 14-iyunida Bataviya (Jakarta)ga qaytib kelgan.
 Taniqli tarixchi va geograf J.Beyker Tasmanning ushbu sayohatini «qoyil qolarli darajadagi muvaffaqiyatsizlik», deb baholagan edi. Chunki ekspeditsiya suzgan yo`nalish juda katta radiusga ega bo`lib, Avstraliya, Tasmaniya va Yangi Gvineyani o`ziga qamrab olgandi. Shu bois, Tasman sayohati natijasida ochilgan yerlarning alohida yoki yaxlit bitta yer ekanligi haqidagi ba’zi savollarga javob topilmagan.
 Lekin kashf etilgan orollar, burunlar va dengiz qo`ltiqlarining soniga ko`ra, Abel Tasmanning bu ikki yillik ekspeditsiyasi XVII asrdagi eng mahsuldor sayohatlardan hisoblanadi. Tasman 40° janu­biy kenglikdagi Hind va Tinch okeanlari o`rtasida barqaror g`arbiy shamollar esuvchi yangi dengiz yo`lini kashf etgan. Shuningdek, sayyoh Avstraliya janubini yuvib turuvchi okeanning katta kenglikka ega ekanini qayd etgan.
  Sayyohning zamondoshlari uning bu kashfiyotlariga unchalik e’tibor qilmagan bo`lishsa-da, Avstraliya qirg`oqlarini to`liq tekshirgan ingliz sayyohi Jeyms Kuk ularga yuqori baho bergan. Kukning fikricha, uning «birinchi va ikkinchi dengiz sayohatlari muvaffaqiyati Abel Tasmanning qoldirgan ma’lumotlari bilan bevosita bog`liq».
 Keyp-York yarimorolining Yangi Gvineyaga tutash yoki tutash emasligini tekshirish uchun Tasman 1644-yilda uncha katta bo`lmagan uchta kemada sayohatga chiqqan. Ekspeditsiya Keyp-York yarimorolining g`arbiy qirg`oqlaridan o`tib, Karpentariya qo`ltig`ining janubiy qirg`oqlari bo`ylab suzgan. Bir qator kichik orollarni kashf etib, Avstraliyaning hali o`rganilmagan shimoli-g`arbiy qirg`oqlarini 21° janubiy kenglikka qadar tekshirdilar. Sayyoh birinchi bo`lib Avs­traliyaning qirg`oq chizigi shimoli-g`arbiy burundan Karpentariya qo`ltigiga qadar uzluksiz ekanini isbotladi.
 Abel Tasmanning ushbu sayohat­lari geografik kashfiyotlar nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega bo`lsa-da, o`zi xizmat qilgan Ost-Indiya kompaniyasi umidlarini oqlamagan. Chunki sayohatlar davomida hech qanday moddiy boyliklar, oltin yoki kumush topilmagan. Sayyoh ishsiz qoldi. Faqat 1651-yilga kelib uning barcha huquqlari qayta tiklangan. Ammo u dengiz kompaniyasida xizmat       qilish dan voz kechib, umrining oxiriga qadar savdo-sotiq bilan shug`ullangan.
 Dunyo geografik kashfiyotlari tarixiga qo`shgan hissasiga ehtirom sifatida Avstraliyaning   janubiy qirg`oqlaridagi Tasmaniya oroli, Tinch okeanidagi Avstraliya va Yangi Zelandiya oraligidagi dengiz va undagi botiq, Tasmaniyaning ma’muriy markazi Xobart shahridagi 1,3 km uzunlikdagi ko`prik, Tasmaniya orolidagi ma­gistral yo`l, Yangi Zelandiyadagi milliy bog` va o`sha yerdagi osma ko`prik, tog` cho`qqisi, ko`l, qo`ltiq va ma’muriy birlik uning nomi bilan atalgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.